Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yo‘lovchimi, haydovchimi yoki YPX xodimi? Yo‘l-transport hodisalariga aslida kim sababchi?

Yo‘lovchimi, haydovchimi yoki YPX xodimi? Yo‘l-transport hodisalariga aslida kim sababchi?

Foto: «Asr.uz»

2017-yilning 11 oyida mamlakatimiz yo‘llarida 3,5 million qoidabuzarlik aniqlangan. 61 ming haydovchi rulga mast holda o‘tirgan. 2,2 mingdan ziyod inson shundaylarning kasriga qolib, yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgan. Bu raqam ortida milliardlab iqtisodiy zarar, yaqinidan ajragan o‘ksik ko‘ngillarning alamli ko‘z yoshi turibdi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi taqdim etgan ma’lumotlar ichida boshqa qoidabuzarliklar kamaygani holda piyodalar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar ko‘paygani qayd etilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 138-moddasida piyodalarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, yo‘lning harakat qismini belgilanmagan joylardan kesib o‘tishi eng kam ish haqining uchdan bir qismi miqdorida jarimaga sabab bo‘lishi belgilangan. Agar bu avariya holatini vujudga keltirsa, eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solishga olib keladi. Ammo fuqarolarimizning ko‘pchiligi bunday me’yor borligidan yo bexabar, yoki bilsa-da, ataylab qoidalarni buzaveradi.

Kim aybdor

Yaqinda Internet tarmog‘ida bir fojia haqida yozildi. Poytaxtimizning Amir Temur shohko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan «Lasetti» avtomoshinasi to‘siq orasidan to‘satdan chiqqan piyodani urib yubormaslik uchun rulni keskin buradi. Avtomashinani bo‘ysindira olmagan haydovchi kuchli zarb bilan yo‘l chetiga borib uriladi. Ushbu yo‘l transporti hodisasi natijasida haydovchi vafot etadi. Aniqlanishicha, u universitet talabasi bo‘lgan. Piyodaning beparvoligi, haydovchi esa tezlikni me’yoridan oshirib yuborgani uchun ana shunday falokat ro‘y berdi.

IIV yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan piyodalar bilan bog‘liq qo‘pol qoidabuzarliklar aniqlanib, ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi, targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramay, hali-hanuz javobgarlik va mas’uliyatni his etmaydigan beparvo yurtdoshlarimiz uchrayotgani jiddiy tashvish uyg‘otadi. Ular nafaqat o‘zlarining, balki boshqa harakat ishtirokchilarining ham hayotini havf ostiga qo‘ymoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda yo‘l harakati hodisalarining 54,5 foizi piyodalar bilan bog‘liq holda sodir etilmoqda. Bunga asosan ularning svetofor ishoralariga, yo‘l belgilariga, yo‘l chiziqlarining talablariga rioya etmasligi, yo‘lning piyodalar uchun taqiqlangan qatnov qismida bo‘lishi, harakat vaqtida telefondan foydalanishi sabab bo‘lmoqda.

Amaldagi «Yo‘l harakati qoidalari»ning 19-bandiga ko‘ra, harakat tartibga solinmaydigan piyodalar o‘tish joylarida, piyodalar yaqinlashib kelayotgan transport vositalarigacha bo‘lgan masofani va ularning tezligini chamalab ko‘rib, o‘tish o‘zlari uchun xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qilganlaridan so‘ng yo‘lning qatnov qismiga chiqishlariga ruxsat etiladi. Shuningdek, ular yo‘lning qatnov qismini piyodalar o‘tish joylaridan tashqarida kesib o‘tishda transport vositalarining harakatlanishiga xalaqit bermasliklari, yaqinlashib kelayotgan transport vositalarining yo‘qligiga ishonch hosil qilmasdan turib, ko‘rinishni cheklovchi, to‘xtab turgan transport vositasi yoki boshqa biror to‘siq panasidan chiqmasliklari kerak.

Aksariyat hollarda piyodalar qoidalarda belgilangan ana shu mas’uliyatni his qilmaydi. Ko‘p polosali yo‘llardan mutlaqo befarq, orqa-oldiga qaramay o‘tib ketaveradi. Piyodalar yo‘laklarida o‘rnatilgan svetofor ishorasiga bo‘ysunmay, haydovchilarning haqli e’tiroziga sabab bo‘ladi. Ba’zan negadir, buni kuzatib turgan yo‘l-patrul xizmati inspektori ham piyodaning noto‘g‘ri xatti-harakatiga munosabat bildirmaydi. Shunday holatda yo‘l-transport hodisasi yuz bersa, aybdor haydovchi bo‘lib qolaveradi.

Shohko‘chadagi xatar

Bu masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni yo‘llardagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylari bilan bog‘liq. Poytaxtimizdagi ayrim serqatnov ko‘chalarda ana shunday piyodalar o‘tish joylari borki, u tug‘dirayotgan xavf har qanday tajribali haydovchini ham shoshirib qo‘yadi. Masalan, yuqoridagi misolda tilga olingan Amir Temur shohko‘chasini olaylik. Sakkiz polosali, tekis va ravon, tungi vaqtlarda yorug‘ bo‘lishiga qaramay, mazkur ko‘cha yo‘l harakati ishtirokchilari uchun anchayin xavf tug‘diradi.

Kunning istalgan vaqtida juda serqatnov bo‘ladigan mazkur ko‘chaning ma’lum bir qismida bir nechta piyodalar o‘tish joylari mavjud. Haydovchilarning fikricha, ular ichidagi harakatga eng xavf tug‘diradigani bu Qozog‘iston kinoteatri yonidagi piyodalar o‘tish joyidir. U shundoqqina avtobuslar to‘xtaydigan bekatga tutashib ketgan. Bekatda tushgan yo‘lovchiga ko‘chaning narigi tomoniga o‘tish uchun avtobus xalaqit qiladi. Avtobus panasida qolib ketgan yo‘lovchi harakatdagi boshqa avtoulovlarni ko‘ra olmaydi. Natijada qaltis harakat qilishga majbur bo‘ladi. Xotirjam mashinasini boshqarib kelayotgan haydovchi to‘satdan chiqib qolgan piyodani ko‘rgach, tabiiyki, tormozni qattiq bosadi. Ulgursa-ku mayli, agar tezligi katta bo‘lsa, piyodani urib ketishi aniq. Agar bunday bo‘lmasa-da, orqadan kelayotgan boshqa avtoulov bilan to‘qnashib, jiddiy yo‘l transport hodisasiga, xavfli vaziyatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ana shularni hisobga olib, eng avvalo, yo‘l harakati barcha ishtirokchilarining huquqiy savodxonligi va madaniyatini muntazam oshirib borish zarur. Bunda qoidani buzayotgan piyoda yoki haydovchiga nisbatan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish ham yaxshi samara beradi. Bundan tashqari, mas’ul tashkilotlar hamkorlikda yo‘l transport hodisalari eng ko‘p sodir bo‘layotgan chorrahalar, piyodalar o‘tish joylarini aniqlab, mazur hududlarda harakat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rib borsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Balki tegishli komissiya xulosalari asosida serqatnov ko‘chalarimizda yer usti ko‘prikli piyodalar o‘tish joylarini qurish masalasini kun tartibiga qo‘yish lozimdir. Zero, inson hayoti, sha’ni oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan mamlakatimizda, masalaga bee’tibor qarash yana ko‘plab insonlarning umriga zomin bo‘lishi, transport vositalari bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar ortishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Qahramon Saydaliyev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring