Denovda IIB xodimlari fuqaroni majburiy olib ketganiga izoh berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda «Denov shahri nachalnik militsiyani ustidan yozgani uchun olib ketilgani aytilmoqda» sarlavhasi ostida videolavha tarqaldi. Surxondaryo viloyati IIB holat bo‘yicha ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, Denov shahar «O‘zbekiston» ko‘chasida yashovchi fuqaro I.A. 2019-yilning noyabr oyida o‘ziga tegishli bo‘lmagan «Namuna» mahallasida joylashgan 4 sotix yer maydonini aldov yo‘li bilan fuqaro A.A.ga 45.000.000 so‘mga sotib, pullarini o‘zlashtirib, so‘ngra o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, ushbu yer maydonini 2020-yilning iyun oyida fuqaro V.X.ga ham 49.000.000 so‘mga sotgan.
Ushbu harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi «b» bandida ko‘rsatilgan firibgarlik jinoyatni qasddan sodir etish alomatlari yuzasidan, I.A.ga nisbatan Surxondaryo viloyati IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilgan.
«Gumon qilinuvchi I.A. bir necha marotaba rasmiy ravishda tergovga chaqirtirilib, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarishdan bosh tortganligi sababli, viloyat IIB Tergov boshqarmasining joriy yil 24-dekabrdagi «Majburiy keltirish» qaroriga asosan, gumonlanuvchi I.A. Denov tumani ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan majburiy tartibda tergovga olib kelinishi ta’minlangan.
Videoyozuvda aynan shu holat tasvirlangan.
Shuningdek, hozirda, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy harakatlariga to‘sqinlik qilib, ularni xizmat vazifalarini bajarishlari bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarmaslikka omma oldida da’vatlar qilgan hamda xodimlarni obro‘sizlantirishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirgan fuqarolarni aniqlash va qonuniy chora ko‘rish ishlari amalga oshirilmoqda», deyiladi IIB xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter