Bugun Quyosh tutiladi. Uni biz ham kuzata olamizmi?
Quyoshning to‘liq tutilishi — kamyob hodisa. Olimlarning ta’kidlashlaricha, bu hodisa taxminan har 360 yilda Yerning istalgan joyida ro‘y berishi mumkin. Bugun, 2-iyul kuni ana shu noyob hodisani janubiy amerikaliklar, xususan, Chili va Argentinaga borganlar o‘z ko‘zlari bilan kuzatishlari mumkinligi haqida «Gazeta.ru» yozmoqda. Oy Quyoshni roppa-rosa to‘rt yarim daqiqa to‘sib, hammayoq zulmatga cho‘kadi.
Hodisadan bebahra qolishni istamagan boshqalar esa uylaridan chiqishmasa ham bo‘ladi — aksariyat Amerika observatoriyalari onlayn translyasiya uyushtirishmoqchi. Masalan, NASA sayti.
Quyoshning to‘liq tutilishi Chili va Argentinada, shuningdek, Tinch okeanining janubi-sharqida yaxshiroq namoyon bo‘lishi aytilmoqda. Qolaversa, Boliviya, Peru, Ekvador, Paragvay va Urugvay fuqarolari, Braziliya, Kolumbiya, Venesuela va Panamaning ayrim hududlarida yashovchilar jarayondan chetda qolishmaydi.
Hodisa 4 daqiqa-yu 33 soniya davom etishi, maksimal fazasiga esa Moskva vaqti bilan soat 22:23 da (demak, Toshkent vaqti bilan soat 20:23 da) chiqishi ma’lum qilingan.
Bugungi Quyosh tutilishi 2017-yilgisidan ikki barobar uzoq vaqt davom etadi.
Hodisani tomosha qilish uchun taniqli insonlar Chili va Argentinaga yo‘l olishgan. Chiliga borayotganlar orasida Bill Klinton (AQShning sobiq prezidenti), Bill Geyts («Microsoft» asoschisi), Richard Brenson («Virgin Galactic» kompaniyasi asoschisi), Brayan Mey (astrofizik hamda «Queen» guruhi gitarachisi) kabi insonlarni uchratish mumkin. Argentinaga esa taniqli aktyorlar — Robert Dauni (kichik) («Temir odam») va Kris Evans («Kapitan Amerika») kelishi kutilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter