Majlis ham ish, okosi! (hajviya)
Ertalab soat to‘qqizda o‘tkazadigan yig‘ilishiga o‘zi kechikkan boshliq qabulxonada kotibadan boshqa hech kim yo‘qligidan ajablanganini yashirmadi.
– Majlisga aytilganlar qani?
– Sizni rosa bir soat kutishdi, keyin o‘rinbosaringiz hammani turli yig‘ilishlarga jo‘natdi.
– O‘rinbosarning o‘zi qayerda?
– Vazirlikka ketdi, sizning o‘rningizga.
– Bosh muhandis-chi?
– Viloyat kasaba uyushmasi kengashining texnika xavfsizligi bo‘yicha tadbiri bor ekan...
– Kasaba uyushmamiz boshlig‘i-chi?
– Parashyut sporti federatsiyasiga siz boshliqsiz. Shoshilinch majlis o‘tkazilayotgan ekan. O‘rningizga o‘shani yuborishdi.
– Bosh hisobchi shu yerdadir?
– Debitor qarzlar bo‘yicha birlashmada hisobot bor ekan. Sizning shaxsan ishtirok etishingiz tayinlangan. «Rahbarning o‘zi kelmadimi, deya meni urishadi», deb boshbux qo‘rqib-qo‘rqib ketdi.
– Nechta yig‘ilishga aytishgan, o‘zi?
– Yettita, o‘rtoq direktor.
– Hammasi bir vaqtdami?
– Ikkitasi to‘qqizda, beshtasi o‘nda.
– Men xodimlarning ko‘proq o‘z joylarida, o‘z ishlari bilan band bo‘lishlari haqida majlis o‘tkazmoqchi edim, esiz. Binoga kirishda qorovulni ko‘rmadim. Qayerda u?
– Yig‘ilishda.
– Qorovulni so‘ryapman. U qanaqa yig‘ilishda?
– Qorovulimiz o‘z ishidan tashqari bizda bog‘bonlik vazifasini ham bajaradi. Shuni e’tiborga olib, o‘rinbosar uni tuman tabiatni muhofaza qilish bo‘limida o‘tkaziladigan yig‘ilishga yubordi.
– Obbo!.. – Boshini qashlab o‘yladi boshliq: hamma majlisda, ammo majlis ham ish degani aslida, okosi, chunki har qanday yig‘ilishda ish haqida gapiriladi-da!..
U kotibaga yuzlandi:
– Bo‘pti!.. Bugungi yig‘ilishni ertaga soat to‘qqizda o‘tkazamiz. Hammaga tayinlang.
– Xo‘p bo‘ladi, ammo... ertaga soat to‘qqizda sizni uchta yig‘ilishga aytishgan...
Xurshid Nurullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter