Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda o‘g‘rilikda gumonlangan ayol qo‘lga tushdi

Buxoroda o‘g‘rilikda gumonlangan ayol qo‘lga tushdi

Buxoro shahridagi xonadonlardan biridagi o‘g‘irlik holati fosh etildi, deya «Xabar.uz»ga ma’lum qilmoqda viloyat IIB axborot xizmati.

Ta’kidlanishicha, Buxoro shahridagi Ko‘ksaroy mahallasida yashovchi 34 yoshli fuqaro R.S.ning yashash xonadonida o‘g‘rilik yuzaga kelgani oila a’zolarini tashvishga solgan.

«Kechlikda yaqin qarindoshimizning to‘yidan qaytib, uyimizda  sodir bo‘lgan o‘g‘rilikdan hangu mang bo‘ldik. Hammayoq ostin-ustin, ko‘rpa-to‘shaklar, mebellar har qayoqqa sochilib yotibdi. Zudlik bilan ichki ishlar organlariga qo‘ng‘iroq qildik»,—deydi xonadon bekasi.

Shahar ichki ishlar bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan holat o‘rganilganda, noma’lum shaxs tomonidan xonadon egasining 6 000 000 so‘m pullari o‘g‘irlangani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoryat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tezkor-texnik va surishtiruv ishlari olib borilgan. Biroq, tergov harakatlari davomida oradan besh oy vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, o‘zganing xonadoniga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, uni talon-toroj qilgan shaxs topilmagan.

«Kuni kecha ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs aniqlandi. U Andijon viloyati, Shahrixon tumanida yashovchi 1984-yilda tug‘ilgan I.M. ismli ayol bo‘lib chiqdi. Hozirgi kunda ushbu shaxsning boshqa xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda»,— dedi axborot xizmati rahbari.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring