Bugun «Sayyoralar paradi» boshlanadi: xavotir o‘rinlimi?
Bugun, 4-iyuldan boshlab, to avgust o‘rtalariga qadar Yerdan turib fazodagi sayyoralar paradi (tizilishi)ni kuzatish mumkin bo‘ladi.
Moskva planetariysi xabar berishicha, bugun, shanba oqshomidan (qoq tunda) osmondagi Yupiter va Saturnni, Toshkent vaqti bilan soat 04:00 lardan boshlab Marsni va tong otishiga yaqin pallalarda Zuhro (Venera) sayyorasini oddiy ko‘z bilan ham kuzatish mumkin. Hozir Quyosh yorug‘ida ko‘rinmayotgan mitti Merkuriy esa 22-iyulga borib o‘zini ko‘rsatadi.
Bularni ma’lum qilgan Moskva planetariysi ilmiy direktori Faina Rublyova osmon jismlarining bir chiziqqa tizilishi noyob hodisa bo‘lsa-da, olimlar uchun boshqa ahamiyatli tomoni yo‘qligini ta’kidlagan.
«Bu shunchaki sayyoralarning bir chiziqda navbatdagi takroriy to‘planishi. Bu ma’lum va o‘rganilgan hodisa. Fan uchun buning qizig‘i yo‘q, biron dalil olish imkonsiz», — ta’kidladi mutaxassis.
So‘nggi marta bunday hodisa 20 yil avval sodir bo‘lgan ekan.
Olimlardan farqli o‘laroq, astrologlar «Sayyoralar paradi» bexosiyat deb odamlarni qo‘rqitishyapti. Koronavirus yanayam avjiga chiqadi, iqtisodiy tanazzul, iqlim o‘zgarishlari kuchayadi deyishmoqda ular.
Kim nima desa desin-u, biz tekin «Fazoviy tomosha»ni o‘tkazib yuborish niyatida emasmiz. Axir, bunaqasi 20 yilda bir bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter