Beliga 23 ming dollar bog‘lab olgan shaxs aeroportda ushlandi
Xorazm viloyati bojxona boshqarmasining «Urganch aeroporti» chegara bojxona postida 22 ming 900 dollarni beliga bog‘lab, olib chiqishga uringan shaxs to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, qo‘shni davlatga parvozi oldidan bojxonadan «yashil» yo‘lak orqali harakatlangan yo‘lovchilardan birining bezovtalanishi bojxona xodimlarining diqqatini tortgan.
Shundan so‘ng ushbu shaxs belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, kiyimlari ostida beliga maxsus tibbiy belbog‘ bog‘lab olgani aniqlangan. Belbog‘ga esa cho‘ntaklar tikilgan bo‘lib, ularda bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ma’lum qilinmagan 22 ming 900 dollar yashirilgan bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan yo‘lovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga binoan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Amaldagi tartiblarga ko‘ra, jismoniy shaxslarga 100 million so‘m ekvivalentidagi naqd xorijiy valyutalarni O‘zbekistondan erkin olib chiqishlariga ruxsat etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter