Navoiyda mast holatdagi fuqaro IIV xodimini haqorat qildi va urdi
Navoiy viloyatida mast holatdagi fuqaro ichki ishlar organlari xodimini haqorat qildi, urdi va xizmat vazifasini bajarishga to‘sqinlik ko‘rsatdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berib o‘tdi.
Ushbu holat 2019 yilning 17 avgust kuni yuz bergan. Shu kuni soat 19:10larda Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi YHXB inspektori Navoiy shahar, I.Karimov ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelgan, davlat raqam belgisi 85 971 SAA bo‘lgan «Kobalt» rusumli avtomashinani piyodaga yo‘l bermaganligi uchun to‘xtatib, haydovchidan avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarini taqdim etishini so‘ragan, ammo haydovchi Jasur Sayitovda mazkur avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi tegishli hujjatlari bo‘lmagan. Shu sababli, inspektor qonuniy tartibda haydovchi J.Sayitovga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinani Navoiy shahridagi jarima maydonchasiga olib kelgan.
Bundan xabar topgan haydovchi J.Sayitovning 44 yoshli otasi Alisher Hayitov jarima maydonchasiga mast holatda kelib, inspektor tomonidan avtomashina jarima maydonchasiga qo‘yilishiga faol qarshilik ko‘rsatgan. So‘ng uni haqoratlab, unga qo‘l ko‘targan va tan jarohati yetkazgan. Natijada inspektor jiddiy jarohat olib, RShTYoIM Navoiy filialiga olib borilgan. Hozirda unga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Mazkur holat yuzasidan Navoiy shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
O‘z o‘rnida fuqarolarimizga bu kabi harakatlar qonunbuzarlik holati ekanligini eslatish bilan birga, har qanday kelishmovchilik va e’tirozlarini tartibbuzarlikka qo‘l urmay, qonuniy yo‘l bilan hal etishga e’tibor qaratishlarini so‘rab qolamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter