Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

UzAuto Motors bosh direktori Bu Andersson O‘zbekistondagi faoliyati haqida so‘zlab berdi

UzAuto Motors bosh direktori Bu Andersson O‘zbekistondagi faoliyati haqida so‘zlab berdi

UzAuto Motors bosh direktori va «AvtoVAZ»ning sobiq top-menejeri Bu Andersson o‘zbek jurnalistlariga bergan qator intervyularida respublikadagi bugungi faoliyati haqida so‘zlab berdi.

— O‘zbekistonning bugungi avtomobil sanoatini qanday baholaysiz?
— Umuman olganda yomon emas. Menda ijobiy taassurot qoldirgan jihat - bu respublika aholisining katta qismini yoshlar tashkil etishi bo‘ldi. Bunda O‘zbekistondagi 1000 nafar fuqaroga 91ta avtomobil to‘g‘ri keladi. Agar boshqa davlatlar bilan solishtiradigan bo‘lsak, Rossiyada bu ko‘rsatkich 385 avtomobilni, Germaniyada — 575ta avtomobilni tashkil etadi. Bu sohani rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjudligidan dalolat beradi – o‘zbek avtomobil sanoati o‘sishi kerak.

O‘zbekistondagi avtomobil sanoati rivojlanish darajasi meni hayratga soldi. Biz ko‘p detallarni mahalliy ishlab chiqaramiz – bu shtampovkalar, oynalar va salon qismlari. Va shu yerda, Asakaning o‘zida 8 mingdan ortiq odam ishlaydi. Bundan tashqari, bizda hatto dvigatellar ishlab chiqarish ham mahalliylashtirilgan. Albatta, hukumat uchun raqobatbardosh avtomobil sanoatiga ega bo‘lish muhim.

— Korxonani rivojlantirish strategiyangiz qanday?
— Men o‘zim uchun to‘rtta asosiy yo‘nalishni belgiladim. Birinchi navbatda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar sifatiga e’tibor qaratish zarur. Biz uni 25%ga yaxshilashga erishganimizni ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Ikkinchidan, mashinalar ishlab chiqarishni oshirish va ularni o‘z vaqtida iste’molchiga yetkazib berishni yaxshi yo‘lga qo‘yish kerak.

Uchinchidan, korxona yanada raqobatbardosh bo‘lishi kerak. Bu rivojlanish strategiyasinig muhim shartlaridan biri. Bu maqsadga erishish uchun mahalliylashtirish darajasini oshirish va ishlab chiqarishda aynan mahalliy materiallardan foydalanish o‘ta muhim.

Va to‘rtinchidan, yangi Chevrolet Tracker va Chevrolet Onix modellarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish lozim.

— Navbatlar muammosini qanday hal qilmoqchisiz?
— Biz bu masala ustida kunu-tun ishlayapmiz, iste’molchilar orasida talab katta bo‘lgan avtomobillarni ko‘proq ishlab chiqaryapmiz. Biz ommabop Lacetti avtomobilini ishlab chiqarishni 262tadan 366taga yetkazdik (o‘sish - 27%), kunlik Cobalt ishlab chiqarish esa 342tadan 420ta avtomobilga yetdi (18%). Biz avtomobilni xaridorgacha yetkazib berish vaqtini ikki barobar qisqartirishga erishdik, biroq, afsuski, hali ham kerakli joyda emasmiz. Lekin shaxsan men bu maqsadga erishish uchun qo‘limizdan kelganini qilishga kafolat beraman. Darvoqe, Spark avtomobilini xarid qilayotganlar bu mashinalarni shartnomada belgilangan muddatdan ilgari olishlari mumkin. Nexia’ni esa dilerlarimizdan hozirning o‘zida navbatsiz olish imkoniyati bor.

— Dunyoning boshqa mamlakatlarida navbatlar bilan bog‘liq shunday holatlar kuzatiladimi?
—Koronavirusgacha bu muammo qisman bor edi, biroq hozirgi paytda men vatanim — Shvetsiyada ommabop modellarni kutish varaqasi 12 oyni tashkil etadi. O‘zbekistondagi vaziyat bu borada biroz boshqacha ekanligini qo‘shimcha qilmoqchiman — bizning ko‘p mashinalarimiz qayta sotiladi. Bu normal holat emas. Bu, shuningdek, mashina narxi nisbatan pastligidan ham darak beradi, shuning uchun mashina bugungi kunda pul mablag‘larini sarmoya qilish uchun ajoyib vosita.

Lekin shu bilan birga biz avtomobillarning tizimli qayta sotilishi muammosiga duch kelayotganimizni ko‘ryapmiz. Ko‘pincha xaridorlarimiz sotib olgan avtomobillarini darhol sotishadi. Mening vatanim – Shvetsiyada, agar siz rasmiy diler bo‘lmasangiz, bu noqonuniy hisoblanadi.

(Martda kontraktatsiya ochilganidan so‘ng 13 mingdan ortiq xaridor birdaniga ikkita va undan ko‘p avtomobil sotib olish istagini bildirgan. Xaridorlardan biri esa birdaniga 35ta avtomobil uchun buyurtmalarni rasmiylashtirib, oldindan to‘lovni amalga oshirdi — muh.)

— Yaqin kelajakda O‘zbekiston bozorida qaysi yangi modellar paydo bo‘ladi?
— Bu yil biz bozorda yangi — Chevrolet Tracker modelini taqdim etamiz, keyingi yil boshida esa — Chevrolet Onix chiqadi. Bu ikki zamonaviy model odamlarga yoqishiga ishonchim komil. Har ikki modelda oltitadan xavfsizlik yostiqchasi bor. Ular krash-testlarda xavfsizlik bo‘yicha besh yulduzli reytingga ega. Bu mashinalar ajoyib ko‘ngilochar bort tizimi, Wi-Fi va parkovkada yordamchi bilan jihozlanadi. Bundan tashqari, Chevrolet Tracker va Chevrolet Onix yoqilg‘i sarfi nuqtai nazaridan ham juda kamxarj — 100 km.ga 6 litr.

Albatta, men xaridorda o‘z didiga mos mashinaga buyurta berish imkoniyati bo‘lishini xohlar edim. Avtobozorlarga borganimda odamlar o‘z mashinasi boshqa avtomobillardan ajralib turishi uchun xarid qiladigan aksessuarlarni ko‘rib hayratga tushaman. Bunaqasini boshqa hech qaysi mamlakatda ko‘rmaganman. Aynan shuning uchun, hozir biz opsiyalarga buyurtma berish tizimini yaratish haqida o‘ylayapmiz.

— Xorij avtomobillarini olib kirishda boj to‘lovlarini pasaytirish o‘zbek avtosanoatini o‘ldiradi, degan qarash mavjud. Davlat rahbarining topshirig‘iga binoan, bojxona to‘lovi stavkasi 15%gacha pasaytirildi. UzAuto Motors bunga tayyormi?
— Men har doim raqobat tomonida bo‘lganman. Raqobat bu – zo‘r. U yaxshiroq bo‘lishga yordam beradi. Bu esa biz ko‘p sohalarni takomillashtirishimiz kerakligini bildiradi. O‘tgan yili biz 235 ming dona avtomobil ishlab chiqardik, bu yil 340 mingta mashina ishlab chiqarishni rejalashtirgan holda oldimizga kattaroq maqsad qo‘ydik. Ishoning, biz raqobatdan qo‘rqmaymiz.

Ishonchim komilki, UzAuto Motors istalgan boshqa ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatga kirisha oladi. Raqobat bor joyda hayotning o‘zi seni yaxshiroq bo‘lishga majbur qiladi.

— Kompaniyaning avtomagnitolasiz mashina ishlab chiqarish haqidagi qarori ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘ldi. Nima uchun bu qarorga kelingan edi?
— Avvalambor, so‘nggi ikki yil ichida har bir avtomobil ishlab chiqaruvchi yarimo‘tkazgichlar muammosiga duch kelganini aytmoqchiman va har bir avto ishlab chiqaruvchi avtomobil magnitolalari muammosi bilan u yoki bu darajada to‘qnashdi. Afsuski, bizga kutilmaganda yetkazib beruvchilar pand berdi. Hozirgi paytda boshqa yetkazib beruvchilar bilan muzokaralar olib boryapmiz. Bu bizga mashinalarimizda yanada zamonaviyroq avtomagnitolalar ishlatish imkoniyatini beradi.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tmoqchimanki, men xaridorlarimizning istaklari Yevropa xaridorlarining istaklaridan ham kattaroq ekanligidan hayratga tushdim. O‘zbekistondagi har bir xaridor o‘rnatilgan tach-skrinli avtomobil sotib olishi xohlaydi. Har bir xaridor montaj qilingan orqa kamerali mashinaga ega bo‘lishni istaydi.

Mening vatanim Shvetsiyada talab va xohishlar butunlay boshqacha. Masalan, eng mashhur avtomagnitolalar bizda — 1 DIN.

Demak, televideniyedagi jurnalistlar aytganidek, «biz bilan qoling». Tez orada biz yangi qiziqarli yechimlar va yangi avtomagnitolalarga ega yangi texnologik avtomobillarni taqdim etamiz.

— Siz vataningiz haqida gapirdingiz — ishlab chiqarilayotgan avtomobillardan qaysilarini Yevropada, ayniqsa, Shvetsiyada haydagan bo‘lardingiz? Cobalt, Damas, Nexia, Gentra?
— Mening sevimli mashinam — Lacetti. Shvetsiyada bajonidil Lacetti’da yurgan bo‘lardim.

— Lekin agar sizda — Volvo yoki Fiat variantlari bo‘lganda — baribir bizning avtomobilimizni tanlagan bo‘larmidingiz?
—Menimcha, bunday taqqoslash adolatli emas, chunki Shvetsiyada 14 000 dollar evaziga avtomobil xarid qilib bo‘lmaydi.

— O‘zingiz qaysi avtomobilda yurasiz?
— Hozir men Lacetti haydab yuribman.

— «AvtoVAZ»da ishlab yurgan vaqtingizda rahbariyatni Lada’da yurishga majbur qilganingiz rostmi?
—  Biz o‘zimiz ishlab chiqarayotgan avtomobillarni o‘zimizni haydashimiz juda muhim. O‘sha paytda «AvtoVAZ»da top-menejmentning aksar qismi katta Infiniti’larda yurar, biz esa Lada ishlab chiqarar edik, shuning uchun men Lada Largus VIP’ni yaratdim va o‘zim ham shu avtomobilda yurar edim.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring