Yangi dori: «Narxini eshitsang, o‘zing tuzalasan»
Bu nomi uzun dori zap ajoyib ekan-da! Qanday kasallik bo‘lishining farqi yo‘q, ming dardga davo. Buning uchun bir nechta hissiyotlarni his etishning o‘zi kifoya: Avvaliga qattiq taajublanasiz, so‘ng o‘zingizni noqulay his etasiz, besh daqiqa o‘tar-o‘tmas asabingiz buzilib, xuddi tagidan olov yoqilgan qozondek, qoningiz qaynay boshlaydi. Bu vaqtda imkon qadar o‘zingizni qo‘lga olib, aksincha, pulingizni yo‘qotgan kishiday karmoningizni titasiz-u, topolmagandek boshingizni sarak-sarak kilib, sekin juftakni rostlaysiz. Lekin bu hali tuzaldingiz degani emas.
O‘sha dori bo‘lganning butun «avlod»ini yo‘l bo‘yi tez aytish kabi «ma’noli» so‘zlar bilan bot-bot takrorlaysiz. Atrofdagilarni ham unutib, yuzingiz bo‘zarib, bir qo‘lingiz bilan peshanangizni qashiysiz, ikkinchi qo‘lingizni esa paxsa qilib, bu holatingizdan hayron bo‘lganlarga olayib qarab ketasiz. Bunday vaziyatda siz aslo qo‘rqmang.
Bu holat dori tanangizga sekin-asta ta’sir qilayotganini anglatadi. Dori hammaga har xil reaksiya beradi. Masalan, kimningdir ishtahasi yo‘qolsa, kimdir taomni tinmay iste’mol qilishi mumkin. Kayfiyatingiz keskin tushib ketganidan ham xavotirlanmang. Bir uxlab turganingizdan keyin kasallik ham birdan yodingizdan chiqadi-yu, hammasi yana o‘z o‘rniga tushib ketadi. Iltimos, dorini qayta-qayta iste’mol qilmaslikka urining, buning uchun esa dorixonaga kirmaslikning o‘zi kifoya! Shunday vaziyatda o‘zingizni bir gap bilan ovuting: «Dardini bergan, shifosini ham beradi»...
Nigina Hakimova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter