Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Polkovnikka biriktirilgan «Tracker» jarima maydoniga tiqildi, ammo...

Polkovnikka biriktirilgan «Tracker» jarima maydoniga tiqildi, ammo...

Ijtimoiy tarmoqlarda davlat raqami 01 202 VSG bo‘lgan Tracker avtomobili yo‘l bo‘ylab qarama-qarshi harakatlangani aks etgan videolavha tarqaldi. Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi holatga munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, Tracker Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi ikkinchi mintaqaviy hudud rahbari polkovnik Ibrohim Hasanovga biriktirilgan. Avtomobilni haydovchi Odil Sangilov boshqargan.

Mazkur xizmat avtomobilida o‘z vaqtida qoplanmagan qarzdorlik borligi aniqlangach, Toshkent viloyati IIBB ikkinchi mintaqaviy hudud Ohangaron shahar IIB YHXB Yo‘l-patrul xizmati inspektori tomonidan «Ohangaron Rahmon trans servis»ga qarashli jarima maydoniga qo‘yilgan va holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi boshlangan.

Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati saytida keltirilishicha, qoidabuzar 01 202 VSG raqamli Tracker YHXBB boshlig‘i Olim Saidovga tegishli ekani ko‘rsatilgan ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Unda avtomashinaning 148 million 499 ming so‘m qarzdor ekani qayd etilgan.

Toshkent viloyati IIBB bu holatga ham izoh berdi.

«Chindan ham bu mashinada bartaraf etilmagan qarzdorlik mavjud. Ammo ma’lumotda ko‘rsatilgan summa 3 barobar orttirib yozilgan. Holat yuzasidan tayinlangan xizmat tekshiruvi davomida mavjud qarzdorliklarning kelib chiqish sabablari to‘liq o‘rganib chiqiladi», – deyiladi izohda.

E’tiborli jihati, 148 million so‘mlik jarima haqidagi ma’lumot YHXBBning o‘ziga tegishli. Ammo uni Toshkent viloyati IIBB vakili inkor qilmoqda. Uning aytganidek, jarima 3 barobar kam bo‘lganida ham 50 million so‘mlik qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lyaptimi, shunda? Katta ehtimolki, vaziyat biroz yumshagach, holat «bosti-bosti» qilib yuboriladi.

Yo‘l xavfsizligiga mas’ul idoralarning o‘zlari ashaddiy qoidabuzar bo‘lsa, boshqalardan nima kutish mumkin?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring