Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

UzAuto Market innovatsion maydonchasida turli soha yutuqlari jamlandi

UzAuto Market innovatsion maydonchasida turli soha yutuqlari jamlandi

Xususiy ishlab chiqaruvchilar, ilm-fan vakillari, kimyo, qishloq xo‘jaligi, yengil va boshqa sanoatlar vakillari, importchilar va sanoat rivojidan manfaatdor shaxslarni «O‘zavtosanoat» kompaniyasi bir maydonga, Cooperation Lab tarmoqlararo kooperatsiya forumiga jamladi. Forum UzAuto Market innovatsion maydonchasida tashkil etildi, shu yerda yaqin fursatda doimiy asosda kooperatsiya platformasi ish boshlaydi.

Platforma tovarlarni mahalliylashtirish, ishlab chiqarishni oshirish va o‘z mahsuloti eksportini kengaytirishdan manfaatdor tadbirkorlarga foydali bo‘ladi. UzAuto Market da muntazam bo‘luvchi tarmoqdagi ishlab chiqarish korxonalari vakillari tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni ta’minlashda yordam beradilar.

Ishlab chiqarish korxonalari vakillari, Cooperation Labning texnik mutaxassislari, muhandislari va boshqa mutaxassislari ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarga noyob ishlab chiqarish laboratoriyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda mahsulot sifatini yaxshilash, shuningdek innovatsion mahsulotlar va xizmatlarni yaratishda ko‘mak va maslahat beradilar.


UzAuto Market hududidagi ko‘rgazma paviloni doimiy asosda ishlaydi. Bu yerda O‘zavtosanoat va boshqa kompaniyalar tomonidan O‘zbekiston avtobozoriga import qilinayotgan butlovchi detallar, xom ashyo va materiallar taqdim etiladi. Ushbu mahsulot O‘zbekiston hududida, jumladan hozirda mavjud ishlab chiqarish korxonalarida ishlab chiqarish hajmlari va ehtimoliy yo‘nalishlarini namoyish etish maqsadida taqdim etiladi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda avtomobil butlovchi detallari va ehtiyot qismlari importi hajmi 3 mlrd dollarni tashkil qiladi. Ulardan 250 mln dollar ikkilamchi ehtiyot qismlar bozoriga to‘g‘ri keladi, shundan 36,3 foizi O‘zbekistonda ham ishlab chiqariladi. Bozorning katta qismi (55%) O‘zbekistonda chiqarilmaydigan import ehtiyot qismlarga to‘g‘ri keladi. Mavjud ma’lumotlardan kelib chiqib, o‘tkazilayotgan forumning asosiy maqsadlari importni qisqartirish, avtomobil sanoatida ham, boshqa tarmoqlarda ham mahalliy bazaviy xom ashyo va bazaviy materiallardan foydalanishni o‘zlashtirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulot mahalliylashuvi darajasini oshirish, shuningdek tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish sanaladi.


O‘zining tabrik videomurojaatida «O‘zavtosanoat» AJ boshqaruvi raisi Shavkat Bo‘ronovich Umurzoqov mamlakat ishlab chiqarish korxonalari kooperatsiyalangan faoliyat yuritishlari lozimligini qayd etdi:

«Bugungi forum – butun mamlakat sanoati uchun katta voqea, mamlakat kelajagini esa, sizlar (xususiy korxonalar)siz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Nega biz ishlab chiqaruvchilar, bankchilar, ilm-fan va sanoatning boshqa yo‘nalishlari vakillarini bir maydonchaga jamladik? Sizlarga avtomobil sanoati imkoniyatlari noma’lum va bu bizning aybimiz. Shuningdek, biz sizlardagi salohiyatdan bexabarmiz. Natijada kerakli sur’atda birgalikda rivojlana olmaymiz. Agar birlashsak, barcha oldinga qo‘yilgan maqsadlarga yetishamiz...

2019 yilda avtosanoat korxonalari tomonidan 3 mlrd dollardan ziyod butlovchi qismlar va xom ashyo import qilindi. Agar o‘zimizda hech bo‘lmasa 1,5-2 mlrd.lik mahsulot ishlab chiqarishni boshlasak, qancha ish o‘rinlari ochilgan, maktablar, bog‘chalar va oqsha tashkilotlarni yanada rivojlantirish uchun mamlakat budjetiga qancha tushum bo‘lgan bo‘lardi. O‘z navbatida, bu – yangi ish o‘rinlari va rivojlangan infratuzilma demakdir...»

Shuningdek, Shavkat Umurzakov O‘zavtosanoatning O‘zbekiston sanoatini rivojlantirish va importni qisqartirish borasida birgalikda ishlashga tayyorligini qayd etdi.

Forum ishi davomida potensial sheriklar ehtimoliy hamkorlik turlarini muhokama qilish, shuningdek namoyish etilgan mahalliylashtirish loyihalari va O‘zavtosanoat korxonalari bilan kooperatsiya imkoniyatlarini ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar.


«JV MAN Auto-Uzbekistan» (hozirgi «UZ TRUCK AND BUS MOTORS») MChJ QK kompaniyasi stendida yangi Sinotruk Golden Prince yuk avtomobili modelining 200 dan ziyod butlovchi detallari taqdim etildi.

Fozil Tillaboyev, menedjer otdela lokalizatsii «UZ TRUCK AND BUS MOTORS»:
«Ma’lumki, yaqinda kompaniyamiz muassislari tarkibiga yangi sherik – «Sinotruk International Investment Limited» kompaniyasi kirdi va bugungi kunda zavodimizda respublikada eng hammabop va ko‘p sotiladigan modellardan bo‘lmish «Golden Prince» shassisi bazasida yuk avtomobillari (yuk ko‘tarish qobiliyati 25 tonnagacha)ni ishlab chiqarish jarayoni kechmoqda. Ishlab chiqarish konsepsiyasida shassini yig‘ish, kavsharlash, bo‘yash va kabinani yig‘ish, shuningdek butlovchi detallarni bosqichma-bosqich mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan. Shu sababli, bugungi forum doirasida biz Sinotruk yuk avtomobilimizning butlovchi qismlarini taqdim etdik. Maqsadimiz – bu investorlarni kompaniyaning mahalliylashtirish bo‘yicha joriy loyihalariga jalb qilish, samarali import o‘rnini bosishni tashkil qilish, bu bilan ishlab chiqarish hajmlarini oshirishdir».

Tarmoqning boshqa korxonalari ham o‘z butlovchi detallarini taqdim etdilar. Chunonchi, «SamAvto» kompaniyasi stendida 200 dan ziyod import qilinuvchi detallar namoyish etildi. Forum ishining birinchi kunidayoq Samarqand zavodi vakillari 10 dan ortiq korxonalar bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishilgani haqidagi xushxabar bilan bo‘lashdilar.

Bugungi kunda «UzAuto Trailer» kompaniyasi 25 dan ziyod mahalliy yetkazib beruvchilar bilan hamkorlik o‘rnatgan. Kompaniya vakillariga ko‘ra, yaqin kelajakda yetkazib beruvchilar sonini ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan.

Jasurbek Shermetov, «UzAuto Trailer» kompaniyasi muhandis texnologi:

«Bugun biz 80 nomdan ziyod turfa detallar (metall, plastmassa, sig‘imli detallar, shlanglar)ni taqdim etdik. Biz detallarni maksimal darajada lo‘ndalikda guruhlashtirish va bu yerda o‘zlashtirish eng maqbul bo‘lgan butlovchi qismlarni namoyish etishga harakat qildik.

Asosiy vazifalarimizdan biri – butlovchi detallarni mahalliylashtirish bo‘yicha mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan kooperatsiya, mahalliylashtirish darajasini oshirish va kompaniya ishlab chiqaradigan mahsulot tannarxini pasaytirishdir».


Manfaatdor korxonalar va tashkilotlarning kelgusi hamkorligi va kooperatsiyasi UzAuto Market kooperatsiya maydonchasi faoliyati doirasida amalga oshiriladi. Kooperatsiya maydonchasi faoliyatiga oid barcha masalalar bo‘yicha quyidagi kontaktlarga murojaat qiling:

[email protected]
Tel: +998 98 362 68 00

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring