Hukumat qarori: O‘zbekistonda «Avtomobilsiz kun» aksiyasi o‘tkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Qaror bilan Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasi tasdiqlandi.
Konsepsiya quyidagilarni nazarda tutadi:
- yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasida normativ-huquqiy bazani mustahkamlash;
- yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish, yo‘llar sifatini yaxshilash, transport vositalari va piyodalarning xavfsiz harakatlanishi uchun ishonchli shart-sharoitlar yaratish
- yo‘l harakati barcha qatnashchilarining huquqiy madaniyatini va zarur malakasini oshirish, intizomini mustahkamlash.
Ichki ishlar vazirligining Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati huzurida Jamoatchilik kengashi tashkil etiladi.
Jamoatchilik kengashining asosiy vazifasi etib, shu jumladan yo‘l harakati qoidalari, sohada xavfsizlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha jamoatchilik fikrini tizimli asosda o‘rganish hisoblanadi.
Endilikda:
- har haftada juma kuni «Yo‘l harakati xavfsizligi kuni» o‘tkaziladi, uning doirasida yo‘l harakati qoidalariga so‘zsiz rioya qilishni ta’minlash va yo‘l-transport hodisalari profilaktikasini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘riladi;
- avtotransport vositalarisiz harakatlanish mumkinligi va zarurligini namoyish qilishga, uning barcha qatnashchilari tomonidan yo‘l harakati qoidalariga rioya etishga ommaviy chaqirishga yo‘naltirilgan «Avtomobilsiz kun» oylik aksiyasi muntazam asosda respublikaning barcha hududlarida tashkil etiladi.
Piyodalar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar to‘g‘risida elektron protokollarni rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalarida o‘rnatilgan videoregistratorlaridan olinadigan videoyozuvlarni tezkor to‘plashning markazlashtirilgan tizimi joriy etiladi, bunda shaxsiy ma’lumotlarning maxfiyligini saqlab qolish imkoniyati ta’minlangan holda ularni rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish nazarda tutiladi.
Bundan tashqari, qaror bilan jami 74 ta, shu jumladan 31 ta yo‘l-patrul xizmati statsionar postlari, 43 ta patrul-post xizmati postlari (blok-postlar va to‘siq postlar)ning faoliyati tugatildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter