Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

«O‘zbekistonda 350 taga yaqin qo‘ng‘ir ayiq qolgan. Qirilib ketish xavfi yuqori» – tadqiqotchi

Bir necha kun oldin Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi qishloqlarining birida tog‘dan tushgan ayiq otib o‘ldirildi. Xo‘sh, ayiq odamga tajovuz qiladigan yoshda bo‘lganmi? Ayiqni saqlab qolish imkoniyati bor edimi?

«Xabar.uz» shu mavzuda tadqiqotchi Bunyod Abdullayev bilan suhbatlashdi.

– Chiroqchidagi ayiq qaysi turga mansub hisoblanadi? U odamlarga tajovuz qiladigan yoshda bo‘lganmi?

– Avvalo, taklif uchun rahmat! Men o‘zim bir necha yillardan beri endemik turga kiruvchi oq kaft ayiqlariga qiziqib kelaman. Faoliyatim davomida ham bir necha marta ayiqqa duch kelganman. 2020 yil Baxmal tumanida qopqonga tushib qolgan ona ayiqni qutqarish ishlarida bevosita ishtirok etganman. O‘shanda ona ayiq uxlatilib, tog‘ yon bag‘riga qo‘yib yuborilgan edi. Bundan ko‘p o‘tmay Parkent tumani Dukent qo‘rg‘oniga ayiq bolasi tushib qolgan. Uni ham uxlatib, tog‘ yonbag‘irga qo‘yib yuborganmiz.

Oq kaft ayiqlari boshqa ayiqlardan nimasi bilan farq qiladi? Oq kaft ayiqlari endemik tur bo‘lgani uchun faqat Markaziy Osiyo hududlarida yashaydi. Bu ayiq dengiz sathidan 2-2,5 ming metr balandlikda hayot kechiradigan jonivor hisoblanadi. Taxminiy hisob kitoblarga ko‘ra, 300-350 ta qolgan. Aniq sanog‘i yo‘q. Bu bizga nima beradi? Bu endemik tur tog‘dagi hayvonot dunyosining zanjirini bog‘lab turadigan omil hisoblanadi. Ya’ni, bu ayiq yerni degradatsiyasini buzilishini, kemiruvchilarni ko‘payib ketishini oldini olishga xizmat qiladigan noyob hayvon. Hududdagi eng kuchli jonivor hisoblanadi. Buni o‘rnini bosadigan hech qanday hayvon yo‘q!

Boshqa ayiqlarga qaraganda, oq kaft ayig‘ining jussasi kichikroq bo‘ladi. Eng kattasi 2-2,5 metr, 600-700 kilogramm og‘irlikda bo‘ladi. Bu ayiqlar tug‘ilgan vaqtida atigi 500 grammni tashkil qiladi. Odatda, ona ayiq dekabr oyida uyquga ketadi. Bunda ayiq turlari yanvar oyining o‘rtalarida bolalaydi. Ayiqlar ko‘pincha 2 ta tug‘adi. Ayiqchalar dunyoga kelgach, ona ayiq ularni 2-3 oy hech qayerga chiqmay, hech narsa yemay bolalarini katta qiladi. Mart oylarida ona ayiq bolalarini dalaga olib chiqadi.

Chiroqchidagi ayiqqa keladigan bo‘lsak, ko‘pchilik uni ayiq-ayiq deyapti, lekin u ayiq bolasi! Taxminan, 2 yoshlardagi ayiq bolasi. Bu yerlar uning yashash hududi ham emas. Chunki Chiroqchi dengiz sathidan ancha pastda joylashgan. Ayiq bu hududga nima uchun kelib qoldi? Tog‘da qor yoqqani uchun adashib pastga tushib qolgan.

– Demak, Chiroqchidagi ayiq boshqa hududda yashagan?

– Albatta, boshqa hududda yashagan. Oq kaft ayiqlar O‘zbekiston hududining Tyan Shan tog‘ tizmalarida, Turkiston tog‘ tizmasida va Hisor tog‘ tizmalarida hayot kechiradi. Bu ayiq onasidan ajralib, endigina mustaqil hayot kechirayotgan ayiq bo‘lgan. U hali o‘zi mustaqil ov qilish ko‘nikmasiga ham ega emas.

Ayiqlar bahorda uyqudan turganida birinchi navbatda ildizli o‘simliklar bilan oziqlanadi. Keyin piyozli o‘simliklarni iste’mol qiladi. Chunki uyqudan keyin ayiqqa vitamin zarur bo‘ladi. Bir muncha vaqt o‘tganidan so‘ng kemiruvchilar bilan oziqlanadi. Kuzga borib, mayda shoxli hayvonlarni ovlash darajasigacha boradi. Videoda ko‘rgan bo‘lsangiz, ayiq molxonaga kirib olganida yonida mol buzoqchasi bilan turibdi. Ayiq mollarga tajovuz qilishni o‘ylab ham ko‘rmadi. Hatto, qaramadi!

Oq kaft ayiqlar tog‘dan pastga tushadigan bo‘lsa, bosim tufayli boshida og‘riq paydo bo‘lib, gangib qoladi. Odatda ayiqlar o‘zi uchun 15-20 gektar yerni hudud qilib belgilab oladi. Ayiqlar to‘da-to‘da bo‘lib yashamaydi, ayiqlar yakka-yakka hayot kechiradi. 4-5 yoshga to‘lganda o‘ziga juft tanlab, o‘z hududida ko‘payadi.

– Chiroqchidagi ayiqni saqlab qolish mumkin edimi?

– Albatta, Chiroqchidagi ayiq bolasini saqlab qolish imkoniyati juda yuqori edi. 99 foiz desak ham bo‘ladi. O‘tgan yili Tabiat resurslari vazirligi ayiqlarni uxlatadigan 2 dona maxsus qurol sotib olgan. Kecha shu qurollarni vazirlikdan so‘raganimda «qurollar turibdi, lekin ularni ishlata oladigan odam yo‘q», deyishdi. Ammo qurol ishlatishni bilgan har qanday odam maxsus qurolni bemalol ishlata oladi.

Menga berishgan ma’lumotga ko‘ra, Toshkent hayvonot bog‘i mutaxassislarini jalb qilgan holda «DAMAS» avtomobilida Qashqadaryoga qarab yo‘lga chiqishgan. Ammo Samarqand hududiga borganda avtomobil buzilib qolgan. To Qashqadaryo viloyatidan avtomobil kelib, Chiroqchiga yetib borishgunga qadar kech bo‘lgan. 

 O‘zbekiston qonunchiligida yovvoyi hayvonot dunyosini nazorat qilish va ularni asrash Tabiat resurslari vazirligi vakolatiga yuklatilgan.

– Chiroqchidagi ayiqning o‘ldirilishi sizda shubha uyg‘otmadimi?

– Menda shubhadan ko‘ra, bir g‘alati his paydo bo‘ldi. Birinchi navbatda, odamlar vahimaga tushib qolgan. Videoda ayiq tepalikka chiqayotganda «ot-ot», degan ovoz eshitildi. Ikki kun davomida bir marta bo‘lsa ham ayiq odamga yoki uy hayvonlariga tajovuz qildimi? Yo‘q! Shu nuqtai nazarda, agar ayiq jarlikdan chiqib olgan taqdirida ham, odamlarga xavf tug‘dirmas edi. Buni mutaxassislar juda yaxshi tushunadi.

Ayiqni otishiga xavfsizlik nuqtai nazardan ruxsat berildi, deyishmoqda. Lekin O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida yoki qonun osti hujjatlarida Qizil kitobga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiqni otishga hech joyda ruxsat yo‘q. Men ko‘rmaganman bunday qonunni.

– Demak, ayiqni o‘ldirish qonunan noto‘g‘ri ish bo‘lgan?

– Albatta, noto‘g‘ri ish.

– Qo‘ng‘ir ayig‘i qora bozorda qanday narxlanadi?

– Aniqlik kiritish maqsadida shuni narsani surishtirgan edim. Qora bozorda qo‘ng‘ir ayig‘i 10 ming dollardan 50 ming dollargacha baholanar ekan. Ayiqni terisi, go‘shti, tirnoqlari, suyagi alohida-alohida sotiladi.

– O‘zbekistonda, umuman, xorijiy davlatlarda ayiqlarga e’tibor qanday?

– Mana hammamiz panda ayiqni bilamiz. Panda Xitoyning Tibet tog‘larida yashaydi. Panda ayig‘ining yo‘qolib ketish xavfi bo‘lgani uchun Xitoy hukumati uni davlat ramziga aylantirgan. Bugungi kunda Xitoyda mingdan ortiq panda ayig‘i yashaydi. Lekin bizda oq kaft qo‘ng‘ir ayig‘i bor-yo‘g‘i 300-350 ta. Xitoyda panda ayig‘ini otgan odamga o‘lim jazosi belgilangan. O‘zbekiston qonunchiligida esa Qizil kitobga kiritilgan oq kaft ayig‘ini birinchi marta otgan insonga bazaviy hisoblash miqdori bo‘yicha  1 baravaridan 10 baravargacha, qayta sodir etilsa, 20 baravardan 50 baravargacha jarima yoki 7 oygacha qamoq jazosi belgilangan.

– Oq kaft ayig‘i Turon yo‘lbarsiga o‘xshab qirilib ketmaydimi?

– Markaziy Osiyoda eng kuchli jonivor ayiq, deb hisoblanadi. Yaqinda kuzatuvchilar bilan suhbatlashganimda, ular menga shu yil qishda juda ko‘p ayiq bolalari nobud bo‘lganini aytishdi. Ya’ni, bu turdagi jonivorning populyasiyasi juda kam. Agar ayiqqa bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirmas ekanmiz, bu jonivor ham qirilib ketishi mumkin.

Sardor Ali suhbatlashdi 

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети