Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

O‘zga sayyoralik (hajviya)

O‘zga sayyoralik (hajviya)

G‘ayrat ishdan kech qaytdi. Sababi, bugun navbatchi edi. «Shundoq uyga kiramanu, tappa tashlab uxlayman», – deb o‘yladi u yo‘l-yo‘lakay. Pod’yezdga yetar-yetmas, chekkaroqda ingragan tovushni eshitdi. «Mushuklar, shekilli, – xayolidan o‘tdi G‘ayratning, – qiziq, hali «mov» bo‘lishiga erta, shekilli? Yoki hozirgi mushuklar qishda mov bo‘ladimi?»

U indamay yo‘lida davom etdi. Boyagi tovush esa endi uni yordamga chorlay boshladi:

– Hoy, menga yordam ber...

G‘ayrat ortiga o‘girilmay zarda qildi:

– E, ichishga sen ichasan-u, yordamni men beraymi?

– Odamzod, men osmondan tushdim, halokatga uchradim, yordamingni ayama.

G‘ayrat yo‘lida yarim to‘xtab, o‘sha tomonga qaradi:

– Manovi domdagi uchinchi qavatdan tushib ketdingmi, deyman?! Hechqisi yo‘q, bolalar maydonchasiga tushibsan, bu yer qumloq, qor. O‘ziyam vaq etib tushgan bo‘lsang kerak? Biroz yotsang, kayfing tarqaydi. Qolaversa, o‘zingning domdagilaring qarasin...

– Meni uyingga olib kir, odamzod. Men Beta sayyorasidan keldim.

G‘ayrat indamay pod’yezd eshigini ochdi-da, ovozini baralla qo‘yib baqirdi:

– Men esa ta’minot idorasidan kelyapman. O‘lgudek charchadim.

Shu payt o‘sha tomon avvaliga g‘ira-shira, so‘ng kuchli yorishib ketdi-yu, G‘ayrat bir uchib tushdi. Oraga sukut cho‘kdi.

– Hey, – dedi u birozdan so‘ng, – elektr simiga ilashib qolmaganmisan, ishqilib?.. Yo chaqmoq urdimi, nima balo?! To‘xta, hozir do‘xtirga telefon qilaman.

U qo‘l telefonini chiqardi-da, «tez yordam»ning raqamini terdi, ammo hali javobi kelmay turib, yana o‘sha tarafdan chars-churs ovoz chiqib, kuyindi isi tarqaldi.

– Iye, o‘ldi, – deb qo‘llari bo‘shashib ketdi G‘ayratning, – nima balo, rostdan ham osmondan tushdimikan? Haligi, nimaydi, lagandanmi, likopchadanmi yerga tushib ketgan bo‘lsa-ya rostdan...

U qo‘rqa-pisa o‘sha tomonga qadam qo‘ydi. Qumloqning o‘rtasida yaltiroq korjoma kiygan allaqanday mavjudot yotardi.

– Hey, oshna, – dedi G‘ayrat o‘zini dadil tutishga harakat qilib. – Tirikmisan?

– Menga yordam ber, odamzod.

– Xo‘p-xo‘p, nima qilay?

– Uyingga olib kir. Bu yerda quvvatimni yo‘qotyapman.

– Seni... seni qanday olib kiray? Meni to‘k-po‘k urmaydimi?

– Yo‘q, urmaydi, meni suyab ol.

G‘ayrat unga yaqinlasharkan, ming‘irlab qo‘ydi:

– O‘zing ham ja erka ekansan-da!

Avval tepib ko‘rdi, xavf-xatar yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, so‘ng engashib, mavjudotni turg‘azdi. Jussasi kichik bo‘lgani bilan zildek og‘ir ekan, ikki-uch qadam yurmay, G‘ayrat terlab ketdi. Pod’yezd eshigini ochib, uchinchi qavatga olib chiqqunicha bo‘lari bo‘ldi. U tezroq uyga kirib, miriqib dam olmoqchi edi.

Pod’yezd yorug‘ida mavjudotni devorga suyab qo‘yarkan, hayron bo‘lib tikildi. «Agar rostdan ham osmondan tushgan bo‘lsa, o‘zimizdan farqi yo‘q ekan-ku», deb o‘yladi u.

– Ha, ko‘rinishimiz sizlardan uncha farq qilmaydi, – dedi mehmon.

– Nima?..

– Men sening ichingdagini bilaman.

– Zo‘rsan-ku!.. Aytganday, xotinimni qo‘rqitib yubormaslik uchun sen miq etmay, qotib turasan, xo‘pmi? Bu qiyin bo‘lmasa kerak-a, sen uchun? Men seni maneken, deyman. Kelishdikmi, oshna?

– Xo‘p.

– Aytganday, oting nima?

– Sen aytganday, Oshna bo‘la qolsin.

– Agar xotinimni qo‘rqitib qo‘ysang, keyin onasi naq ko‘zingga ko‘rsatadi! Osmondan tushganingga qarab o‘tirmaydi!

Mavjudot yana bosh irg‘adi:

– Kelishdik.

– Haligi... – G‘ayrat biroz chaynaldi. – Har holda ko‘pga qolmay, ketsang kerak, shundaymi?

Mavjudot yuqoriga imo qilib, javob berdi:

– Bu ularning qaytib kelishiga bog‘liq.

– Ha, mayli... Sen endi indamay tur, men eshik qo‘ng‘irog‘ini bosaman. Gapirib yuborma tag‘in.

Birozdan so‘ng eshik sharaqlab ochildi-da, ostonada uyqusiragan Sharofat ko‘rindi.

– Assalo... iye, bu nima? – so‘radi u haykaldek qotib turgan mavjudotni ko‘rib. – Qo‘g‘irchoqmi?

– Maneken bu, ko‘rmayapsanmi? Ishxonadan olib keldim, ertaga olib ketaman.

Xotini hayron bo‘ldi:

– Olib ketadigan bo‘lsangiz, nega olib keldingiz? To‘xtang, odamga o‘xshaydi-ku!

– Odamga o‘xshamay eshakka o‘xshasinmi? Maneken deyapman-ku! Qoch eshikdan, olib kiray.

– Sizga yordamlashvoraman.

– O‘zim olib kiraman, qoch, – dedi rashki kelib G‘ayrat. U Oshnani zo‘rg‘a ichkariga olib kirdi. Uyqusi qochgan Sharofat haliyam hayratlanib boqar, og‘zi lang ochiq edi.

– Namuncha tirikka o‘xshamasa?! Bu qo‘g‘irchoqlar ham ilg‘orlab ketibdimi?

– Ha, – dedi G‘ayrat. Keyin Oshnani ko‘targancha balkonga olib o‘tdi.

– Ovqat yeysizmi? – so‘radi xotini.

G‘ayrat bosh chayqadi.

– Yo‘q, – deyishga dedi-yu, keyin Oshnaga tikilib turib, uning qulog‘iga pichirladi:

– Aytganday, qorning qalay? Sizlar o‘zi biror nima yeysizlarmi?

Oshna ham pichirlab javob berdi:

– Agar ozgina elektron ion zaryadlari bo‘lsa, yo‘q demasdim.

G‘ayrat bosh qashlab qoldi:

– Qo‘shnimiz Kenja akani uyg‘otsammikan? Elektrik. O‘shanda bo‘lishi mumkin.

Sharofat yaqinlashdi:

– Nimalar deyapsiz?

G‘ayrat shoshib qoldi:

– Shunchaki o‘zim... Xuddi odamday, deganingga bir hasratlashgim keldi-da!

– Voy, tavba!

G‘ayratning ko‘ngli ochiqligiga amin bo‘lgan bo‘lsangiz kerak? U uxlash asnosida Oshnani o‘ylab yotdi. Ayni damda Oshnaning o‘zga sayyoradan kelganiga ishonib-ishonmasdi. U chiday olmadi, xotini Sharofat uxlab qolgach, sekin o‘rnidan turib, balkonga o‘tdi. Bechora Oshna hanuz qaqqayib turardi.

– Sen yotib uxlamaysanmi? – deb so‘radi G‘ayrat undan.

– Rahmat, men tik turib uxlayveraman, – javob berdi Oshno.

– Zo‘r ekansan! Haligi ion zaryadini yeyishing shartmi, mana, osh bor ekan, isitib beray.

Oshna bosh chayqadi. G‘ayrat o‘ylab-o‘ylab, noiloj tashqariga chiqdi. Birinchi qavatga tushib, Kenja akaning eshigini taqillatdi. Zum o‘tmay, Kenja aka ko‘zlarini ishqalab chiqdi.

– Ha, tinchlikmi?

– Kechirasiz, qo‘shni, bezovta qildim.

– Yarim kechasi balo bormi? Nima gap?

– Sizda haligi... ion zaryadlari bormi?

Kenja aka, bu qanday savol bo‘ldi, degandek qaradi. G‘ayrat gapiga izoh kiritdi:

– Nima desam ekan, qisqasi... ion zaryadlari kerak bo‘lib qoldi.

– Ion zaryadi nima o‘zi? – ajablandi Kenja aka. – Allambalolarni so‘raysiz, boshqa ishingiz yo‘qmi? – shunday deb eshikni taraqlatib yopdi.

G‘ayrat mulzam bo‘lib, uyiga qaytib chiqdi. «Ertalabgacha bu o‘zga sayyoralik o‘lib qolsa, nima qilaman?» – deb o‘ylardi u.

– Odamlar ziqna bo‘lib ketgan, – dedi u ilinj bilan termilgan Oshnaga. – Sen ertalabgacha chidarsan-a?

Oshna bosh irg‘adi. G‘ayrat yotoqqa yo‘naldi.

Ertasiga ertalab u g‘ala-g‘ovurdan uyg‘onib ketdi. Oshna esiga tushib, balkonga yugurdi. Xotini va qizchasi Arofat Oshnaga tikilib turishardi.

– Bu... bu... chirs-chirs qilyapti, – dedi Sharofat. – Boya tikilib tursam, ko‘zlarini pirpiratdi. Menga qarang, ishxonangizga obketguncha, balki ish-pishlarni qildirarmiz. Kechroq ketasiz-ku, kecha navbatchilikdan kelib...

– Nega chirs-chirs qiladi? Suv sepdingmi?

– Voy, sepganim yo‘q, shunday... changini yuvmoqchi edim.

– Ahmoq, nega yuvasan? – baqirdi G‘ayrat. – Necha pul turishini bilasanmi? Million dollar turadi.

Arofat chapak chalib yubordi:

– Yana ko‘zini qimirlatdi.

G‘ayrat Oshnaning ustiga to‘n yopib qo‘ydi. Xotini va qizini bu yerdan haydab soldi. Keyin sekingina Oshnaning qulog‘iga pichirladi:

– Hadeb pitirlayverma, sezib qolishadi.

Oshna ham shivirladi:

– Ko‘zlari naq teshib yuborarkan. Zo‘rg‘a chidayapman.

Nonushta ustida G‘ayrat xotinidan ion zaryadlari to‘g‘risida so‘radi. Sharofat yelka qisdi:

– Bilmadim. Oyimda bo‘lsa kerak, so‘rab ko‘ray-chi!

G‘ayrat undan telefonni tortib oldi. Xotinining niyati ma’lum: bu o‘yinchoqni oyisiga ko‘rsatmoqchi. Har bir yangilikdan onajonisini boxabar qilgisi keladi.

Xotini qizchasini bog‘chaga olib ketgach, G‘ayrat o‘ylanib qoldi: hademay ishga otlanadi, Oshnani nima qilsa ekan? Birga olib chiqmasa bo‘lmaydi. Aks holda Sharofat bir balo qilib qo‘yishi mumkin. Qolaversa, Oshna odam bo‘lmasayam baribir... nomahram. Odamlarga ishonib bo‘lmay qoldi-yu, o‘zga sayyoralikka ishonib bo‘larkanmi? Ammo, agar uni ishga olib ketsa, hamkasblariga nima deydi? Qishloqdan kelgan mehmon, desa, tushlik mahali darrov qo‘liga ichkilik tutqazishadi. Ichmayman, deganni ham ichiradi ular. Keyin Oshna mast bo‘lib, o‘zining aslida kimligini aytib qo‘ysa, «bizni galaktikangga bir sayr qildirib kel», deb turib olishadi.

Xo‘sh, ishga bormasa-chi?! Bu ham to‘g‘ri kelmaydi. Mabodo ishxonadan nimadir yo‘qolgan bo‘lsa, shartta G‘ayratga to‘nkaydilar? Kecha navbatchi kim bo‘lgan: Jong‘oziyev!

Darvoqe, Kenja akanikiga qoldirib ketsa-chi? Yo‘q-yo‘q, u so‘rab o‘tirmay, zapchastlarga ajratib yuboradi.

– Mening quvvatim qolmayapti, – dedi Oshna. – Hozir yiqilaman.

G‘ayrat tipirchilab qoldi.

– Hoy, bu nima deganing? Anovi oshnalaringga telefon qil, kelishsin-da endi.

Ammo u gapini tugatmay turib, Oshna shilq etib o‘tirib qoldi. Ustiga-ustak, eshik ochilib, Sharofat kirib keldi.

– Meni qutqar, odamzod, – dedi Oshna ingrab.

– Voy, gapiryaptimi? – hayron bo‘ldi Sharofat.

G‘ayrat Oshna bilan andarmon bo‘larkan, bahona topdi:

– Buzib qo‘yibsan, xotin, til mexanizmiga suv tegibdi.

Sharofat ham anoyi emas. «Bu – odam», – deb turib oldi. G‘ayrat uni aldab, endi ishontiraman deganida Oshna yana g‘o‘ldiradi:

– Ion zaryadini topib bering, iltimos.

Sharofat baqirib yubordi. G‘ayrat uni tinchlantirishga tushdi. Keyin ochiqchasiga ko‘chib, Oshnaning o‘zga sayyoralik ekanligini aytdi. Sharofat avvaliga jim turdi, keyin baribir so‘zidan qaytmadi. G‘ayrat harchand tushuntirmasin, u Oshna odam ekanligini aytib, gapida turib oldi. Tortishuv shu darajaga yetdiki, oxiri Oshna ingrab shunday dedi:

– Xo‘p, odamman, bo‘ldimi? Iltimos, yordam bering.

– Ana, aytmadimmi? – xitob qildi Sharofat. – Bunga tez do‘xtir chaqirish kerak. Achigan ovqatni yeganga o‘xshaydi, rangini qarang.

– E, to‘xta, – xunob bo‘ldi G‘ayrat. – Nega tushunmaysan? Bu – o‘zga sayyoralik. «Abdullajon» kinosini ko‘rganmisan? – shunday deb Oshnaga o‘girildi: – Birodar, o‘zing isbotlamasang, bu hozir uyga domkom xolaniyam chaqirib keladi.

Oshna bor kuchini yig‘di-da, o‘tirgan ko‘yi boshini ilkis o‘ng tomonga burgan edi, bosh qurg‘ur ham xuddi «Pole chudes»ning g‘irragiday ikki marta aylanib to‘xtadi. Hatto, G‘ayrat ham qo‘rqib ketdi. Ko‘rdingmi, degandek Sharofatga o‘girilgan edi, uning cho‘zilib yotganiga ko‘zi tushdi. G‘ayrat yig‘lagudek ahvolda uni hushiga keltirish bilan ovora bo‘ldi.

– Iltimos, yordam bering, – derdi Oshna bu yoqda.

– E, hozir, – baqirdi G‘ayrat, – qay biringga yordam beray?

Nihoyat, Sharofat ko‘zlarini ochdi. U Oshnaga qarab imo qildi:

– Nega kelibdi, so‘rang.

– Ion zaryadi kerak ekan.

Sharofat g‘o‘ldiradi:

– Telefonning zaryadkasi to‘g‘ri kelmasmikan?

– E, o‘zingni o‘ylasang-chi! – baqirdi G‘ayrat. – Toming ketib qolyapti-yu, gapingni qara! Tur, men ishga kechikyapman.

Sharofat inqillab o‘rnidan turdi. Er-xotin anchagacha Oshna borasida nima qilishni bilmay o‘tirdilar. Uchastka nozirini chaqirmoqchi bo‘lishdi. G‘ayrat o‘ylab ko‘rib bosh chayqadi: «yo‘q, u Oshnaning propiskasini so‘raydi». Telefon jiringlab, ayb ish qilib qo‘ygandek, ikkalasi ham cho‘chib tushdi. G‘ayratning ishxonasidan ekan, tez keling, deyishdi. O‘zga sayyoralik bilan nima ishlari bor, ta’minot hisoboti bo‘lsa kifoya!

G‘ayrat nima qilarini bilmasdi. Buyog‘i tush vaqti yaqinlashgan. Agar Oshna o‘zi yurganida ishxonaga olib ketgan bo‘lardi, tobora so‘lib boryapti – ular ham nimjon bo‘larkan-da! Xudo ko‘rsatmasin, Oshna o‘lib qolsa, nima bo‘ladi? Uni ko‘mish mayli, bu haqda hamma bilib, G‘ayratning boshi naq baloga qolmaydimi?

Oshnani ichkari xonaga olib kirib, ustiga ko‘rpa tashlab qo‘yishdi. U esa chiroyli ko‘zlari bilan mo‘ltirab qarab turardi.

– Tavba, zaryadkasi bo‘lmasa, yerda pishirib qo‘yibdimi bunga? – dedi Sharofat.

– Menimcha, uchar tarelkadan qarayman, deb yerga tushib ketgan, – taxmin qildi G‘ayrat. – Har baloga qiziqish shunday bo‘ladi. Jo‘ralariyam oqibatsiz ekan, holidan xabar olishmayapti.

G‘ira-shira tushib qoldi. Sharofatning esiga tushib, bog‘chaga yugurdi-da, Arofatni olib keldi. Arofat Oshnaning mo‘ltirab yotganini ko‘rib, yig‘lab yubordi. Uning issiq ko‘zyosh tomchilari Oshnaning qo‘liga tomdi. Uning butun vujudi tarang tortdi, quvvat kirgandek bo‘ldi.

– Meni tomga olib chiq, – deb iltimos qildi u G‘ayratdan.

G‘ayrat Oshnaning aytganini qildi. Ko‘p o‘tmay u yerda – nim qorog‘ida zinapoya paydo bo‘ldi. Oshna G‘ayratni quchib xayrlashdi va zinadan ko‘tarila boshladi. Uning ko‘zlarida yosh g‘iltilladi.

G‘ayrat yengil tortib, tomdan tushdi-yu, uyiga kirdi. Arofat hamon yig‘lar, Sharofat o‘ychan bo‘lib qolgandi...

Ertasi kuni G‘ayratlarning uyida usti yaltiroq antiqa taklifnoma paydo bo‘ldi. Unda Oshnaning ularni uyiga taklif qilgani, oilasi bilan tanishtirmoqchi ekanligi, ikki kundan so‘ng kelib olib ketajagi haqida yozilgandi. Taklifnomada ularni ajoyib mukofot kutayotgani ham yozilgan edi.

Arofat qiyqirib chapak chalar, Sharofatni esa sayohatdan ko‘ra mukofot nimaligi qiziqtirardi. Ehtimol, agar sovg‘a zo‘r bo‘lsa, pod’yezd atrofidan yana o‘zga sayyoraliklarni izlab qolishar... Qaniydi!

Eh, ayollar!..

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring