Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Шахноза Турахужаева

O‘zbekiston kuchli 20 talikka kira oladimi? Prezident Qarori haqida

O‘zbekiston kuchli 20 talikka kira oladimi? Prezident Qarori haqida

Foto: «Finclub.net»

Shu kunlarda «Biznes yuritish» xalqaro reytingi ko‘p tilga olinyapti. Bunga ikki sabab bor: birinchisi, Xalqaro bankning 2018-yil oktyabr oyi oxiridagi «Biznes yuritish 2019: treninglar va islohotlar» nomli ma’ruzasi, ikkinchisi esa kuni bir hafta avval (05.02.2019) qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4160 sonli Qarori. Maqola ana shu ikki hujjat haqida.

Avvalo, «Biznes yuritish» dokladi o‘zi nima degan savolga javob bersak.

«Biznes yuritish» dokladi («Doing Business Report») — Jahon banki maxsus guruhining har yili dunyodagi 190 mamlakatda biznes yuritish sharoitlarini 10 ta ko‘rsatkich bo‘yicha tahlil qilib, natijalarini jamlagan dokladi. 16 yildan beri tayyorlab, e’lon qilib kelinadigan ushbu doklad tadbirkorlik faoliyatini boshlashdan tortib uni olib borish va yakunlash (korxonani yopish)ga qadar jarayonlarni tartibga soladigan huquqiy normalarni baholab borishga qaratilgan.

«Biznes yuritish 2019: treninglar va islohotlar» nomli so‘nggi ma’ruzada aytilishicha, oxirgi yilda butun dunyo bo‘ylab ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan 314 ta islohot qilingan. Bu turli mamlakatlar hukumatlari tomonidan amalga oshirilgan tadbirkorlik muhitini yaxshilashga qaratilgan o‘zgarishlarning o‘ziga xos rekord ko‘rsatkichidir.

Doklad e’lon qilib kelinayotgan so‘nggi 16 yilda esa dunyo bo‘ylab tadbirkorlik sohasini osonlashtirishga qaratilgan jami 3500 ta progressiv islohot amalga oshirilgan.

Endi bevosita O‘zbekistonning natijalariga to‘xtalsak.

Bundan 5 yil avval yurtimiz ushbu reytingda 190 mamlakat orasida 149-o‘rinda turar edi. So‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich sezilarli darajada yaxshilandi va O‘zbekiston reytingda 76-o‘ringa ko‘tarildi.

Albatta, reyting nisbiylik asosiga qurilgan. Bir davlat o‘zi amalga oshirgan islohotlar bilangina reytingda yuqorilab boravermaydi. Chunki musobaqadosh boshqa mamlakatlar ham qarab turmaydi. Ular ham biznesni qulaylashtirish yo‘lida o‘zgarishlar qiladi. Shunga ko‘ra so‘nggi yillarda O‘zbekistonda islohotlar shiddati susaymagan, aksincha, ortgan bo‘lsa-da, reytingda ikki pog‘onaga pasaydik. Sababi, boshqa davlatlar ham juda ko‘p o‘zgarishlar qildi.

Masalan, 2018-yilda Afg‘oniston, Jibuti, Xitoy, Ozarbayjon, Hindiston, Togo, Keniya, Kot-d’Ivuar, Turkiya va Ruanda eng ko‘p o‘zgarishlar qilgan davlatlar qatorida sanalgan. Amalga oshirilgan jami 314 o‘zgarishning uchdan bir qismi, ya’ni 107 tasi Afrikaning Sahroi Kabirdan janubdagi davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yuqorida tilga olingan 10 ta band bo‘yicha O‘zbekistonda eng yaxshi ko‘rsatkich «Korxonalarni ro‘yxatga olish» yo‘nalishida qayd etilgan, ushbu mezon bo‘yicha O‘zbekiston jahonda 12-o‘rinda turadi. Eng yomon ko‘rsatkich esa «Xalqaro savdo» yo‘nalishida bo‘lib, biz 165-o‘rinda turibmiz (o‘tgan yili 168-chi edik!).

Demak, islohotlar yanada jadal bo‘lishi, mamlakatda tadbirkorlik muhitini tubdan yaxshilash choralari ko‘rilishi, jiddiy o‘zgarishlar muntazam va tizimli tarzda amalga oshirib borilishi lozim. Buni yaxshi anglagan mamlakat rahbariyati o‘z oldiga jiddiy maqsad qo‘ydi va zarur chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqdi.

Maqsad keyingi uch yilda reytingda kuchli 20 talikka kirish!

«Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori aynan shu maqsadda qabul qilingan.

Qarorda yuqorida tilga olingan 10 yo‘nalishning har biri bo‘yicha respublikada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator yengilliklar ko‘zda tutilgan. Eng ko‘p o‘zgarish qurilish sohasida bo‘ladi. Bundan tashqari mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish, elektr ta’minoti, minoritar aksiyadorlarni himoya qilish, kontraktlar ijrosini ta’minlash, xalqaro savdo sohalarida ko‘plab yengilliklar berilishi ko‘zda tutilmoqda.

Qator byurokratik tartiblar bekor qilinmoqda (masalan, tadbirkorlar endi muhrsiz ham faoliyat yuritishi mumkin, korxonani Davlat xizmatlari agentligida bir necha daqiqalarda ro‘yxatdan o‘tkazish, so‘ng o‘sha yerning o‘zida bankda hisob raqami ochish mumkin bo‘ladi, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun ruxsatnoma kerak emas va hokazo), elektron hujjat almashinuviga keng yo‘l ochilmoqda, hissadorlar huquqlari himoya qilinmoqda.

O‘zbekiston reytingda 2020-yilda — 66, 2021-yilda — 33 va 2022-yilda — 20-o‘ringa ko‘tarilishi kerak (shiddatga e’tibor bering!).

Bu maqsadga erishish mumkinmi? Reytingda yuqori o‘rin olish bizga nima beradi? Qarorning ahamiyati qanday? Oxir-oqibat biz nimaga erishamiz?

Ushbu savollar bilan xususiy sektor vakillari, tadbirkor va iqtisodchi mutaxassislarga murojaat qildik. (Qarorda bundan keyin reytingda yuqorilab borish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda xususiy biznes vakillari bilan muntazam maslahatlashib borish vazifasi ham belgilangan.)


Zafar Hoshimov, tadbirkor:

Marrani yuqori olish lozim

«Doing Business Report» mutaxassislari har yili biznes yo‘lidagi to‘siqlar, qiyinchiliklar va shart-sharoit haqida ob’yektiv ma’lumot olish uchun tadbirkorlarning keng qatlami orasida suhbatlar va intervyular o‘tkazishadi. Biz u so‘rovnomalarda muntazam qatnashib boramiz. Ushbu jarayon bilan bevosita tanish inson sifatida aytishim mumkinki, reytingda 20 talikka kirish mumkin.

Rasmiyatchilik va qog‘ozbozlikning ko‘pligi tufayli qanchadan-qancha biznes g‘oyalar amalga oshmay qolib ketdi. Biznes qilaman deb turli tashkilotlarga borib, boshi bir-ikki devorga urilib, oxiri mening qo‘limdan kelmas ekan, deb tashlab ketgan tadbirkorlarning yo‘qotilgan g‘oyalari tufayli iqtisodimiz boy bergan narsalarni biz hali hisoblab chiqmadik.

Biz chakana savdo bilan shug‘ullanamiz. Asosiy ishimiz xaridorga qulaylik yaratish, mahsulotni sifatli holatda yetkazib berish, narxlarni tushirish ustida bosh qotirish va hokazo. Ammo buning o‘rniga boshqa tashkiliy ishlar, ovoragarchiliklarga o‘zimizni, vaqtimizni va boshqa resurslarimizni sarflaymiz. To‘rtta odam qilayotgan ishni bitta odam qilsa, albatta, xizmatlarimiz va mahsulotlarimizning narxi tushadi, raqobatbardoshligimiz oshadi, biznes rivojlanadi, xalqqa ham yaxshi bo‘ladi.

Bizda ishchi kuchi arzon, energiya resurslarimiz bor, ammo nega biznes qilish qiyin edi? Chunki byurokratiya va sun’iy to‘siqlar tufayli investitsion jozibamizni yo‘qotib qo‘ygandik.

Biznes yuritishni soddalashtirish, aslida, biz o‘ylaganchilik og‘ir ish emas. Bu yerda ko‘p narsa siyosiy irodaga bog‘liq. Qarorda belgilangan chora-tadbirlarni amalga to‘liq tatbiq qilish mas’ullarning, idoralarda ishlayotgan shaxslarning siyosiy irodasi va mafkuraviy yetukligiga bog‘liq.

Qarorda men mamlakat rahbariyatining katta siyosiy irodasini ko‘rdim. Endi quyi pog‘onadagi rahbarlarning ahvolni naqadar tushunishi, o‘z shaxsiy va korporativ manfaatlaridan mamlakat manfaatlari yo‘lida voz kecha olishi, bunga kuch va irodasi yetishiga ko‘p narsa bog‘liq.

Davlat o‘zi korxonalar ochib, ishchi o‘rinlar yaratib o‘tirishi kerak emas. Biznes qilishni soddalashtirib bersa, tadbirkorlar ham ko‘payadi, ish o‘rinlari ham yaratiladi, farovonlik ham oshadi.

Xorijlik tadbirkorlar investitsiya olib kirishdan avval, albatta, ushbu reytingni va bizdagi holatni o‘rganishadi. Kuzatishlari natijasidan qoniqsalar, mablag‘ olib kiradilar. Ya’ni reytingda yuqorilash tufayli mamlakatimizning investitsion jozibasi ortadi.

Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlar va umuman maqsadni juda ijobiy baholayman. Davlatdan shunday tashabbus chiqayotgani meni islohotlarga  optimistik nazar bilan qarashga undaydi. 20 talik emas, 30 talikka, boring, 40 talikka kirsak ham, bu juda yaxshi ko‘rsatkich. Marrani doim yuqori olish kerak.


Abduqahhor Iminoxunov, iqtisodchi, tadbirkor:

Ijobiy o‘zgarishlar bor, ammo yanada ko‘proq bo‘lishi kerak

Qarorni qiziqish bilan o‘qib chiqdim. O‘z kompaniyam faoliyati misolida aytadigan bo‘lsam, 2016 va 2018-yilda qurilish qilgan edik, 2018-yilda qurilish qilish uchun ruxsatnomalar olish jarayoni sezilarli darajada soddalashgani, tadbirkorlar uchun qulaylashtirilgani amalda ko‘rindi.

Bu arxitektura-qurilish topshirig‘i va qo‘shimcha qurilish qilish uchun ruxsatni bevosita hokimiyatga bormasdan, Davlat xizmatlari markazi orqali olganimizda yaqqol ko‘rindi

Qaror bilan ushbu jarayon yanada soddalashtirilishi belgilab berilibdi, bu ishlar, albatta, tahsinga sazovor

Hozirgi kunda tadbirkorlik uchun yer maydoni sotib olayotganda uning qanday maqsad uchun olinishi aniq ko‘rsatilishi talab etiladi, qaror bilan bu talab bekor qilinishi ham ijobiy qadam bo‘lgan.

«Topos’yomka» ham qo‘shimcha xarajat talab qiluvchi tadbir, bu ish endi tadbirkor uchun tekin bo‘ladigan bo‘libdi, ham vaqt, ham mablag‘ tejaladi.

Shu bilan birga, nazarimda, hali qilinadigan ishlar ko‘p. Masalan, banklarda hisob raqami ochishni masofaviy qilish mumkinligi yozilgan, lekin mexanizmi aniq ochib berilmagan, FATF talablariga havola berilgan, ammo bu talab aniq ochib berilmagan.

Taklifim shuki, hududlarda har bir bank filiali Davlat xizmatlari markaziga o‘z tijorat takliflarini bersalar, tadbirkorlik sub’yekti ochilgan vaqtda tadbirkor o‘z xohishiga ko‘ra o‘zi istagan bank filialini tanlasa va DXM tadbirkorning shaxsini pasporti orqali aniqlab, hisob raqami ochish uchun arizani bank filialiga jo‘natsa, bu masala masofaviy hal bo‘ladi.

«Yo‘l xarita»dagi 43-band juda qiziqarli, lekin avia va temir yo‘l sohasida monopoliya hukm surib turgan bir paytda ushbu bandda ko‘rsatilgan vazifalar yana aynan shu monopolistlarning o‘ziga yuklanishi to‘g‘rimikan degan savol ustida o‘ylab ko‘rish kerak.


Alisher Abdujabborov, xususiy tadbirkor, iqtisodchi:

Son emas, sifat muhim

Qarorni o‘qib chiqdim. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, unda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshishi, umuman, ushbu reytingda ko‘tarilish biz uchun zarar keltirmaydi. Maqsadga erishish uchun imkoniyatimiz ham bor: Gruziya kuchli 10 talikka kirdi, demak, O‘zbekiston ham kuchli 20 talikka kirishi mumkin.

Ammo maqsad faqat o‘rinlaru ko‘rsatkichlar ortidan quvish bo‘lib qolmasligi kerak. Oxir-oqibatda mazmunan o‘zgarishlar ham bo‘lishi lozim.

Masalan, Elektron hukumatni ham ezgu maqsadlar uchun joriy qildik. Lekin ushbu elektron tizim naqadar qulay? E-Kontrakt degan dastur mohiyatan oddiy tadbirkorning ishi osonlashishi uchun joriy etilgan, ammo amalda E-Kontraktni to‘ldirishni o‘rganish uchun odamlar 10 kunlik kursda o‘qiyapti... Ya’ni osonlashtirish maqsadida qilingan ish oxir-oqibat qiyinchiliklar tug‘diryapti... Qarordagi chora-tadbirlarni amalga oshirishda shu holatlar takrorlanmasligi lozim.

Biznes yuritishni osonlashtirish uchun ko‘p narsa kerak emas. Islohotchilarda maqsad, xohish va siyosiy iroda bo‘lsa, deputatlar inson manfaatlarini o‘ylasa, poraxo‘rlarning esiga insof, vijdon degan narsalar tushsa bo‘ldi. Kampaniyabozlik emas, ishni boshidanoq puxta qilish haqida o‘ylansa, albatta, biz faqat reytinglarda yuqorilab qolmay, tub o‘zgarishlarni ham amalga oshira olamiz.

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети