Departament bo‘limi boshlig‘i ustiga mashina haydagan brakonerga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Davlat xizmatchisi faoliyatiga qarshilik ko‘rsatib, unga tan jarohati yetkazgan brakonerga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi resurslardan foydalanish sohasida iqtisodiy huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan Tabiat resurslari vazirligining Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda «Arnasoy» kanali bo‘yida tungi vaqtda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Arnasoy tumanida yashovchi K.S. va boshqalar elektr qarmoqlaridan foydalangan holda noqonuniy baliq ovlayotganliklari aniqlangan.
Ushbu tadbir davomida, K.S. xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarning qonuniy talablarini bajarmasdan, ularga faol qarshilik ko‘rsatib, noqonuniy ovlagan baliqlari va boshqa ashyoviy dalillarni yo‘q qilish maqsadida o‘zining «Nexia 3» rusumli avtotransport vositasini Departament bo‘lim boshlig‘i P.O.ning ustiga haydab, uning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirish orqali tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan Forish tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter