Keliniga oshiq qaynota yoki davomiy dahshatlar...
Bugun o‘tayotgan har lahzamiz, nazarimda, yaqinlarimiz diydoridan chalg‘ituvchi, ulardan uzoqlashtiruvchi ba’zi bemaza omillar hisobiga boyib borayotgandek. Shulardan eng ko‘p vaqtimizni va ongimizni o‘g‘irlayotgani — seriallar.
Kechki tomon ayni tig‘iz payt har oilada mehmon shu savil. Eng yomoni, faqatgina mehmongina emas, ba’zi oilalarda to‘laqonli hukmron ham shu seriallar...
Jimlik vaqti...
Tasavvur eting, azonlab tirikchilik g‘amida ketgan er ishdan kech qaytdi. Kunini bog‘chada yoki maktabda o‘tkazgan bolakay sog‘ingan onasiga entikib yaqinlashdi, erkalanib biror gap aytsin-chi, inkor etuvchi va keskin ogohlantiruvdan seskanishi aniq — «Jim! Serial qiziq joyiga keldi» (tanish holatmi?).
Ha, kulib ko‘z oldimizdan o‘tkazayotgan bu hol aslida fojianing o‘zi. Bilsangiz, o‘sha to‘rt soatlik (18 dan 22 gacha) bo‘lgan «jimlik vaqti» aslida oila deb atalmish hayotiy va umr serialimizning necha-necha qiziq sonlari badaliga sarflanmoqda. Eng yomoni, ayollarimiz oilasidagilardan-da ekrandagi to‘qima obrazlarni o‘ziga eng qadrdon bilib qolayotganidir. Bunga birgina misolni o‘sha turk serialidagi (qo‘shnisining xotiniga oshiq obrazidagi) aktyor Toshkentga kelganida ayollarimizning achinarli va uyatli ta’qiblari misolida ham ko‘rdik.
Eng yomoni, o‘sha, ayollarimizning xayolini o‘g‘irlayotgan, oilasiga o‘gaylik qilayotgan «jimlik vaqti», psixologlarning fikricha, insonning mehr garmonlari faollashadigan vaqtga to‘g‘ri kelarkan. Shu asnoda kuni bilan soch qirtishlagan sartarosh, dalada mehnat qilgan dehqon deymizmi yoki zavoddagi shovqindan qadrdon maskaniga halovat istab qaytgan hazrati erkaklarimiz, o‘z uyida jimlikka mahkum etilsa. O‘sha serial qurg‘urning saviya yoki tarbiyaviy ahamiyatga ega tarafi bo‘lsa ham koshkiydi. Shaxsan o‘zim va oilam bu «sehrli olam»ga mubtalo bo‘lmagan bo‘lsak-da, kanallarni varaqlay turib, shu oniy lahzada duch kelayotgan sahnalarning o‘zidanoq hayratga tushaman.
Dahshat!
Ssenariysi keliniga ko‘z suzayotgan qaynota, xotinining singlisini zo‘rlamoqchi bo‘lgan pochcha, keksa ustozining xotiniga oshiq savdoyi shogird kabi pastkash obrazlar hisobiga boyitilgan va qiziqarli qilingan bu seriallar bizga nima beradi?! Aniqrog‘i, nimani o‘rgatmoqchi?!
Bu seriallar bilan ibo va hayoga belangan, bor g‘ururimiz bo‘lgan o‘zbek ayolini, rashkidan zamin titraydigan erkaklarimizni boshqalarga qanday qilib ko‘rsatmoqdamiz?!
Olis qishloqda yashovchi, hali internet bilan yuzlashmagan, beg‘ubor olam sohibi bo‘lgan oddiy bir qassob do‘stim iztirob bilan so‘rab qoldi: «Jo‘ra, Toshkenda hayot shunchalikmi?».
Aslida ko‘pchilik qishloqlar aholisi ham shu fikrda. Bu yoqda esa kishi tilga olishga ham jirkanadigan mavzular kunda namoyish etilib, oddiy voqelik kasb ettirilmoqda. Yer yuzidagi razillikdan bezgan xalqlar o‘zbek oilasi timsolidan hali taskin olib yurgan bir paytda, biz ularga «dars» bera boshladik.
Shu o‘rinda, «Hayot jilg‘alari», «Opa-singillar», «Maftuna», «Mehmonjonlardan aylanay» kabi seriallarimiz bugunoq oilamizning aziz mehmoni bo‘lsa qarshi emasmiz.
Erkaklarimizga aytadiganimiz shu: «Bugun, kech bo‘lmasidan, oilangizdagi o‘sha qadrli va qimmatli bo‘lgan «jimlik vaqti»ni buzing va umr serialida o‘zingiz bosh rolni egallang!».
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter