Kilometrlik navbatlar: qachon «zapravka»lar tartibga tushadi?
Toshkent shahrida ham «metan zapravka»larga soatlab, ba’zida kunlab navbat kutish odatiy hol bo‘lib qoldi.
Gazga navbatga turgan yuzlab, minglab avtomashinalar ba’zida yo‘lning ikki qatorini egallamoqda: bir qatorida yengil mashinalar, ikkinchisi yuk avtomobillari va avtobuslar. Bu esa yo‘llarda tartibsizlik va tirbandliklarni ham yuzaga keltirmoqda.
«Metan zapravka»larning to‘la quvvat bilan ishlamasligi, ko‘pincha yopiq bo‘lishi AYoQShlarda ham navbatlar hosil bo‘lishiga sababchi bo‘lyapti.
Poytaxtda jamoat transportining falajlangani yengil avtomobillarning keskin ko‘payishiga olib keldi va tobora yoqilg‘i yetishmasligi, tirbandliklar kollapsi yetilib kelmoqda.
Bir necha bor yig‘ilishlar o‘tkazildi, topshiriqlar berildi, va’dalar qilindi, ammo jamoat transportida sezilarli o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.
Hali ham yarim soatlab avtobus kelmaydigan yo‘nalishlar bor. Misol uchun, Sergeli tumaniga harakatlanuvchi 58, 38 yo‘nalishli avtobuslar soat 22-00dan keyin deyarli yurmay qo‘yadi. Avtobus haydovchilariga ham oson tutib bo‘lmaydi, ular shunchaki vaqtliroq avtobus saroyiga jo‘nab qolmaydi, balki «metan zapravka»da navbat kutadi! Mana, soat 22-00dan keyin avtobuslarning onlayn harakatidan olingan surat. Hammasi bir joyda, «metan»da turishibdi. Necha soatda navbati kelib, gaz quyib oladi, bizga qorong‘u. Anig‘i shuki, ular bu vaqtda yo‘lovchi tashiy olishmaydi. Bunda kimni ayblashni ham bilmaysan.
Haydovchiga ham qiyin, yo‘lovchilarga ham. Essiz yo‘qotilayotgan qimmatli vaqt, essiz tiklanmas asab tolalari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter