Farg‘onada dekabrdan elektromobil ishlab chiqarila boshlaydi
Farg‘onada dastlabki elektromobillar joriy yilning dekabr oyida test rejimida ishlab chiqariladi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona shahrida elektromobillar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirayotgan «Central Asia Motors» korxonasida bo‘lib, korxonani ishga tushirish bilan bog‘liq jarayonlar bilan tanishdi.
Farg‘ona mexanika zavodi hududida joylashgan ushbu korxonada umumiy qiymati 50 million dollar bo‘lgan «Elektromobillar uchun ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish hamda yengil va yuk elektromobillar ishlab chiqarish» loyihasi hayotga tadbiq etilmoqda.
Ushbu mablag‘ning 5 million dollari tadbirkorning o‘z mablag‘lari, yana 5 million dollari bank krediti bo‘lsa, qolgan 40 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisoblanadi.
Bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan va 2022 yilda yakunlanadigan loyiha natijasida 350 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. To‘la quvvati bilan ishga tushgach, korxonada yillik 10 ming elektromobil ishlab chiqariladi.
Joriy yilning dekabr oyida 4 ta yengil va 8 ta yuk elektromobillari test rejimida yangi korxona konveyerlaridan chiqadi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda elektromobillarni quvvatlantirish shaxobchalari ommalashmaganini hisobga olgan holda, dastlabki bosqichda gibrid quvvatli (tok va benzin) elektromobillar ishlab chiqarilib, bunda elektr quvvati 20 foizdan kamayganda benzin dvigateli ishga tushadi hamda benzin bilan ishlash jarayonida elektromobil batareyasi quvvat oladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter