Ko‘lankasi maydon hokimlar: bu safar ham to‘rga mayda baliq tushdi
Andijonda 12 tup qarag‘ay shart kesib tashlandi.
Bu voqea tafsilotlari internetda aylanishni boshlagach, aybdorni topish ham ko‘p kuttirmadi: barchasiga sho‘ring qurg‘ur Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i sababchi ekan. Unga Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi...
Bir emas, ikki emas, bu mavzu har ko‘tarilganda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning familiyasi yangradi. To‘g‘rida, viloyat perinatal markazidagi hayhotday joyda daraxtlar qirg‘in qilinsin-u, bundan hokimning xabari bo‘lmasa?! Nahotki viloyat rahbari shahar o‘rtasida bir yashil makon yo‘q qilinayotganini bilmasa? Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘ini yarim tunda daraxt kesishga nima majbur qildi ekan? Nega boshqarma boshlig‘i unga kim buyruq bergani borasida mujda bermaydi? Nega viloyat hokimligi matbuot xizmati daraxtlar yuzasidan avval yolg‘on ma’lumot berib, so‘ng birdan tahrirlab tuzatdi?
Viloyat hokimi hodisada aybdor ekani isbotlanmagan, ammo bu ishda bitta obodonlashtirish rahbarining jur’ati kamlik qilishiga yosh bolaning ham aqli yetadi.
Bir tuman yoki viloyat ekologiyasiga ta’sir qiluvchi bunday qaror odatda yakka shaxslar tomonidan, yopiq eshiklar ortida hal etiladi, ammo uning jabrini barcha baravar tortadi.
Savollar tug‘ilaveradi.
Bundan uch yil avval Kitob tumanida «Jaziramada yurib bo‘lmay qoldi: Qashqadaryoda so‘lim shahar cho‘lga aylanish arafasida» nomli maqola yozgandim. Unda Kitob shahrida daraxtlar kesilishi muammosi ko‘tarilgan. Shu maqola yozilgandan keyin qiziq voqea sodir bo‘ldi: tumandagi vrachlik punktlaridan birida bir necha tup daraxt kesib tashlangan.
Oradan ikki kun o‘tar-o‘tmas tumanning o‘sha vaqtdagi hokimi majlis o‘tkazib, vrachlik punkti bosh shifokorini barchaning oldida izza qilgan. Ish shu bilan to‘xtamagan: vrachning nomiga ekologlar nomidan kattagina summa yozilgan «salom xati» kelgan. Qarang, butun shaharning daraxtini kestirishga buyruq bergan rahbar yetti-sakkiz tup archani nobud qilganni jazolayapti. Ekologlar ham chaqqongina ekan, darrov jazoni ijro etishga bel bog‘lashgan...
Hurmatli ekologlar mahalliy hokimlarning yo‘rig‘iga qarab ish ko‘rishi isbotini ana shuni voqea misolida ko‘rgan edim.
To‘g‘ri, Ekoqo‘mita Andijondagi voqea yuzasidan jim turmadi. Ehtiyotkorlik bilan (!) munosabatlar berdi. Ammo bitta kichik amaldorning jazolanishi bilan tugaydigan bu sahnalar O‘zbekiston ekologiyasiga ayovsiz zarar yetkazayotgan o‘zboshimchaliklarni to‘xtata olmaydi, aksincha davom etishiga olib keladi. Narzullo Oblomurodovday prezidentlik saylovlarida chiniqqan nomzod kelgan tashkilot qachon shiddatli bayonotlar bilan chiqib, ekobuzarlarlarni esankirata boshlaydi? Atrofga qarang, qish qishga o‘xshamay qolyapti, bahor bahorga. Farzandlarga cho‘lu-biyobonga aylangan yurt qoldirgandan ko‘ra, o‘ziga xon, ko‘lankasi maydon ayrim rahbarlarni qonun va jamoatchilik fikriga yurg‘izish ma’qul.
Statistika: deputat Rasul Kusherbayevga ko‘ra, noqonuniy daraxt kesish holatlari:
- 2019 yilda 2598 nafar shaxs;
- 2020 yilda 3960 nafar shaxs;
- 2021 yilning 10 oyi davomida 4067 nafar shaxs tomonidan amalga oshirilgani aniqlangan. Tabiatga tajovuz kamaymayapti.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida atrof-muhitni himoya qilishga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan videoselektor davomida daraxt kesishga bo‘lgan moratoriy muddati uzaytirilishi ma’lum qilingandi. Har bir daraxtni asrab-avaylash davlat rahbari e’tibori darajasiga ko‘tarilgandi.
Shuncha taqiq va moratoriyga qaramasdan qonunni buzuvchilar soni o‘sib bormoqda.
Chuqur ekologik tanglik kutayotgan mintaqani qutqarish ana shunday o‘zboshimchaliklarga to‘g‘ri baho berishdan boshlanmaydimi?
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter