Navoiy ko‘chasida ishkal: janjalning jabrini «Matiz» ko‘rdi
Kecha, 1 sentyabr kuni tunda navbatchilik qismiga 24 yoshli Jahongir R. murojaat qilib, ikki nafar notanish shaxslar kelishmovchilik davomida uning «Matiz» rusumli transport vositasiga zarar yetkazganligini ma’lum qildi, deyiladi poytaxt IIBB xabarida.
Qayd etilishicha, voqea joyiga Shayxontohur tumani IIO FMB xodimlari yetib borishgan. Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, u Navoiy ko‘chasidan avtomobilida uch nafar yo‘lovchi – 23 yoshli Anvar S., 25 yoshli Shahzod Y. va 22 yoshli Muhammadjon B.lar bilan harakatlanib borgan. Orqadan harakatlanib kelayotgan oq rangli «Matiz»dagi shaxslar ularni go‘yoki «o‘tkazib yuborishmagani» sababli Jahongir R.ni to‘xtashga majbur qilishgan.
Natijada orada janjal chiqib, Jahongir R.ning avtomobiliga zarar yetkazilgan. Notanish shaxslar uning avtomobilining oynalarini sindirib, eshiklardan biriga zarar yetkazgan va voqea joyini tark etgan.
Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv natijalariga ko‘ra qonuniy chora ko‘riladi.
«Hurmatli hamshaharlar va poytaxtimaz mehmonlari! Bahsli masalalarni bu tarzda hal qilib bo‘lmaydi. Agar biror shaxs tomonidan yo‘lda siz uchun xavfli vaziyat tug‘dirildi deb hisoblasangiz, ichki ishlar organlariga murojaat qiling. Yuqoridagi holatdagi kabi xatti-harakatlar bilan o‘zingiz huqubuzarga aylanib qolasiz», deyiladi IIBB xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter