Yo‘lingizda 10 marta YPX xodimi uchrasa, o‘ntasi ham Sizni to‘xtatadi – Shohruh G‘iyosov
AOKA huzuridagi shtabda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov ishtirokida brifing o‘tkazilgani haqida xabar bergandik.
Uning qayd etishicha, ayrim fuqarolarimizning hanuzgacha karantin qoidalarini jiddiy qabul qilishmayapti.
➖ Hurmatli fuqarolar, hozir hammaga ham oson emas, hukumat qarorlaridan yoki xodimlarning xatti-harakatlaridan kamchilik qidirmang. Barcha amalga kiritilgan cheklovlar Sizni himoyalash uchun belgilangan.
Bilib qo‘ying, ko‘chaga transportda chiqdingizmi, yo‘lingizda 10 ta yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchrasa, 10 tasi ham Sizni to‘xtatadi, 10 marta — nima uchun ko‘chaga chiqqaningizni so‘raydi. Velosipedda yoki piyoda yursangiz ham, Sizni to‘xtatadi va ko‘chada yurishingiz sababini so‘raydi. Hozirgi vaqtda boshqacha bo‘lishi mumkin emas.
Alohida ravishda uyda o‘tirgan, cheklovlarni to‘g‘ri tushunib ularga rioya etayotgan fuqarolarimizga rahmat aytmoqchiman. Siz uyda o‘tirib, bizning va tibbiyot xodimlarining ishini qanchalik yengillashtirayotganingizni hatto tassavur qilmayapsiz.
Sizning intizomga rioya etishingiz — davlat oldidagi burchingizni bajarish bilan teng. Boshqalar uchun o‘rnak bo‘layotgan, vaziyatni to‘g‘ri baholab, uyda o‘tirgan, turli g‘iybatlardan, nolishlardan, tirnoq orasidan kir qidirishdan yiroq bo‘lgan ota-onalarimizga, aka-uka va opa-singillarimizga katta rahmat aytmoqchiman, – deydi Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter