Chustda bolalarga nima bo‘ldi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Chust tumanidagi bog‘chalar bolalari ommaviy zaharlangani va tuman tibbiyot birlashmasiga yuzga yaqin bola olib kelingani haqida xabarlar tarqaldi.
Holat yuzasidan Namangan viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati ma’lumot berdi, deb xabar bermoqda «Xabar.uz» muxbiri.
Qayd etilishicha, haqiqatdan ham o‘tgan kunning ikkinchi yarmida Chust tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 23-sonli DMTTning ayrim tarbiyalanuvchilari orasida tana haroratining ko‘tarilishi, qusish, qorin og‘rig‘i alomatlari kuzatilgan.
Bo‘lim mutasaddilari voqea joyiga yetib borishgan va dastlabki shikoyat bo‘yicha 5 nafar bola shifoxonaga olib kelingan. Keyinchalik shikoyat qiluvchilar soni ortib borgan.
Shunga ko‘ra, 23-MTT dan 35 nafar, 51-MTT dan 20 nafar, 18-MTT dan 5 nafar, 36-MTT dan 3 nafar, 7- o‘rta talim maktabidan 1 nafar, 43-MTT dan 1 nafar, 21-o‘rta talim maktabidan 1 nafar, 30-MTT 2 nafar 35-MTT dan 1 nafar 34-MTT dan 1 nafar, oilaviy MTT dan 1 nafar jami, 71 nafar bolaning sog‘ligidan shikoyatlar qayd etilgan va ular tezkorlik bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar, xususan, tez tibbiy yordam tufayli bolalarning 9 nafari sog‘lomlashtirilib, yashash uyiga qaytarilgan.
«Qolgan bolalarning ham ahvoli mo‘’tadil, ular shifokorlar nazoratiga olingan. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, shifoxonaga yotqizilgan bolarning hech birida reanimatsion, ya’ni og‘ir holat yo‘q. Voqeaning kelib chiqish tafsilotlari tegishli mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda. Bu haqda qo‘shimcha axborot beriladi», deyiladi xabarda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi holat yuzasidan hali rasmiy ma’lumot bergani yo‘q. Bolalarning nimadan zaharlangani bo‘yicha ham tasdiqlangan ma’lumot mavjud emas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter