Chaqaloqlar orasida xavfli virus tarqaldi, qurbonlar bor
JSST Yevropaning olti davlati — Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Fransiya, Xorvatiya va Shvetsiyadan yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda ekxovirus-11 (E-11) bilan kasallanish holatlari ko‘payayotgani bo‘yicha ma’lumot berdi.
Xususan, Fransiya sog‘liqni saqlash vazirligi shu yil may oyida mazkur infeksiya tufayli go‘daklar o‘rtasida sepsisning og‘ir shakllari ortganini ma’lum qilgan.
Oqibatda bu yerda yetti nafar go‘dak hayotdan ko‘z yumdi, yana ikki nafarining ahvoli og‘ir. Iyun oyidan boshlab esa Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham infeksiyaga chalinish holatlari qayd etilgan.
Tahlillarga ko‘ra, 2016-yildan 2021-yilgacha dunyo bo‘yicha chaqaloqlar o‘rtasida E-11 ni yuqtirish ko‘rsatkichi boshqa yuqumli kasalliklarga qiyoslaganda 6,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, o‘tgan yili bu raqamlar 55 foizgacha ko‘tarilgan.
JSST garchi bu holatni aholi salomatligi uchun global xavf, deb baholamagan bo‘lsa-da, shifokorlarni tekshiruv qamrovini oshirishga va ehtiyotkorlikka chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, ekxovirus — turli yuqumli xastaliklarni keltirib chiqaruvchi, o‘zida ribonuklein kislotalar saqlovchi enteroviruslar (ichak viruslari) guruhiga mansub.
U ichak, markaziy nerv tizimi, yurak va boshqa a’zolarning zararlanishi bilan kechadigan turli kasalliklarga sabab bo‘ladi. Enteroviruslar tashqi muhitda uzoq vaqt yashash qobiliyatini saqlaydi, kislotaga chidamli.
Odatda xastalik yengil shaklda davom etadi. Ammo yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda infeksiya o‘tkir virusli gepatit, sepsis, meningit va qon ketishining buzilishi kabi kasallik va og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter