Buxoroda fuqaro qaynukasini pichoqlab qo‘ydi
Buxoro viloyati, Vobkent tumanida yashovchi fuqaro spirtli ichimliklar iste’mol qilishi oqibatida qaynukasini pichoqlab, unga og‘ir tan jarohati yetkazdi. Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning 5 yanvar kuni soat 22:00 larda Vobkent tumani «Quruvchi» mahallasida yashovchi 35 yoshli P.A. 24 yoshli qaynukasini o‘z xonadoniga mehmonga chaqirgan.
Haddan ortiq spirtli ichimlik iste’mol qilgan P.A. qaynukasi bilan oiladagi ayrim nizolar haqida gaplasha turib, u bilan tortishib qolgan. Tortishuv qattiq janjalga aylangan. P.A. janjal vaqtida dasturxon ustida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan qaynukasining chap yelka qismiga zarb bilan qasddan bir marta urgan. Oqibatda S.M.ga hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan Vobkent tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan P.A. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter