Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent viloyatida fotoradarlardan qarzdorligi bor avtoulovlar jarima maydoniga ravona qilinmoqda

Toshkent viloyatida fotoradarlardan qarzdorligi bor avtoulovlar jarima maydoniga ravona qilinmoqda

Toshkent viloyatining xalqaro va davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan avtomobil yo‘llarida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari onlayn rejimda muntazam ishlab kelmoqda. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

2019-yilning o‘tgan davri mobaynida viloyat hududida joylashgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali tezlikni me’yoridan oshirish holati bo‘yicha 54 ming 596 ta qoidabuzarlik aniqlandi. Ularga nisbatan tegishli tartibda qarorlar chiqarilib, qaror nusxalari «O‘zbekiston pochtasi»ning ma’lumotlarni qayta ishlash markaziga orqali qoidabuzarni sodir etgan haydovchi yoki yuridik shaxsning manziliga jo‘natilmoqda.

«Hozirgi kunda transport vositasi egalarining manzillariga sodir etilgan qoidabuzarlik yuzasidan belgilangan jarimalar to‘g‘risida ma’lumotlar yetkazilganligiga qaramasdan jarimalarni to‘lamay yurgan haydovchilar talaygina», deyiladi viloyat IIBB matbuot xizmati xabarida.

Toshkent viloyatining shahar va tumanlari kesimida tahlil qilinganda, Chinoz tumanida 547 ta, Zangiota tumanida 461 ta, Yangiyo‘l tumanida 428 ta, Qibray tumanida 206 ta, O‘rta Chirchiq tumanida 194 ta, Yuqori Chirchiq tumanida 167 ta, Parkent tumanida 106 ta, Ohangaron tumanida 104 ta, Chirchiq shahrida 98 ta, Bekobod tumanida 86 ta transport vositalari egalarining qarzdorliklari mavjudligi aniqlangan.

Ushbu qarzdorliklarni undirish uchun Toshkent viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan qarzdorligi mavjud fuqarolarning avtomashinalari jarima maydoniga joylashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 291-moddasi talablari asosida 60 kun muddat ichida jarimalarni to‘lamaslik, jarima to‘lagunga qadar transport vositasini jarima maydoniga qo‘yishga asos bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring