Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

Putinga suiqasdmi yoxud dron hujumini kim, nima uchun uyushtirgan?

Putinga suiqasdmi yoxud dron hujumini kim, nima uchun uyushtirgan?

Kecha, 3 may kuni Rossiya mediasida tunda ikki dron (uchuvchisiz uchar jism) Kreml binosiga kelib urilgani aks etgan video tarqaldi. Rasmiy Moskva bu hujumni prezident Putinga suiqasd va terakt deya baholadi.

Shundan so‘ng, axborot makonida turli ma’lumotlar urchiy boshladi. Xususan, o‘zbek segmentida ham Kremlga qilingan hujum haqida xabarlar bolalab ketdi. Kremlga hujum to‘g‘risidagi ma’lumotni o‘qigan kishining xayoliga, birinchi bo‘lib «Putinga nima qilgan ekan», degan fikr kelgan bo‘lsa, ajab emas!

Bu savolga javob o‘zini uzoq kuttirmadi. Putinning matbuot kotibi Dimitriy Peskov Putin dron hujumi vaqtida Kremlda bo‘lmaganini, u Moskva yaqinidagi Novo-Ogaryovodagi qarorgohida ishlayotganini ma’lum qildi.

Bugun ko‘pchilikni hujum yoki spektaklni kim, nima maqsadda amalga oshirgani qiziqtirmoqda. Quyida shu haqida biroz mulohaza yuritamiz.

Hujum tafsilotlariga o‘tishdan oldin, keling, yaxshisi Moskva shahrining havo hujumidan mudofaa tizimi haqida gapirsak. Ma’lumotlarga ko‘ra, Moskva va Moskva viloyatlarida «Buk» va «Tor» zenit raketa tizimlari shunday joylashtirilganki, shahar osmoniga biror notanish uchar jism uchib kirsa, shu zahoti bu raketa tizimlari ishga tushadi.

Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO) harbiy-siyosiy tadqiqotlar markazi direktori Aleksey Podberezkin «Ukraina.ru»ga bergan intervyusida «Moskva atrofidagi havo mudofaasi barcha samolyotlardan, shu jumladan, dronlardan juda yuqori ehtimollik bilan himoya qilishga qodir», degan edi.

«Buk-M2» 150-200 kilometr uzoqlikdagi dushman uchoqini aniqlab, yo‘q qila oladi. «Tor-M2DT» zenit raketa kompleksi esa 15 dan 40 kilometrgacha balandlikdagi raketa va uchar jismlarni yo‘q qilish salohiyatiga ega.

«Buk-M2» va «Tor-M2DT» zenit raketa komplekslari

Bundan tashqari, «S-300V4» kompleksining ham borligini inobatga  olsak, o‘quvchida «Moskva osmoni ishonchli qo‘llarda ekanda», degan tushuncha hosil bo‘ladi. Ammo Ukraina urushida maqtanilgan «Buk-M2» va «Tor-M2DT» raketa komplekslari ancha eskirib qolgani ko‘zga tashlandi.

Balki og‘iz ko‘pirtirib, maqtalgan havo mudofaa tizimlari ancha eskirganini anglagan Kreml siyosatchilari, Ukraina dronlarining ehtimoliy hujumidan hadiksiragancha, Moskva shahardagi baland binolarning tomiga «Pansir-S1» komplekslarini o‘rnatish haqida topshiriq bergandir?! (https://www.bbc.com/russian/features-64341582)

Ma’lumotlarga ko‘ra, ehtiyot chorasi sifatida «Pansir-S1» va S-400 komplekslari Putinning Moskvadagi qarorgohidan 10 kilometr uzoqlikdagi radiusda joylashtirib chiqilgan.

Mana shunday temir gumbazni ikki dona droncha (Rossiya talqini bo‘yicha) yorib o‘tib, Kreml binosiga zarba bergani boshni ushlab biroz mulohaza qilishga majbur qiladi.

Moskva bu harakatlarda bevosita Ukrainani ayblamoqda. Ukraina tomoni esa «Putinni sudga topshirishimiz uchun, u bizga tiriklayin kerak», demoqda.

Ushbu voqea 9 may g‘alaba kuni munosabati bilan qizil maydonda tashkil etilajak parad oldidan sodir etilgani ham masalani ancha chigallashtirib yubormoqda.

Ayrim tahlilchilar, bu holatni Rossiyaning o‘zi sahnalashtirib, provokatsiya orqali rus jamiyatida ukrainlarga qarshi nafratni kuchaytish orqali safarbarlikni keng masshtabda boshlamoqchi ekanligini aytmoqda. Boshqalar bo‘lsa, Ukraina Kreml siyosatchilarini kutilmagan «sovg‘a»lar bilan siylab, ularni qo‘rqitib qo‘ymoqchi ekanligini ta’kidlamoqda. Xullas, bunday taxminlar ko‘p, ammo tarixda ko‘p sirli voqealar keyinchalik, vaqt o‘tishi bilan asl haqiiqat yuzaga chiqqanini hisobga olsak, kuni kelib  Kremldagi bu «jumboq»ni ham siri ochiladi...

Moskvaning havo hujumidan mudofaa tizimi

Sardor Ali 

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети