«Yashasin Surxondaryoning qonunbuzar hokimi, prokurori, IIBsi va sudi!» — deputat xolis tekshiruv talab qilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev tovlamachilikda ayblanayotgan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyning qamoqqa olinishi bo‘yicha xolis tekshiruv o‘tkazilishini talab qilmoqda.
Deputat o‘zining avvalgi postida Surxondaryoda hokimlarni tanqid qilib kelgan bloger Otabek Sattoriyning bozorda videoga olayotgan paytda ma’muriyatdagilar tomonidan telefoni sindirilgan va shu telefoni uchun yangisini olayotganda unga tovlamachilik aybi ilingani haqida xabar qoldirgandi.
«Bloger, faol fuqaro Otabek Sattoriyga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llash maqsadidagi sud majlisi YoPIQ o‘tkazilgan va hech bir ikkilanishsiz jamoatchilik faoliga nisbatan sud tomonidan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Yashasin Surxondaryoning qonunbuzar hokimi, prokurori, IIBsi va sudi! Bu dunyo qaytar dunyo...
Bosh prokuraturadan sun’iy uyushtirilayotgan jinoyat ishining barcha ishtirokchilariga nisbatan ochiq oshkora, jamoatchilikni xabardor qilgan holda xolis tekshiruv o‘tkazilishini talab qilamiz!» — deb yozadi Rasul Kusherbayev.
Mazkur voqeaga blogerlar ham keskin munosabatni bildirishmoqda.
«Prokuratura, IIV nega jim? Ular qonunlar bo‘yicha ish yuritishadimi? Yoki hokimlar buyruqlari bo‘yichami?
Bosh prokuratura va IIVdan rasmiy izoh kutamiz. Agar qo‘rqmay, yurak yutib haqiqatni gapirolmasanglar, eplolmagan ishinglarda nega ishlaysizlar?!» – deb yozadi huquqshunos va bloger Bahodir Ahmedov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Otabek Sattoriy o‘zining uyi oldida maxsus kimyoviy ishlov berilgan bir dona telefon apparatini olgan vaqtida IIB xodimlari tomonidan tovlamachilikda ayblanib ushlangani haqida IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bergandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter