Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

UzAuto Qirg‘izistonda avtomobil va tijorat texnikalarini ishlab chiqaradi

UzAuto Qirg‘izistonda avtomobil va tijorat texnikalarini ishlab chiqaradi

UzAuto qirg‘izistonlik hamkorlar bilan birgalikda tijorat texnikalari va yengil avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.

Bu haqda O‘zbekiston-Qirg‘iziston biznes forumida e’lon qilindi. Loyiha Qirg‘iziston Respublikasida avtomobil va tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston va Qirg‘iziston Respublikasi hukumatlari o‘rtasidagi bitim doirasida amalga oshiriladi.

Qirg‘izistonda avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan o‘zaro qiziqish, shuningdek, UzAuto kompaniyasining Qozog‘iston va Ozarbayjonda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishdagi ijobiy tajribasini e’tiborga olgan holda, «O‘zavtosanoat» AJ va «DT Technik» MChJ vakillari Qirg‘izistonning Chuy viloyatida avtomobil va tijorat texnikalarini SKD (yirik hajmda yig‘ish) usulida ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirishadi.

Loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Jumladan, u SKD (yirik hajmda yig‘ish) usulida va kichik hajmda ishlab chiqarishni, shu bilan birga avtokomponentlar industriyasini tashkillashtirishni o‘z ichiga oladi.

Tomonlar davlatlararo savdo aloqalarini, jumladan, avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish va kengaytirishda umumiy manfaat hamda maqsadlarga ega. Ayni damda «O‘zavtosanoat» AJ Qirg‘iziston Respublikasiga avtomobil va tijorat uskunalarini eksport qilmoqda. Ushbu hamkorlik ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga qiziqish uyg‘otdi. Natijada, O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasida qo‘shma loyihani amalga oshirish istagi paydo bo‘ldi.

«O‘zavtosanoat» Qirg‘izistondagi hamkorlarga chuqur hurmat va ishonch uchun samimiy minnatdorchilik bildiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring