Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Хушнудбек Худойбердиев

Qozog‘istondagi fojia haqida: «Mendan so‘rasangiz – hammasiga sifatsiz ta’lim aybdor deyman!»

Qozog‘istondagi fojia haqida: «Mendan so‘rasangiz – hammasiga sifatsiz ta’lim aybdor deyman!»

Favqulodda vaziyatlar vazirligi bugun Qozog‘istondagi fojiada halok bo‘lgan 49 nafar yurtdoshimizning ro‘yxatini e’lon qildi. Ro‘yxatni ko‘rib, yurak-bag‘rim yana qon bo‘ldi. Albatta, har bir vafot etgan insonning dog‘i barchamiz uchun yuk, lekin halok bo‘lganlar orasida ota-bola, aka-ukalarning borligi qalbimizni battar tirnayapti.

Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidan ota-bola – 1970 yilda tug‘ilgan Ma’rufjonov Adhamjon (48 yosh) hamda uning farzandi Avazbek (21 yosh) ham halok bo‘libdi.

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidan aka-ukalar Madrahimov Hamidullo (32 yosh) va Habibullo (27 yosh) bu yorug‘ olamni erta tark etishdi.

Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi Muhsinjonovlar oilasidan yana bir aka-ukalar Turdiali (24 yosh) va Abdulboqi (22 yosh) ham endi oramizda yo‘q.

Qanday fojia yuz berganini his qilib ko‘rayapsizmi o‘zi?

Qanchadan-qancha oila suyangan tog‘ini yo‘qotdi. Qanchadan-qancha ota-onalar navqiron, ayni kuchga to‘lgan farzandu jigarbandidan ayrildi. Vodiy uzra motam buluti kezib yuribdi...

Ijtimoiy tarmoqlarda bularga kim aybdor degan savollarni ko‘p berishmoqda. Ayrimlar ishsizlikdan tortib bilet narxlarigacha, qishloqlarda sharoit yo‘qligidan tortib marhumlarning o‘zlarini ham aybdor qilib ko‘rsatishayapti.

Lekin, mendan so‘rasangiz, bularning barchasiga sifatsiz ta’lim aybdor deb javob beraman.

Ishsizlik ko‘pmi? Chunki ta’lim tizimimiz yangi ish o‘rinlarini ochadigan, innovatsion g‘oyalar, tashabbuskorlik bilan yashaydigan har tomonlama yetuk kadrlar yetishtirib bera olmayapti.

Tadbirkorlarimiz rivojlanmayaptimi? Chunki ta’lim tizimimiz tadbirkorning yuragi bo‘lgan kuchli menejerlar, marketologlar, uzoqni ko‘ra oladigan moliyachilarni yetishtirib bera olmayapti.

Korrupsiya kuchlimi? Chunki ta’lim tizimimizning o‘zi korrupsiyadan xoli emas. Bog‘chaga bolangizni pul bilan qo‘yganingizdan keyin u institutni tugatib diplom olguncha qanchadan-qancha qorni qappaygan vijdonsiz rahbarlarning cho‘ntagini boyitishingiz kerak.

Chetda mardikorlik qilishayaptimi? Chunki ta’lim tizimimiz zamonaviy mehnat bozoriga raqobatbardosh kadrlar tayyorlab bera olmayapti. Bizning ta’limdan chiqqanlarning ko‘pchiligi (hammasi emas) nari borsa ko‘cha supurish yoki qurilish qilishga yarayapti xolos.

Xo‘sh, yana qaysi soha kerak? Yurtimizda malakali shifokorlar kammi? Chunki tibbiy ta’lim chirib bitgan.

Yurtimiz o‘z tabiiy boyliklaridan samarali foydalana olmayaptimi? Chunki neft-gaz, geologiya va shu kabi sohalarda pichoqqa ilinadigan mutaxassis tayyorlash ta’lim tizimimiz uchun amrimahol.

Yurtimiz yerlari kam samarali ekinlar bilan band qilinayaptimi? Chunki ta’lim tizimimiz qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya-melioratsiya sohasida birorta natija ko‘rsata olmayapti.

Umuman, mamlakatimizda qaysi soha oqsayotgan bo‘lsa, qaysi sohada tizim ishdan chiqqan bo‘lsa, bilingki, ularning zamirida sifatsiz ta’lim yotadi. Ta’limi rivojlanmagan, o‘qituvchisi hurmatga ega bo‘lmagan jamiyat hech vaqoga erisha olmaydi. Bunday jamiyatning boshida faqat motam bo‘ladi xolos.

Qozog‘istondagi fojiada kirish imtihonlarida nafsiga qul bo‘lib, millatiga xiyonat qilayotgan korrupsioner mas’ullarning hissasi bor.

Qozog‘istondagi fojiada o‘qituvchini paxta dalasiga haydagan, ularga ko‘cha supurtirgan mas’ullarning hissasi bor.

Qozog‘istondagi fojiada o‘qituvchilarni qog‘ozbozlikka ko‘mib, har bir yo‘talgani uchun ham hujjat so‘raydigan tizimni yaratib qo‘ygan mas’ullarning hissasi bor.

Qozog‘istondagi fojiada sessiya paytlari jaraq-jaraq pul evaziga kallasi bo‘m-bo‘sh talabalarni himoya qiladiganlarning hissasi bor.

Qozog‘istondagi fojiada sifatli ta’lim tizimini yaratish uchun mas’ul bo‘lgan, lekin buni shuncha yildan buyon uddalay olmayotgan barchaning hissasi bor.

Kelgusida bunday fojialar takrorlanmasligi uchun «bizda hammasi yaxshi, ta’limga e’tibor katta, ko‘p mablag‘lar ajratayapmiz, kirish imtihonlarida qing‘irliklar aniqlanmadi, besh-olti nafar o‘quvchimiz xalqaro olimpiadada o‘rin oldi, demak, tizim zo‘r» degan oldi-qochdi gaplarni bugundan yig‘ishtirib, ilm-fanni, intellektual olamni rivojlantirish, o‘qituvchilarning obro‘si va salohiyatini oshirish yo‘lida jiddiy, keng ko‘lamli islohotlarni boshlashimiz kerak.

Ertaga kech bo‘lishi mumkin... Har ikki-uch oyda o‘zga yurtga ish izlab ketayotgan 50-60 nafar begunoh yurtdoshlarimizdan ayrilib qolishni jimgina kuzatish og‘ir.

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети