Xorazmda UzAuto Motors kompaniyasining yangi press-majmuasi ochildi (foto)
Joriy yilning 21-may kuni «O‘zavtosanoat» AJ va UzAuto Motors kompaniyasi tashabbusi bilan Xorazm viloyatiga press-tur tashkil etildi.
Tadbir davomida Xorazm viloyati Pitnak shahrida ochilgan yangi press-majmuasi namoyish etildi.
Press-majmuasi «Damas» va Labo avtomobillari uchun zarur qismlar ishlab chiqiladi. Yangi majmuaning ishga tushirilishi UzAutoMotors AJ Xorazm filiali mahsulotlarini eksport qilish hajmini 50 foizga oshirish imkonini berishi kutilyapti.
Agar 2020-yilda Damas va Labo avtomobillari 7 million AQSh dollari miqdorida eksport qilingan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 10 million AQSh dollaridan oshishi va 2022-yilda 15 million AQSh dollariga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Majmuaning ochilishida «O‘zavtosanoat» rahbari Shavkat Umrzoqov, Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, UzAuto Motors Rustam Rajabov va boshqa mas’ullar qatnashdi.
«O‘zavtosanoat» rahbari Shavkat Umrzoqovga ko‘ra, ushbu zavodni qurishda yuz nafar chet ellik mutaxassislar jalb etilishi kerak bo‘lgan. Ularning maoshi ikki yilda 2 million dollardan oshishi ko‘zda tutilgan.
«Biz esa 20 nafar xorijiy mutaxassis va 80 nafar o‘zimizning xalqimiz farzandlarini jalb etdik. Zavod qurish ham bir ilm. Natijada inshoot 24 oyda emas, 10 oyda bitkazildi. Bu yerda asosiy masala, mana bizdayam zavod quradigan yigitlar kamolga yetdi, ilm paydo bo‘ldi. Zavodning ortidan mahalliy budjetga tushumlar 12 milliard so‘mga oshdi. Og‘ir ahvoldagi oilalarning 100 nafar a’zosi ishga olindi»,—deydi Umrzoqov.
Mas’ullar nutqidan so‘ng, rahbarlar va jamoatchilik ko‘z o‘ngida yangi press-majmua ishga tushirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter