Ehtiyot bo‘ling, har joyda «temir qotil»!
1931-yilda rus yozuvchilari — Ilf va Petrov tomonidan ilk avtomobil namunalari ko‘chalarda paydo bo‘lgandayoq, piyodalarning keyingi taqdiri ehtimoliy xavotirga olingan edi. Oradan salkam bir asr o‘tib, bu xavotir chinakkam xavfga, vosita esa — «temir qotil»ga aylanib ulgurdi.
26-yanvar kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ana shu hayot-mamot masalasiga, kundan kunga qurbonlari soni oshib borayotgan yo‘ldagi avariyalar mavzusiga alohida e’tibor qaratildi.
«Bir muhim masalaga barchaning e’tiborini qaratmoqchiman. Umuman, haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan olish oddiy holga aylanib qoldi. Shuning uchun avariyalar soni soat sayin oshib bormoqda», deya ta’kidlarkan, davlat rahbari bu muammoni bartaraf qilish uchun mutasaddilarga, avvalo, o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish, ikkinchidan, o‘qitmasdan va o‘rgatmasdan guvohnoma berish «jinoyati»ga qarshi jazoni kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka qo‘shimcha kiritish yuzasidan taklif kiritish topshirig‘ini berdi.
Albatta, o‘z vaqtida dolzarb masalaga qaratilgan e’tibor, «jinoyat» deb ta’rif berilgan tanqidga mutasaddilar tezkor choralar ko‘rishadi, deb umid qilamiz. Afsuski, bu muammoli masalalarda shu qadar chalkashliklar borki, unga yechim topish ham oson bo‘lmasa kerak. Misol uchun, hozir nima ko‘p — «prava» beradigan avtomaktablar ko‘p.
Endi tasavvur qilib ko‘ring, o‘zi o‘quvchini ming chorlov bilan jalb qilib, pulini olayotgan avtomaktab, qanday qilib uni «vojdeniye»ga majburlay oladi. Agar qat’iy talablar qo‘yilsa, boshqa keluvchi o‘quvchilardan ayriladi. Kamiga har bir o‘quvchi bu yerga o‘zi shart qo‘yib kelsa. Shu o‘rinda avtomaktablarning nufuzi ham o‘sha mijozlar qo‘yadigan «shart» asosida — ya’ni, haydovchilik guvohnomasini tezroq berish, darsga kam chaqirish (yoki umuman qatnashmaslik), narx arzonligi borasidagi tafovutlar asosida tabaqalanadi. Qolaversa, har bir maktab imtihon oluvchilar bilan «osh-qatiq» bo‘lib ketgan.
Yana bir qiziq jihati, ularning joylarda o‘ziga xos agentlari ham bo‘lib, umumta’lim maktablaridan tortib, ustaxonalar, moshina bozorlariyu boshqa turli joylarda manfaatdorlar targ‘ibot bilan shug‘ullanadi. O‘shandayoq «prava» beruvchilar, bo‘lg‘usi «shumaxer»ga hujjatni boshqalardan tezroq berish, ortiqcha qiynamaslik va boshqa qulayliklari bilan reklama qilinadi. Bu soha shu asnoda ishlaydigan bir mexanizmga aylanib ulgurgan. Shu maktablarni bitiruvchisi bo‘lgan ba’zi tanishlarim borki, «D» kategoriyali guvohnomasi bo‘la turib, mashinani kalitini burashniyam bilmaydi.
Endi shu kabi maktablar bitiruvchilarining ayrimlari (kamchilik) avtomobilini «bisot» biladigan va avaylab boshqaradiganlar bo‘lsa, ko‘pchiligi — tavvakalchi ucharlar.
Taassufki, bugun katta trassada o‘shalar hukmron. Qoidaga rioya etib, belgilangan tezlikda harakatlanib ko‘ringchi, yondan siqib, quvib o‘tib, kamiga so‘kib ham ketadi. To‘rt «polosa»li yo‘l chetida piyodalar xarakatlanyaptimi, biror mashina to‘xtab turibdimi yoki ko‘prik ustida harakatlanyapsizmi, farqi yo‘q, ular faralarini yoqib-o‘chirib, yo‘l ber deb tahdid qilgani-qilgan.
Hozir ko‘plab avariyalar aynan o‘sha noto‘g‘ri quvib o‘tish, (masalan qiyalikka chiqishda) oraliq masofa saqlamaslik va yuqori tezlik oqibatida yuz bermoqda. Rivojlangan mamlakatlarda haydovchi kim bo‘lishidan qat’i nazar tasma taqib, keyin xarakatlanadi. Mashina boshqarishda qoidalarga e’tibor beradi. Bizda esa, shu tasmani taqqan yo qoidaga rioya qilgan lallayganu, olddagini quvib o‘tib tez haydagan, svetafordan o‘tip ketishga ulgurgan — uddaburon, degan teskari tushuncha bor, harqalay aksariyatida shu dunyoqarash.
Shu o‘rinda haydovchilarda, ayniqsa kirakashlarda bir odat borki, mashina harakatlandi deguncha telefonni qo‘lga oladi, nomer terishga e’tiborini berib, ba’zan beton to‘siqqa qarab ketib qoladi, ular uchun oddiy bu ermak yo‘lovchini yuragini taka-puka qilishi aniq.
Yana bir ruldan chalg‘ituvchi yomon ermak — «semichka» chaqish bo‘lib, ko‘pchilik uzoq masofaga qatnovchi haydovchilarda bu urfga kirgan.
Bir safar olis manzilga ketayotganimizda kirakash haydovchi yo‘l-yo‘lakay nos kapalayman deb, katta tezlikdagi mashinani chayqatvordi. Bundan, yo‘lovchi xorijlik ikki sayyoh chunonam qo‘rqib ketib, vahima bilan baqirib yuborishdi. Lekin o‘sha kirakash bunga e’tibor ham bermadi, kamiga bezbetlarcha ularga qaratib kaftidagi nos qoldig‘ini puflavordi. O‘shanda salon ichiga tarqagan achchiq kukundan aksa urayotgan sayyohlar, qaytib bu yerlarga kelmayman deb ahd qilgani aniq. Kamiga jaziramada ularni metan shoxobchada tushirib, qancha kuttirgan edi.
Bizda haydovchilar o‘ta ta’sirchan. Rulga o‘tirdimi, musiqani yoqib, o‘shaning ta’siriga tushadi, mashina boshqaruvi ham shunga moslashadi, yo‘ldagi chuqurlarni «terish» ilinjida qarama-qarshi yo‘nalishda ham harakatlanaveradi. Qarshisida mashina ko‘rinsa ham chetga qochishga unchalik shoshilmaydi. Guyoki «shumaxer» obrazida.
Afsuski, biror hodisa yuz bersa, eng avvalo, jabrdiyda yo‘lovchi bo‘lib qoladi. Aksariyat holatlarda haydovchi avariya vaqtida himoyalanib qoladi. Ko‘pchilik hodisalar ham buni tasdiqlaydi. Yo‘ldagi ba’zi haydovchilarga xos oliftagarchilik, hovliqish, kibr ortidan keluvchi falokat jabrini yo‘lovchi tortadi. Biror hodisa yuz bermagan taqdirda ham, yuqori tezlik, ba’zi qo‘rqinchli holatlar oqibatidagi qo‘rquvlar yomon kassaliklarga olib kemaydi, deysizmi?
Trassada taksilar doim yuqori tezlikda xarakatlanadi, ishonavering, shuncha mablag‘ sarflab yo‘llarga o‘rnatilgan radarlarning ularga deyarli ta’siri yo‘q. Qaysi kirakash borki, qayerda radar bor, ko‘chmalari qayerga o‘rnatilgan, hammasidan xabardor. Ularda o‘zaro tizimli aloqa mavjud.
Xo‘sh, nima qilmoq kerak?
Birinchidan, Prezident takidlaganidek, o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish, o‘qitmasdan va o‘rgatmasdan guvohnoma berish «jinoyati»ga qarshi jazoni kuchaytirish.
Ikkinchidan, avtomaktablar litsenziyasini ularning bitiruvchilari buzadigan qoidalar asosida monitoring qilib borish va shu asosda ularning keyingi taqdirini belgilash lozim.
Uchinchidan, OAVda, avtomaktablarda, taksi faoliyatini yo‘lga qo‘ygan firmalarda, o‘quv yurtlarida, masjiddagi ma’ruzalarda ham imkon qadar o‘sha «shumaxerlar»ning psixologiyasini ijobiy tarafga o‘zgartiradigan targ‘ibotlarni olib borish va ular ongida «na’munali haydovchi» fenomenini yaratish.
To‘rtinchidan, haydovchilarni qisman qanoatlantiradigan tezlik me’yorini joriy etish va individual harakatdagi radarlarni ko‘paytirish.
Beshinchidan, yo‘llarni talabga javob beradigan tarzda ravon qilib ta’mirlash.
Shu asnoda aytadiganimiz: «yuzda yurmang, yuzga kiring». Shoshilmang, manzilingiz yaqin, umr yo‘lingiz uzoq bo‘lsin.
Shuhrat Normurodov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter