Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ravon brendi o‘rniga yana Chevrolet qaytmoqda

Ravon brendi o‘rniga yana Chevrolet qaytmoqda

Foto: «zr.ru»

UzAuto Motors eksport bozorlarida avtomobillarni Chevrolet brendi ostida sotishni boshlamoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2020 yilning mart oyidan boshlab Rossiya, Qozog‘iston va Belarusda Chevrolet brendi ostida taqdim etiladigan dastlabki modellar Spark, Nexia va Cobalt bo‘ladi.

Chevrolet brendidan tashqi bozorlarda foydalanish huquqi UzAuto Motors kompaniyasiga avtomobillarning yuqori sifati jahon avtosanoati yetakchilaridan biri — General Motors kompaniyasi tomonidan belgilangan standartlarga to‘liq javob berganligi uchun berildi.

Qabul qilingan qaror UzAuto Motorsga Chevrolet jahon brendining to‘liq quvvatidan O‘zbekiston Respublikasi ichki bozoridagi kabi eksport bozorlarida ham samarali sotuvni oshirish imkonini yaratadi.

UzAuto Motors kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Chevrolet modellarining Rossiya, Qozog‘iston  va Belarusda distribyusiyasini o‘zi boshqaradi. Dilerlik tarmog‘i mavjud Djeneral Motors Rossiya dilerlari, Ravon dilerlarining bir qismi va Chevrolet vakolatli servis markazlari asosida, ularning geografik joylashuvi va Chevrolet brendi standartlariga muvofiqlik darajasini hisobga olgan holda yaratilgan. 

«Yagona brend ostida ishlash O‘zbekistonda avtomobil sanoatini yanada rivojlantirish va eksport bozorlarida sotishning yangi imkoniyatlarini ochib beradi», deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, UzAuto Motors tomonidan ishlab chiqarilgan Chevrolet Spark, Nexia va Cobalt avtomobillarini xarid qilgan mijozlar uchun kafolatlar, shuningdek, barcha xizmat va UzAuto Motors kompaniyasi tomonidan o‘zining dilerlik tarmog‘i orqali taqdim etiladigan ehtiyot qismlarni sotib olish imkoniyati saqlanib qoladi.

Rossiya va MDH mamlakatlarida Ravon brendi ostida avtomobillar savdosi 2020 yilning o‘rtalariga kelib to‘xtaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring