Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

«AQSh Rossiyaning parchalanishini istamaydi» – siyosatshunos (video)

Joriy yilning 11-12-iyul kunlari Litva poytaxti Vilnyus shahrida NATOga a’zo davlat rahbarlarining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Ushbu sammitda bir nechta masalalar, xususan, Ukrainaning alyansga a’zo bo‘lish mavzusi ham muhokama qilindi.

«Xabar.uz» ushbu mavzuda siyosatshunos Farhod Karimov bilan suhbatlashdi.

– Keling, suhbatimiz avvalida NATOga a’zo bo‘lish shartlari haqida gaplashsak. Biror-bir davlat NATOga kirmoqchi bo‘lsa, u qanday talablarga javob berishi kerak?

– NATO – 1949-yilda 12 davlat tomonidan tashkil etilgan harbiy tashkilot. Tashkilot tuzilgan vaqtda 2 ta asosiy tamoyil ishlab chiqilgan. Birinchisi – alyansga qo‘shilmoqchi bo‘lgan davlat Yevropa qit’asida joylashgan bo‘lishi kerak. Ikkinchisi – biror-bir davlat NATO kirmoqchi bo‘lsa, tashkilotning barcha a’zolari bunga rozi bo‘lishi kerak. Hatto, 1 ta a’zo qarshi chiqsa, u davlat tashkilotga qabul qilinmaydi. Bundan tashqari, alyansning 10 ga yaqin talablari bor. Masalan, tashkilotga kirmoqchi bo‘lgan davlatning hududida etnik va diniy muammolar bo‘lishi kerak emas. Yana, a’zo bo‘lmoqchi bo‘lgan davlatda chegaraviy va hududiy muammolar bo‘lmasligi kerak. Chunki hududiy va diniy muammolari bo‘lgan mamlakat tashkilotga kirsa, NATOning barcha a’zolari bu muammolarga qo‘shilishga majbur bo‘ladi.

NATOning xususiy talablari ham bor. Xususan, a’zo bo‘lmoqchi bo‘lgan davlat harbiy sohani ochiqlashi shart. Ya’ni, harbiy sohaga ketayotgan sarf-xarajatlar ochiq bo‘lishi va yalpi ichki mahsulot (YaIM)ning 2 foizini harbiy sohaga yo‘naltirishi kerak. Yana bir o‘ziga xos shartlardan biri – bu harbiy bo‘lmagan odam ham harbiy sohada rahbar bo‘la olishi kerak.

– Sammitda NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg «Ukrainaning alyansga qo‘shilishini soddalashtirish kerak», dedi. Nima deb o‘ylaysiz, Ukraina uchun alyans talablari soddalashtiriladimi?

– NATO shu vaqtga qadar 11 marotaba kengaydi. Bugun unga 32 ta mamlakat a’zo hisoblanadi. Mana shu 32 davlat alyans talablarini bajargan. Bugun Ukrainada hududiy va etnik muammolar bor. Hali iqtisodi hamda harbiy sohasi ochiq emas. Lekin shunga qaramay, Ukrainani tashkilotga qo‘shaylik, degan yondashuv bo‘lmoqda. Bunday holat Gruziyada ham bo‘lgan. Lekin Gruziya Ukrainadan ko‘ra NATOga qo‘shilishga yaqinroq.

– Ukraina NATO talablariga qanchalik javob bera oladi?

– NATO nizomiga qaraydigan bo‘lsak, Ukraina alyans talablariga javob bermaydi. Chunki Ukrainada bugun urush ketmoqda. Agar Ukraina NATOga qo‘shilsa, qolgan 32 ta davlat urushga kirishga majbur bo‘ladi. Bu esa keng ko‘lamdagi urushga sabab bo‘lishi mumkin. Buni NATO ichidagi katta-katta davlat rahbari ham yaxshi tushunib turibdi. Shu jihatdan, Ukrainaning NATOga qo‘shilishiga hali birmuncha vaqt bor.

– Ukraina NATO kirsa, alyans unga nima beradi?

– NATO nizomining 5-moddasiga ko‘ra, tashkilotga a’zo bo‘lgan davlatga qurolli bosqin yuz bersa, alyansning barcha a’zolari unga harbiy jihatdan yordam berishi kerak. NATO a’zolari har yili 2 marotaba katta harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Mana shu harbiylar urushga safarbar etilishi kerak bo‘ladi. Bu Ukrainaga katta ustunlik beradi.

– Sammitda Gruziya mavzusi ham ko‘tarildi. Nima deb o‘ylaysiz, Gruziya ham yaqin yillar ichida NATOga qo‘shilishi mumkinmi?

 – Gruziya Ukrainadan ko‘ra NATOga kirishga yaqinroq. Chunki u yaqin yillar ichida iqtisod, harbiy va demokratik institutlarni isloh qildi. Hozir Gruziyaga investitsiyalar oqib kelmoqda. Bu Gruziyaning oxirgi 10 yil ichida o‘zgarganidan dalolat.

Men hozirgi Ukrainaning holatini 2008-yildagi Gruziyaga o‘xshataman. 2008-yilda Gruziya va Rossiya o‘rtasida 6 kunlik qurolli to‘qnashuv bo‘lgan. Shunday holatda Gruziya 2008-yilda Buxarestdagi NATO sammitida a’zolikni so‘ragan edi. Lekin o‘shanda NATO ham, AQSh ham shoshmagan. Chunki bunday qurolli mojarolarga aralashish, juda katta urushlarga olib keladi. Bugun Ukraina xuddi shunday holatda turibdi. Meni nazarimda, Gruziyaga 2008 yilda qanday munosabat bildirilgan bo‘lsa, Ukrainaga ham shunday munosabat qilinadi.

Gruziya NATOga kirishi uchun 2 ta muammosini hal qilib olishi kerak. 2008-yilda Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqillik e’lon qilgan. Lekin Gruziya ularni o‘z hududi deb hisoblaydi. Agar shu muammolarini hal qilsa, uning alyansga kirishi tezlashadi. Agar Gruziya bu shartlarni bajarmasdan NATOga qabul qilinsa, tashkilotga qiyinchilik bilan a’zo bo‘lgan davlatlar e’tiroz bildiradi.

– Bugun NATOning ichida bo‘linish bormi?

– Men buni bo‘linish emas, fikrlar xilma-xilligi degan bo‘lar edim. Haqiqatdan ham NATO ichida bu narsa bor. 90-yillarning boshida alyansga qo‘shilgan davlatlar va tashkilotni tuzgan mamlakatlar o‘rtasida qarama-qarshilik bor. Masalan, Sharqiy Yevropa davlatlari (Polsha, Vengriya, Chexiya, Ruminiya, Estoniya va Slovakiya)ning NATOdagi pozitsiyasi boshqa. Ular ko‘proq Rossiyadan qutilishga harakat qiladi. AQSh va boshqa davlatlar esa sal bosiqroq siyosat yuritishadi. Ukrainani NATOga qabul qilishga Sharqiy Yevropa mamlakatlari rozi bo‘lishdi, lekin AQSh va Buyuk Britaniya bunga qarshi chiqdi.

NATOning Afg‘onistonga kirish masalasida ham qarama-qarshiliklar bo‘lgan. Chunki tashkilotga a’zo davlat o‘z armiyasi bilan harbiy operatsiyalarda qatnashishi shart. Lekin buni bir nechta mamlakatlar istamadi. Bundan tashqari, 1999-yildagi Kosova muammosida fikrlar bo‘linishi bo‘lgan. Bugun ham NATOning ichida shu holat mavjud. Misol uchun, Turkiya ham doim o‘z so‘ziga ega bo‘lgan. Sababi u harbiy jihatidan NATOda ikkinchi o‘rinda turadi. Mana shu a’zolik ortidan Turkiya ko‘plab muammolarini yechib oladi.

– Shvetsiyaning NATOga qabul qilinishida Turkiya pozitsiyasining o‘zgarishi kutilmagan yangilik bo‘ldi. Bungacha Turkiya Shvetsiyaning alyansga kirishiga rozi bo‘lmayotgan edi. Nega Turkiyaning pozitsiyasi birdan o‘zgarib qoldi?

– Turkiya Shvetsiyani NATOga a’zo qilish orqali juda ham ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Yevropa Turkiyadan bojxona cheklovlarini olib tashladi. Bu Turkiya yengil sanoati uchun Yevropa eshiklari ochildi, degani. Mana shu masala Turkiyaning fikrini bir kunda o‘zgartirdi. Oldin ham Turkiya bundan foydalanib kelgan. O‘zining milliy manfaatlariga to‘g‘ri kelsa, har qanday davlat bundan foydalanadi.

Bu bilan Turkiya Yevropadan kafolat oldi. Endi Turkiya mahsulotlari bemalol Yevropaga kirib bora oladi. Bu Turkiya uchun yangi bozor.

 – NATO sammitida Xitoy haqida ham bayonotlar aytildi. NATOning kelajakdagi dushmani Xitoy bo‘lishi mumkinmi?

– Agar NATOning asosiy konsepsiyasini AQSh belgilaydigan bo‘lsa, bo‘lishi mumkin. NATO aslida sotsialistik ittifoqdan Yevropani himoya qilish uchun tuzilgan. Xitoy ham o‘sha vaqtda sotsialistik ittifoq tarkibida edi. 1991-yilda Sovet ittifoqi parchalanganidan keyin, NATO kim bilan kurashishni bilmay qoldi. 2008-yildan keyin NATO kim bilan kurashishi oydinlashdi. Aslini olganda, Rossiya AQSh uchun asosiy raqib emas. AQSh uchun asosiy raqib – Xitoy.

Rossiyaning parchalanishidan AQSh manfaatdor emas. Sababi Yevrosiyo mintaqasida Xitoyni ushlab tura oladigan kuch – bu Rossiya. Buni zamonaviy AQSh konsepsiyalarida ham o‘qish mumkin. Misol uchun, Zbignev Brejinskiy, Genri Kissinjer, Oll Brayt kabi strateglar AQShning asosiy muammosi Xitoy ekanligini ta’kidlagan. Hozirgi kunda ham AQShning raqobatchisi – bu Xitoy. Endi shu kuchni mintaqada ushlab tura oladigan kuch Rossiya. Ya’ni, Rossiyani parchalash yoki yo‘q qilish AQShga kerak emas. Shu sababli ham NATO Ukraina va Gruziyani qabul qilishni istamayapti. Chunki buning ortidan Rossiya va Xitoy ittifoqi shakllanishi mumkin.

– Bugungi kunda Xitoy va Rossiya aloqalari yaxshi emasmi?

– Yo‘q, Xitoy Ukraina urushida ochiqdan-ochiq tarzda Rossiyaga yordam berayotgani yo‘q. Masalan, Eron o‘zining dronlari bilan Rossiyaga yordam bermoqda. Turkiya ham Ukrainaga dron berdi. Xitoy esa bunday ochiqdan-ochiq urushda ishtirok etayotgani yo‘q. Chunki Xitoy bugungi kundagi jahon sahnasidagi obro‘sini yo‘qotgisi kelmayapti.

Bundan tashqari, Xitoyni o‘zida Tayvan muammosi bor. Agar Rossiya bilan yaqinlashishni boshlasa, dunyo davlatlari Xitoyga qarshi bo‘lib qoladi. Albatta, buni Xitoy xohlamaydi.

– Bugungi kunda AQSh Ukrainaga katta miqdorda ham harbiy, ham iqtisodiy yordam berib kelmoqda. Lekin AQSh Ukrainani NATOga qo‘shilishiga qarshi chiqdi. Nega AQSh Ukrainani alyansga kirishini istamadi?

– Bu savolga qisman yuqorida javob berdim. AQShning harbiy generallari ham Ukraina urushiga aralashishni xohlamaydi. Ya’ni, fikrlarning xilma-xilligi bitta qarorga kelishga imkon bermayapti. Bundan tashqari, AQSh berayotgan moliyaviy yordamlar aniq joyiga yetib bormayotgani aniqlangan. Menimcha, AQSh oxirgi konfrontatsiyaga bormoqchi emas.

2008 yilda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov «xato qilmanglar. Biz oxirgacha boramiz va harakatlarimizga javob bera olmay qolamiz», degan edi. Buni Rossiya 2008-yilda Gruziyada, 2022-yilda Ukrainada ko‘rsatdi. Demak, Rossiya bilan hazillashib bo‘lmaydi. Buni ustiga Rossiya yadro quroliga ega bo‘lgan mamlakat.

Hozir barcha Ukrainada tinchlik bo‘lishini istamoqda. Kerak bo‘lsa, Rossiyaning o‘zi ham xohlamoqda. Bu mojaro nima bilandir yakunlanishi kerak. Lekin mojaroning yakuni yangi jahon urushi bilan yoki yadro urushi bilan tugashi kerak emas. Bu urushda g‘oliblar bo‘lmaydi! Buni hamma tushunib turibdi.

Sardor Ali suhbatlashdi

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети