Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda shifokor kaltaklandi (video)

Buxoroda shifokor kaltaklandi (video)

Skrinshot

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Spark» avtomashinasi haydovchisi «Cobalt» avtomashinasini turgan joyida orqasidan kelib, zarb bilan qayta-qayta urib, so‘ngra haydovchi mashinadan tushib «Endi bularga ko‘rsataman» deya kimgadir tahdid qilayotgan holati aks etgan videolavha muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu voqea Jondor tuman tibbiyot birlashmasi hududida sodir bo‘lgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi mahkur holatni o‘rganib, quyidagilarni ma’lum qildi.

2019-yil 11-avgust kuni  V.Q. ismli fuqaro Jondor tuman tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limiga mast holda kelib, «D.Q ismli ayol 3 kundan beri tug‘a olmayapti, senlar qaramayapsanlar», deb janjal ko‘targan va shifokorlarni xaqorat qilgan. Ish vaqtini yakunlab, uyiga qaytayotgan akusher-ginekolog M.T. nima bo‘layotganini bilish uchun voqea joyiga borgan. V.Q.ning maqsadini tushungach, u aytgan ayoldan xabar olish maqsadida tug‘ruqxona qaytib kirib, bemorlar qayd etilgan daftardan D.Q.ning ismi-familiyasini izlaydi. Biroq ro‘yxatda bunday bemor qayd etilmagan edi. So‘ngra, ko‘chaga chiqib V.Q.ga qarindoshi shifoxonada emasligini aytadi.

Shu paytda V.Q. shifokorni haqorat qilib, mushti bilan urib, jarohat yetkazadi. Tevarak-atrofdagi odamlar ularni ajratib qo‘ygach, shifokor ish vaqti tugagani uchun uyiga qaytish maqsadida ko‘chada turgan mashinasi tomon otlanadi. Bu paytda V.Q. ham «Spark» rusumli avtomashinasiga o‘tirib, tug‘ruq bo‘limi binosi yonida turgan shifokor M.T.ga tegishli «Cobalt» rusumli mashinasining orqasiga «Spark»i bilan borib, bir necha marotoba urgan.

Ushbu holat bo‘yicha o‘sha paytning o‘zida tuman ichki ishlar bo‘limiga xabar qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni fuqaro V.Q.ning qarindoshi shifoxonada emas, uyida bo‘lgan. U ayol oradan ikki kun o‘tib, 13-avgust kuni ertalab tug‘ruq majmuasiga keltirilgan va shifokorlarning ko‘magida shu kuni ko‘zi yorigan. Hozir ona va bolaning salomatligi yaxshi. Yaqin kunlarda ularga uyga ruxsat beriladi.

Shifokorning mol-mulkiga ham ziyon yetkazildi. Achinarlisi, bu hodisani sodir etgan inson Jondor tuman FHDYo bo‘limi xodimi ekan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huquq-tartibot idoralaridan bunday holatlarga qarshi keskin kurashish, tibbiyot xodimlarining haq-huquqlari himoyasini kuchaytirishni takroran so‘ragan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring