Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Teshavoy «geroy» va bo‘ri (hajviya)

Teshavoy «geroy» va bo‘ri (hajviya)

Teshavoy kechasi uyqusi qochib, xayol surib yotgan edi, bir payt qo‘ylari  qamalgan qo‘ra tomondan dupur-dupur ovoz eshitilib qoldi. U shosha-pisha yelkasiga choponini ildirib tashqariga chiqdi.

Qo‘raga qararkan, nimqorong‘ida qo‘ylarning bir burchakka tiqilib olganini ko‘rib hayron bo‘ldi. O‘rtada esa qandaydir jonivor bir qo‘zining bo‘g‘zidan tishlab turardi.

Teshavoyning ko‘ziga hech narsa ko‘rinmay qoldi. «Mol achchig‘i – jon achchig‘i», deganlari shu bo‘lsa kerak-da. «Nega bu it mening qo‘ramga kirib, qo‘ylarimga hujum qilayapti? Mana bunisining surobini to‘g‘rilab qo‘yibdi. Hozir o‘zingning kuningni ko‘rsataman».

Shu xayollar bilan chamasi bir qulochli uzun temir qo‘liga qanday ilinganligini bilmadi. O‘zini qo‘ra ichiga urdi. Azbaroyi g‘azablanganligidan qo‘radagi haligacha semizgina qo‘zini tishlab xirillab turgan jonivorga yaqinlashdi. Bor alamini qo‘liga yig‘ib, begona itning qoq boshiga tushirdiki, bu zarbadan it tugul fil ham til tortmay o‘lishi tayin edi. Yiqilib tushgan hayvonni yana xumoridan chiqqancha kaltakladi Teshavoy.

Xullas, Teshavoy harom o‘lgan, bo‘g‘izlangan qo‘zisi uchun o‘ch oldi. Avval poyida uzala tushib yotgan itni, so‘ng bechora qo‘zisini sudrab qo‘ra tashqarisiga chiqarib tashladi. Keyin qo‘ra eshigini yaxshilab bekitib, ko‘ngli xotirjam tortib, uyiga qaytdi. Miriqib uxladi.

Ertalab xotinining ovozidan uyg‘onib ketdi:

– Turing, turing, dadasi, qo‘ra yonida odamlar turibdi, sizni chaqirishyapti.

– Nima deding? Odamlar? Nega chaqirishadi, kallai saharlab? Qo‘raning yonida pishirib qo‘yibdimi? – deya bir oz zarda qilgach, kechasi bo‘lgan voqea yodiga tushdi. «E-ha, haligi itning egalari kelgan bo‘lsa kerak. Kuchugimni nega o‘ldirding, deyishi aniq. Chiqayin-chi, bir gap bo‘lar. Men ham jim turmasman, oldin harom qotgan qo‘zimni to‘lab qo‘ysin».

Teshavoy yuz-qo‘lni yuvgan bo‘lib, qo‘ra yoniga yaqinlashdi:

– Ha, xush kepsizlar! Bitta it o‘lsa, shuncha vahimami?

Odamlar Teshavoyni o‘rab olishdi. Qo‘shnisi Mamarayim tog‘a:

– Bu bo‘rini qanday o‘ldirding? Senga hamqishloqlar kelishib «qishlog‘imizda xizmat ko‘rsatgan «geroy» degan unvon berishga qaror qildik, – dedi.

Hayron bo‘lgan Teshavoy odamlar orasidan o‘tib, o‘lib yotgan jonivorga qaradi. Qoziq tishlari ko‘rinib, tili osilib yotgan «it» rostakam bo‘ri edi. «Geroy» qo‘rqqanidan hushidan ketib, bo‘ri bilan qo‘zining yoniga yiqildi.

Do‘stbek Sulaymonov,
Samarqand

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring