Asakalik 9 yashar qizning qotilligida gumon qilib, 23 yoshli qo‘shni ayol qo‘lga olindi
Shu yilning 21 iyun kuni Asakada to‘qqiz yashar qiz o‘z uyida o‘ldirib ketilgani xabari berilgandi. Ko‘krak-qorin sohasida kesuvchi-sanchuvchi jismlar orqali yetkazilgan 18 ta tan jarohati oqibatida vafot etgan qizaloqning o‘limida gumon qilinib, 23 yashar qo‘shni ayol hibsga olindi. Ayni ma’lumotni Bosh prokuratura matbuot xizmati tasdiqladi.
Mahkama matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, A.X. (gumondor tariqasida qo‘lga olingan ayol, 1997 yilda tug‘ilgan, bir nafar farzandi bor) marhuma voyaga yetayotgan xonadonga qo‘shni bo‘lib, fojia sodir bo‘lgan kuni uning (marhumaning) onasini «bolasiga qarab turish» iltimosi uyiga taklif qiladi. So‘ng qo‘shnining uyi qarovsiz qolganidan foylanib, o‘g‘rilik maqsadida u yerga kiradi va tortmadan 500 ming so‘m pul olayotgan vaqtida uni 9 yoshli Q.I. ko‘rib qoladi va so‘roqqa tutadi. Kutilmaganda qilmishi fosh bo‘lgan ayol jinoyatini yashirish maqsadida o‘zi bilan olib chiqqan (xonadondagi shkaflarning qulfini ochish uchun) pichoqni qizaloq tanasining turli joylariga qasddan sanchib, hodisa joyidan yashirinadi.
A. X.ning ko‘rsatmalari xodisa joyiga chiqib tekshirilganda jinoyat quroli sifatida foydalangan pichoq topilib, tegishli tartibda rasmiylashtirilgan holda jinoyat ishiga qo‘shilgan.
Jinoyat ishi yuzasidan guvoh tariqasida so‘roq qilingan bir necha nafar qo‘shnilar fojia sodir bo‘lgan vaqtda A. X. qizaloq yashaydigan uyga uch marotaba kirib-chiqqanligini ko‘rishganini bayon qilgani aytiladi.
Matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, mazkur jinoyat ishi Bosh prokuror tashabbusi bilan markaziy mahkama ish yurituviga olinib, uning shaxsiy nazorati ostida O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, andijonlik IIB xodimlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan qiynoqqa oid jinoyat ishi ham Bosh prokuraturaning mazkur boshqarmasi ish yurituviga olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter