Bolasini yerga ko‘mgan er-xotin qo‘lga olindi
Ijtimoiy tarmoqda va qator OAVlarda taxminan 1 yashar go‘dakni ayol shafqatsizlarcha urayotgani, yana bir lavhada esa ana shu bolani ayol bilan erkak yerga ko‘mayotgani tasvirlangan video tarqalgandi.
Bolalar ombudsmani mazkur videodagi holatni tegishli protsessual tartibda o‘rganishi uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.
Tegishli idoralarning tezkor hamkorligida holat o‘rganilib, videotasvirdagi ma’lumot asosida ayolning shaxsi identifikatsiya qilindi. Aniqlanishicha, bu shaxs Andijon viloyati Jalaquduq tumanida yashovchi 1995-yilda tug‘ilgan A.G. bo‘lib, hozirgi paytda u (2016 yildan beri) Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahrida turmush o‘rtog‘i B.I. bilan yashab keladi. Shuningdek, videotasvirdagi go‘dak A.G. va B.I 2019-yilda tug‘ilgan farzandi R.X. ekanligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tegishli so‘roviga asosan Bosh konsulxona hamda Novosibirsk viloyati IIV xodimlari bilan o‘zaro tezkor ma’lumotlar almashinishi natijasida, 19 yanvar kuni B.I va A.G. lar Berdyansk shahrida qo‘lga olinib, protsessual tartibda hibsga olindilar.
Rossiya Federatsiyasi Tergov Qo‘mitasining Novosibirsk shahri tergov boshqarmasi tomonidan A.G. va B.I.ga nisbatan RF JK 117-moddasi (qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqdi.
Mazkur jinoyat ishi yurituvi doirasida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan voyaga yetmagan R.X. manfaatlarini ta’minlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Rossiya Federatsiyasi tergov qo‘mitasi bilan huquqiy hamkorlik choralarini davom ettirmoqda. Bu borada qo‘shimcha ravishda ma’lumot beriladi.
Mazkur holat bo‘yicha Bolalar ombudsmani o‘z kuzatuvini davom ettirishini ma’lum qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter