Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

...Jahongir Obidovichga salomlar bo‘lsin!

...Jahongir Obidovichga salomlar bo‘lsin!

Foto: «Xabar.uz»

Kechadan boshlab poytaxtning Amir Temur va Shahrisabz ko‘chalari kesishmasidagi chorraha yonida joylashgan yirik bepul avtoturargoh yopilgani xabarini bergandik.

Shu kunning o‘zida atrofda joylashgan Ucell, Mobiuz (YuMS), Ipoteka bank, O‘zsanoatqurilishbank, Bosh pochtamt va boshqa yirik va kichik tashkilotlar xodimlari katta muammoga duch kela boshladi. Ular avtomobillarini qayerga qo‘yishni bilmay hayron. Chunki, chor-atrofdagi katta-kichik ko‘chalarga to‘xtashni taqiqlovchi belgilar qo‘yib tashlangan. YPX xodimlari bu joylarga «tanda qo‘yishgan»: «znak»ka to‘xtagan mashinalarni shartta «yozishmoqda»!

Foto: «Xabar.uz»

Natijada shu atrofda joylashgan tashkilot xodimlarining bir qismi avtomashinalarini Oloy bozorining pullik «stoyanka»siga qo‘yishga majbur bo‘lishayotir. Bozor avtoturargohi narxi arzonmas: 20 daqiqasi — 1500 so‘m, 40 daqiqasi 3000 bo‘lsa, bir soat «turish» puli 4000 so‘m! Mashinasi to‘rt soatdan ko‘proq qo‘nim topgan odam esa naqd 8000 so‘m sanashga majbur.

Yon-atrofdagi ofislarning hamma xodimlari yoppasiga «damiga osh pishadigan» boyvachchalar emas. Ular orasida o‘rtacha maoshga ishlaydiganlari ham ko‘p... Kuniga sakkiz ming «stoyanka»ning o‘ziga to‘lash esa oyiga 250-300 ming so‘m qo‘shimcha chiqim degandir.

Foto: «Xabar.uz»

Qisqasi, shu kunlarda ishxonasi Oloy bozori atrofida joylagan fuqarolar nafas olgani uchun pul to‘lashmayapti, xolos.

Bepul avtorturargoh o‘rnida «Taşkent Merkez Park Gayrimenkul Yatirim Anonim şirketi» kompaniyasi (Turkiya Respublikasi) va «UzTur Investment and Development» MChJ (O‘zbekiston Respublikasi) tomonidan «Tashkent Central Park» ko‘p tarmoqli kompleksi qurish loyihasini amalga oshirishi aytiladi.

Investor uchun yetarli sharoitlar yaratilar ekan, shu hududda mehnat qilayotganlarga va ushbu ofislarga keladigan mijozlarga tug‘dirilgan qo‘shimcha muammoga yechim ham topish kerak emasmi?! Poytaxt hokimiyati «bu bizning muammo emas, ish beruvchilar yoki mashinasi bor xodimlarning muammosi» deyishi mumkin, lekin shaharlar qurilgani bilan undagi infratuzilmalar aholi (soliq to‘lovchilar) ehtiyojiga qarab yaratilmasa, kim uchun keragi bor bunday megapolislarning? Shahar kengayyapti, kvartallar biqinida, mahallalarda yangi sitilar qad ko‘taryapti, ammo shaharning kommunikatsiyalari o‘sha-o‘sha, yo‘llar, jamoat transportiyam o‘sha-o‘sha ahvol. Holat xuddi puflab shishirilayotgan sharga o‘xshaydi, qayeridandir darz ketib, «paq» etmasa bo‘lgani...

Foto: «Xabar.uz»

Darvoqe, bepul avtoturargoh joylashgan yerga ega chiqqan «sirli va sehrli» investor xususida ijtimoiy tarmoqlarda g‘alati-g‘alati xabarlar chiqqandi, biroq mutasaddilar unga izoh berishgani yo‘q.

...Hokimiyat va hokim Jahongir Obidovichga shu kunlarda Oloy bozori atrofida sarson bo‘lib yurgan, qo‘shimcha chiqim va jarimalarga tushib qolayotgan poytaxt aholisidan salomlar bo‘lsin!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring