Yaxshi xabar: kontrakt to‘lovi uchun o‘tkaziladigan ish haqiga soliq imtiyozi saqlab qolindi
Yanada yaxshi xabar: imtiyoz qismiga endi turmush o‘rtoqlar ham qo‘shildi.
Yodingizdami, ancha avval yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasida talabalarning kontraktlariga o‘tkaziladigan ish haqiga oid imtiyozni butunlay bekor qilish taklif etilayotgani haqida yozgandim.
Lekin Prezident tomonidan imzolangan yangi tahrirdagi Soliq kodeksida ushbu imtiyoz saqlab qolinibdi. Qolaversa, imtiyoz avvalgidan ham kengayib, endi turmush o‘rtog‘ining (er yoki xotin) kontrakti uchun o‘tkazilgan ish haqidan ham daromad solig‘i olinmaydigan bo‘libdi.
O‘zi qanday imtiyoz bor edi?
Avvalgi Soliq kodeksining 179-moddasi 31-bandiga binoan, fuqarolarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlarining O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish uchun (o‘zining o‘qishi yoki yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarining o‘qishi uchun) yo‘naltiriladigan summalari daromad solig‘idan ozod qilinar edi.
Bu nima degani?
Masalan, ota o‘z farzandining kontrakti uchun ish haqining bir qismini, aytaylik 1 mln so‘mini to‘g‘ridan-to‘g‘ri institut hisobiga o‘tkazadi deylik. Buning uchun institutdan shartnoma (hisob-raqam) olib, tashkilot buxgalteriyasiga ariza berib qo‘yish kerak edi. Bunday vaziyatda agar ota 3 mln so‘m oylik olsa, demak farzandining kontrakti uchun o‘tkazgan 1 mln so‘mdan daromad solig‘i ushlanmas, faqat qolgan 2 mln so‘mdan soliq olinardi.
Bu yerda asosiy jihat shunda ediki, faqat o‘zining yoki 26 yoshga to‘lmagan farzandining kontrakti uchungina shunday imtiyoz berilardi. Turmush o‘rtog‘i, aka-ukasi, kelini yoki boshqa qarindoshlarining kontrakti uchun ish haqidan o‘tkazilsa hech qanday imtiyoz qo‘llanmasdi.
Endi nima bo‘ldi?
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 378-moddasi 16-bandiga binoan, O‘zbekiston Respublikasining oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish (o‘zining, yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) ta’lim olishi) uchun yo‘naltiriladigan soliq solinishi lozim bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlariga soliq solinmaydi.
Demak, quyidagi 3 toifaning kontrakti uchun o‘tkazilgan ish haqlaridan daromad solig‘i ushlanmaydi:
1) fuqaro o‘zining kontraktiga o‘tkazsa;
2) 26 yoshga to‘lmagan farzandining kontraktiga o‘tkazsa;
3) erining (xotinining) kontraktiga o‘tkazsa.
Talabalar va ularning ota-onalari yengil nafas olishlari mumkin. Talabalarning turmush o‘rtoqlari esa xursand bo‘lishga haqli.
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter