Andijonlik taksichi Toshkentda o‘ldirib ketildi
Ijtimoiy tarmoqlarda andijonlik taksichi Toshkent viloyatida o‘ldirib ketilgani haqida xabar tarqaldi. Holat bo‘yicha Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, 8 yanvar kuni Andijon viloyati, Shahrixon tumanida yashovchi fuqaro O.Latipova tuman IIBga murojaat qilib, 7 yanvar kuni uydan chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan 1991 yilda tug‘ilgan farzandi M.Otaxonovni topishda amaliy yordam so‘ragan.
M.Otaxonov «Kobalt» rusumli avtomashinasida «Andijon-Toshkent» yo‘nalishida qatnab, aholiga pullik transport xizmati ko‘rsatib kelgan.
M.Otaxonov 7 yanvar kuni soat 17:55 lar atrofida Shahrixon tumanidagi avtoturargohdan bir fuqarodan 11.650 AQSh dollarini Toshkent shahridagi tanishiga olib borib berish uchun olgan hamda notanish bo‘lgan 3 nafar yo‘lovchilar birga o‘z avtomashinasida Toshkent shahri yo‘nalishida ketib, bedarak yo‘qolgan.
M.Otaxonovni qotillik qurboni bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, Shahrixon tuman prokuraturasi tomonidan 9 yanvar kuni Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va malakali tergov-tezkor xodimlardan iborat tarkibda tuzilgan tergov guruhi tomonidan tergov harakatlari olib borilgan.
Tezkor qidiruv tadbirlari natijasida M.Otaxonovning murdasi 9 yanvar kuni Toshkent shahar, Yashnobod tumanidagi avtoturargohda «Kobalt» rusumli avtotransport vositasining yukxonasidan qotillik alomatlari bilan topilgan.
Jinoyatni fosh etishga qaratilgan tezkor tadbirlar natijasida 3 nafar gumonlanuvchi Qo‘qon shahar hududidan ushlangan va tergovga jalb qilingan.
Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter