Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bo‘kadagi maktabda yuz bergan noxush holat o‘rganildi

Bo‘kadagi maktabda yuz bergan noxush holat o‘rganildi

Xalq ta’limi vazirligi so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqda tarqalgan Toshkent viloyati, Bo‘ka tumanidagi 2-maktabda yuz bergan noxush holatni o‘rganib chiqdi.

Aniqlanishicha, maktabning 3-sinf o‘quvchisi Ye.V. 2021 yil 19 noyabr kuni maktabga borayotganda qor yog‘ib, ko‘chalar suv bo‘lgani uchun oyog‘i bilan suvga tushib, ho‘l bo‘lgan. Ushbu maktabning yoshlar yetakchisi maktab koridorida V.Ye.ning oyog‘i ho‘l bo‘lganini ko‘rib, sinf xonasiga olib kirgan va o‘quvchini sinf rahbari Feruza Qo‘shmatovaga topshirgan.

Sinf rahbari o‘quvchining salomatligidan qayg‘urib, bolaning uyi maktabga yaqin bo‘lgani sababli oyoq kiyimlarini almashtirib kelish uchun uyiga jo‘natgan va yo‘ldan o‘tkazib qo‘ygan.

Bolaning onasi A.N. o‘g‘lini oyog‘i ho‘l holatda uyiga qaytib kelganini ko‘rib, nima bo‘lganini so‘raganida o‘g‘li sinfdoshlari suvga itarib yuborganini, shuning uchun oyog‘i ho‘l bo‘lganini aytgan. Ona o‘g‘lining oyoq kiyimlarini almashtirmagan holda qaytarib maktabga olib kelgan va baqirib janjal ko‘targan. Maktab ma’muriyati darhol o‘quvchiga quruq kiyim va paypoq berib, ustini almashtirgan.

Sinf rahbari, maktab psixologi, maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari onaga sinf xonasida janjal ko‘tarmasligini, sinfdan tashqarida muassasa rahbariyati bilan birgalikda bu masalani hal qilishni aytgan, lekin A.N. sinf xonasidan chiqmasdan o‘quvchilarga tazyiq o‘tkazib, janjalni davom ettirgan.

Ushbu vaziyatdan maktab direktori xabar topib, tuman qo‘riqlash xizmati xodimlarini chaqirtirgan, biroq fuqaro huquq-tartibot idoralariga ham qarshilik ko‘rsatgan.

Vazirlikning Nazorat-huquqiy xizmati aralashuvidan so‘ng profilaktika inspektorining ish yurituvida bo‘lgan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-(tuhmat), 183-(mayda bezorilik) va 194 (militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) moddalarida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etgani uchun fuqaro A.N.ga nisbatan to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun 2021 yil 9 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ka tumani sudiga yuborildi.

Shu bilan bir qatorda, sinf rahbari Feruza Qo‘shmatovaga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197-5-moddasiga muvofiq pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish holati yuzasidan sudga murojaat etish huquqi mavjudligi tushuntirildi.

Sud natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring