Ulug‘bekning qonli ko‘ylagi parchasi qayerda? (ikkinchi maqola)
Temuriylar maqbarasida o‘tkazilgan 1941 yilgi ekspeditsiyada Mirzo Ulug‘bek egnidagi libosi bilan dafn etilgani isbotlangan. Lekin, libos parchalari qabrdan olingan va boshqa topilmalar qatori qaytadan dafn etish vaqtida o‘rniga qo‘yilmagan.
Qabrdan muzey fondiga, fonddan ekspozitsiyaga, ekspozitsiyadan qayerga?
Nodir ashyolar, jumladan Ulug‘bek libosi parchalari uzoq yillar Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida (ekspeditsiya Alisher Navoiyning yubileyi munosabati bilan amalga oshirilgan) saqlangan. 1964 yilda Samarqandda Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi hududida muzey tashkil etilganda, olimning qonli ko‘ylagi parchasi ekspozitsiyadan o‘rin olgan. 2010 yilda esa bu eksponat yangidan qurilgan muzey zaliga qo‘yilmagan. Libos parchasi bugunda qayerda ekani noma’lum...
Ekspeditsiya kundaligida Mirzo Ulug‘bekning qabri ochilishi tasvirlaridan: «... nafis gazlamadan to‘qilgan cholvor va uning tepa qismida esa belbog‘simon tasmaning qoldig‘i saqlangan. Shuning bilan birga jasad bilan birga Ulug‘bekning tizzalariga yetadigan ko‘ylagining qoldiqlari ham mavjud. Shariat qonunlariga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek o‘ldirilgan paytda qaysi kiyimda bo‘lsa xuddi shu kiyimlarda dafn etilgan. Shariatga ko‘ra, shahid bo‘lgan kishini yuvish, boshqa kiyim kiydirish, mo‘miyolash butunday taqiqlangan... Qabrni suv bosganligi uchun liboslar juda yomon saqlangan. Shunga qaramay, V. Kononovning zahmatkashligi bilan gazlama qoldiqlarini yig‘ib olishga erishildi. Uning aniqlashicha, Ulug‘bekning cholvori va ko‘ylagi paxta va ipakdan to‘qilgan gazlamadan tikilgan ekan. Chunki shariatga ko‘ra, musulmon erkaklari ipakdan tikilgan libos kiyishlari ma’n qilingan. Ipak uning tanasiga tegmasligi kerak bo‘lgan. Shuning uchun ham Ulug‘bek liboslarining tagi paxtadan qilingan. Shariatga ko‘ra, ayollargina ipakdan tikilgan liboslarni kiyishgan. Faqat lashkarlarning jang paytida ipakdan tikilgan libos kiyishi mumkin bo‘lgan. Chunki ipak libos har xil og‘ir jang qurollari tanani ezishidan saqlagan. Islom olamida yetuk qonunshunos sifatida tan olingan Abu Hanifaning fikricha, faqat aralash matodan tikilgan liboslarnigina kiyish mumkin bo‘lgan».
Ulug‘bek rasadxonasida uzoq yillardan buyon ishlayotgan Ikromiddin Sirojiddinov 2010 yilda muzey qaytadan tashkil etilganini shunday xotirlaydi: «...eski muzey binosi buzdirilib, yangi bino qurilishi boshlandi. Shu paytda qonli ko‘ylak parchasi olindi. Memorial muzey, Yodgorlik muzey bo‘lsin deb maqsad qilindi. Yuqoridan «Qonli ko‘ylak shart emas, Ulug‘bekning qilichlari, harbiy kiyimlari shart emas, olim sifatida, davlat arbobi sifatida tanitishimiz kerak» degan topshiriq bo‘ldi. O‘shanda g‘amgin haykallar o‘rniga Ulug‘bekning davlat arbobi, podshoh, Amir qiyofasidagi haykallari o‘rnatildi».
Eski binoni buzish ishlari 22 martda boshlangan bo‘lsa, 2010 yilning 9 sentyabrida yangi ko‘rinishdagi Ulug‘bek rasadxonasi majmuasi ochilishi bo‘lgan.
Ikromiddin Sirojiddinov qonli ko‘ylak parchasi bugunda qayerda ekanidan bexabarligini aytadi:
«Men mutaxassis, tarixchi sifatida shu yerda faoliyat ko‘rsatib, Ulug‘bekning qonli ko‘ylaklari bu yerdan olinganidan xabarim bor. Lekin, u qayerga olib ketildi, viloyat muzey-qo‘riqxona fondida turibdimi yoki boshqa joyga olib ketildimi, men bu masala bilan shug‘ullanmadim».
Amriddin Berdimurodov qonli ko‘ylak parchasining ko‘rgazmadan olib tashlanishini tariximiz yaqin o‘tmishda ham toptalganidan dalolat deb aytadi: «Shahidlik maqomidagi kiyimni olib tashlash bu ahmoq odamning ishi. Unda tarixiy haqiqatni yozib nima qilamiz?»
Domla muzey ko‘ngilochar joy emas, haqiqatga asoslangan ma’naviy ozuqa olinadigan maskan bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. «Unda qator muzeylarimizda zindonlar, qatl etish uskunalari namoyish etilayotgan, qatl etish manzaralari aks etgan suratlar ilib qo‘yilgan zallarni ham to‘laligicha yopish kerak bo‘ladimi?» savol tashlaydi suhbatdoshimiz.
Bugunda Ulug‘bekning qonli ko‘ylagi parchasi qayerda ekanini aniqlash amri mahol. Samarqand muzey-qo‘riqxonasi muxofizi Mahmudxon Yunusov «Xabar.uz»ga ularda Ulug‘bekning qonli ko‘ylagi parchasi saqlanmayotganini bildirdi.
Keyin Toshkentdagi qator osorxonalar bilan bog‘landik.
Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi: «Bunday eksponat bizda yo‘q!».
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyidan olingan javob: «Bizda faqat Ulug‘bek rasadxonasi maketi bor. U ham bo‘lsa, hozirda Jiddada ko‘rgazmada. Ulug‘bek kiyimlari bizda hech qachon bo‘lmagan».
Temuriylar tarixi muzeyi o‘tgan galgi maqolalar uchun Temur xilxonasidan olingan va ularda saqlanayotgan eksponatlar ro‘yxatini bergan. Unda ham Ulug‘bek ko‘ylagi parchasi yo‘q!
Ajablanarlisi, Samarqand viloyati muzey-qo‘riqxonasi ma’muriyati Ikromiddin Sirojiddinovga bog‘lanib, Ulug‘bekning qonli ko‘ylagi parchasi haqidagi ma’lumot nimaga asoslanganini so‘raganda, ular «Men mulyaj haqida gapirgandim» deydi. Yana qurol-yarog‘ haqida aytmaganini bildirgan. «Xabar.uz» muxbiri esa maqola matnini suhbatdoshning audio yozuvi asosida tayyorlagan.
Mayli, 2010 yilgacha ko‘rgazmada bo‘lgan ashyo mulyaj bo‘lsin ham. Unda qonli ko‘ylak parchasining asli qayerda? U 1941 yilgi eskpeditsiyada Ulug‘bekning qabridan olinib, qaytadan ko‘milmagani haqida tarixiy aktda yozib qoldirilgan. Tahririyat 2010 yilgacha rasadxonada tasvirga olish jarayonini olib borgan jurnalist, operatorlardan masalaga aniqlik kiritadigan hujjatlarni so‘rab qoladi.
Qonli ko‘ylak parchasi xorijga chiqarib sotiladigan ashyo emas! Lekin unga bo‘lgan munosabat tariximizga, qadriyatlarimizga, madaniy merosimizga bo‘lgan munosabatdir.
Ulug‘bek tojini Semyonov va Yakubovskiy «yechdirishgan»
Bugunda Mirzo Ulug‘bekning haykali Toshkentda, Moskvada, Rigada ham bor, suratlari dunyo bo‘ylab tarqalgan. Ularning barida Ulug‘bek tojda emas, sallada aks ettirilgan. Muhammad Yusufning misralarini eslang:
Samarqandga borsam men agar,
Ulug‘bekni ko‘rib qaytaman.
U qon yig‘lab turar har safar:
Men dardimni kimga aytaman?
Bu satrlar yozilgan paytda rasadxonaga kiraverishda Ulug‘bekning boshi egilgan, o‘ychan timsolidagi haykal turardi. Bugun bu san’at asari Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti bosh binosi hovlisidan joy olgan.
Rasadxona oldida esa Jaloliddin Mirtojiyev yaratgan Ulug‘bekning anchayin tetik, mutafakkirligi ta’kidlangan haykal qo‘yildi. Ammo, bunda ham Ulug‘bek sallada. Faqat sallaga par va nodir tosh aks ettirilgani uning sultonligiga ishora qiladi.
«Sulton bo‘lganidan keyin u kishini tojda aks ettirish mumkin bo‘lgan. Lekin, haykaltaroshlar, rassomlar o‘rtasida u kishini amir sifatida, yana musulmon olamining amiri sifatida sallada ko‘rsatish an’anaga aylandi», deydi Ikromiddin Sirojiddinov.
Tarixchi Amriddin Berdimurodov esa Ulug‘bek aks ettirilgan san’at asarlarida uni tojsiz tasvirlash ibtidosi Temuriylar maqbarasida olib borilgan ekspeditsiya a’zolarining xulosasi bilan bog‘liq deydi. Ma’lum bo‘lishicha, 1941 yilning 9 dekabrida Toshkent shahrida Gerasimov tomonidan yaratilgan Temur, Shohrux va Ulug‘beklarning suratlarini muhokamadan o‘tkazib qabul qilish maqsadida tuzilgan nufuzli komissiyaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Bu komissiyaga Ittifoqdagi taniqli olimlar jalb qilingan.
Majlis bayoni matnida yozilishicha:
Professor Yakubovskiy: ...Ulug‘bek to‘g‘risida. Uning boshidan tojini olish kerak. Toj surat ko‘rinishini buzayapti. Qolgan masalalarda boshqalarning fikriga qo‘shilaman...
Professor Semyonov: Ulug‘bekning bosh kiyimini almashtirishni men ham ma’qullayman. Bu bosh kiyim 17 asrga oid qo‘lyozmalardan olingan bo‘lib, unda Ulug‘bek boshida toj kiygan holda tasvirlangan. Toj unga yarashmay turibdi. U bosh kiyimsiz anchayin ulug‘vor ko‘rinadi. Bu ko‘rinish mutafakkirga xosdir.
Berdimurodov 1969 yili akademik G.Pugachenkova Vashington san’at galereyasidagi Ulug‘bekning hayotligida chizilgan miniatyurani kashf etgani haqida to‘xtaladi.
«Keng o‘tloqda o‘rnatilgan shiyponchada oyog‘ini musulmonchasiga chalishtirib o‘tirgan Mirzo Ulug‘bek tasvirlangan. Shiyponchaning ustiga gulli gazlama qoplangan bo‘lib peshonasiga Ulug‘ sulton Ulug‘bek Ko‘ragon. Uning davlatiga Egamning marhamati bo‘lsin!” deb yozilgan. Pugachenkovaning aniqlashicha, suratni musavvir bevosita Ulug‘bekning qarshisida turib chizgan. Suratdan Ulug‘bekning ko‘zlari qiyiqroq, yuzlari sal cho‘zinchoq, qirg‘iyburun, uning bosh kiyimi xuddi qayiq ustiga o‘rnatilgan cho‘zinchoq chodirni eslatadi. Bu shakldagi bosh kiyim, Pugachenkovaning fikricha, VII-X asrlarda Markaziy Osiyodagi turkiy qabilalarga xos bo‘lgan. Bu suratni olima, 1441-1442 yillarda Samarqandda chizilgan deb taxmin qiladi», deydi tarixchi.
Bu paytda hali Shohrux hayot bo‘lib, Ulug‘bekning toju taxt uchun kurashlardan uzoq davri bo‘lgan. Undan keyin, dam olish lahzalarida yengilroq bosh kiyim qulay bo‘lgani ehtimoli ham bor. Ne bo‘lganda ham, ushbu miniatyuradagi Ulug‘bekning surati bilan antropolog- haykaltarosh Gerasimov tomonidan yaratilgan hujjatli surati o‘rtasida anchayin farq borligi ta’kidlanadi. Shunday ekan, Ulug‘bek toj kiygan-kiymagani mavzusi ham ochiqligicha qoladi.
Ulug‘bek haqidagi maqolalardan maqsad — buyuk ajdodlarimiz haqida haqiqatni bilish, tarixni soxtalashtirishga urinishlar vaqti kelib baribir yuzaga chiqishini eslatishdir.
O‘tgan buyuklarimizning oxirati obod bo‘lsin!
Mustahkam Tangriyorova, «Xabar.uz» muxbiri
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter