Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Мустаҳкам Тангриёрова

Оққан дарё оқаверади. 

Mening kasbim – intervyuer (video)

O‘zbek xotin-qizlari orasida yangi, noodatiy kasblar paydo bo‘layotganiga e’tibor berganmisiz?  Aslida davr o‘tgan sayin, qaysidir kasblar yo‘qolib, boshqalari paydo bo‘lib boraverishi tabiiy hol. Intervyuer degan kasbning ham o‘ziga xosliklari, mas’uliyati, zavqi va murakkabligi bor.

«Buncha pulni ko‘rib qon bosimim oshib ketdi»

O‘tgan yili yoz boshida kambag‘allik chegarasi qanday belgilanishini o‘rganayotgan edim...

...Ayol yig‘lardi. Oilada besh nafar jon. Galiya opa, ikki qizi, voyaga yetmagan ikki nabirasi. Sovutgich bo‘m-bo‘sh. Yegan-ichganlari qarz. Gaz, elektr, suvdan katta qarz. Shu kunlarda hech qanday daromad yo‘q. Oila boquvchisi – ota yaqinda olamdan o‘tgan, yana bir ro‘zg‘orga nafi tegib turgan nabiraning harbiy xizmati ham shu vaqtga to‘g‘ri kelgan.

Sergelidagi «Daryo bo‘yi» mahallasidagi bu xonadonga meni intervyuer qiz Shoira Islomova boshlab keldi. U Toshkent shahar statistika boshqarmasi turmush darajasi statistikasi va uy xo‘jaliklari kuzatuvlari bo‘limi xodimi. Ha, shunday kasb bor. Bu kasb egalari xonadonlarda bo‘lib, uy sohiblari ma’lumoti va bevosita ko‘rganlari orqali raqamlarni qayd etadilar. Planshetda paydo bo‘lgan raqamlardan farovonlikni yuksaltirish yo‘lidagi  ma’lumotlar shakllantiriladi. 

«Kuzatuvdagi xonadonlar tasodifiy tanlanish orqali aniqlanadi. Endi siz kambag‘allik darajasi bilan qiziqqaningiz  uchun shu yerga olib keldim. Kuzatuvga tushgan oilalarning asosiy qismi o‘rtahol va ta’minoti yaxshi, yana qandaydir qismi badavlat» degandi Shoiraxon.

O‘shanda kambag‘allik chegarasini belgilaydigan miqdor 440 000 so‘m edi. Galiya opa esa «Agar kishi boshiga 440 000 so‘mdan daromad bo‘lsa, 2 mln. 200 ming so‘mni, mana bu holimdan ko‘ra, oilani boqishga yetkazardim» degandi.

Oradan qariyb bir yil o‘tib yana shu xonadonga yo‘l oldik. Bu safar Galiya opaning ruhi tetik. Katta qizi ishga chiqibdi, bolasiga opaning o‘zi qarab turadi. Kichik qizi ham ishga chiqish arafasida. Harbiydagi nabirasi esa «yaqinda boraman, endi qiynalmaysizlar» deb yozib turibdi. Galiya Mamayeva Shoiraxondan minnatdor. Ular ahvoli haqida maqola berilgach, homiylar katta yordam bergan kunni unutolmaydi. 

«Maqolani o‘qigan Sherzodjon degan yigit kelib holimizdan xabar oldi. Bir necha kundan keyin 3 ta konvertni tashlab ketdi. Har bir konvert ustiga ismlarimiz yozilgan edi. Ular ketgach, konvertni ochsak, har birida 7 milliondan, jami 21 million so‘m. Hayajonlanib qon bosimim oshib ketdi. Katta qizim yonimda edi, uning yuragi o‘ynoqlab qoldi...» 

Galiya Mamayeva

Galiya opa homiylarni ham, Shoiraxon va nashr xodimlarini ham uzoq duo qildi. Aytishicha, berilgan pul bilan xonadondagi barcha qarzlar yopilgan, o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib yotgan hovli sahni beton bilan tekislangan, ayolning oyog‘idagi o‘sma olib tashlangan, nevarasi sunnat qilingan, bir sidradan kiyinishgan...

«Aslida intervyuerning vazifasi homiy topib berish emas.  Bu shunchaki tasodif edi, – deydi Shoira. – Biz kirib boradigan xonadon har biri o‘ziga xosligi, har bir oiladan ibratli nimanidir ilg‘ab olishimiz bilan kasbimiz qiziq».

Shoira Islomova

Quvonchlar va tashvishlar yonma-yon

Shoira avval ishlagan kollej yopilgani ortidan statistika boshqarmasiga o‘tgan, intervyuer kasbini tanlaganiga yaqinda ikki yil to‘ladi. U kabi yoshlarga bosh-qosh bo‘layotgan, ish o‘rgatayotgan, o‘zi ham ishlayotgan Dildora Hamidova esa 15 yildan buyon ana shu kasbda. «Har bir intervyuer unga birkitilgan mahallada olti oy muddatda ish olib borishi tufayli ular yaqiningga aylanayotgandek tuyuladi ba’zan» kulib gapiradi Dildora.

Suhbatdoshlarimiz aytishicha, tanlanma xonadonlarga kirishdan oldin, avvalo, mahalla qo‘mitasiga ma’lum qilinadi. Intervyuer kasbi, ismi-sharifi yozilgan  bejikda bo‘lishi shart. Har bir intervyuerga planshet berib qo‘yilgan. Planshetga undagi jadval asosida xonadondagi ma’lumotlar kiritiladi.

«Uy xo‘jaliklarini kuzatish natijasida xonadonning ta’lim darajasi, sog‘lig‘i, ish bilan ta’minlanganligi, yashash sharoiti, daromadi va xarajatlari, qaysi maishiy texnikalarni ishlatishidan to sayohatga chiqish-chiqmasligi, hattoki internetdan qancha foydalanishigacha savollarimiz bor. Xonadon egasining kamida ikki soat vaqtini olamiz. Vaqt ajratgani va ma’lumotlarni taqdim qilgani uchun mukofot ham beriladi» deydi Dildora.

Dildora Hamidova

Shoiraxon qator xonadonlar ularni yaqin dugona, singlisi kabi kutib olishlarini aytadi. Ayni vaqtda interyuerlarni tushunmagan, maxfiyligi kafolatlansa-da, shaxsiy ma’lumotlarini berishni istamagan holatlar kam bo‘lmasligini ham ta’kidlaydi. Ayrim hollarda chekka hududlarda daydi itlarga duch kelishlarini ham aytishadi. «Chilonzorda bir xonadonda ayol uzoq yillar yotoqda ekan. Bir chimdim suhbatga ilhaq. Shunaqa holatlarda psixolog rolini ham o‘ynaymiz. Ma’lumot olishdan avval ularni tinglaymiz, qo‘limizdan kelguncha taskin beramiz. Duolar qilishadi. Shunda kasbimdan xursand bo‘lib ketaman», deydi u. 

Dildoraxon  bir xil oilalarga kirganda o‘zlarining bahri dili ochilib ketishini aytadi. «Yaqinda bir oilada bo‘ldim. O‘qimishli, kamtar, har bir aytgan gaplari o‘ylovli. Buvi va dodalari ilmiy ishlar qilgan. Buvi va doda tarbiyasini olgan qizlar boshqacha bo‘ladi. Bir hamkasbimiz kelinlikka qiz izlab yurgan edi, o‘sha oilaning qizini tavsiya qildim» deya aslida ishga daxli bo‘lmagan, lekin ishidan olgan quvonchi bilan o‘rtoqlashadi.

Lekin, ayrim holatlarda bir intervyuerga bo‘lgan o‘rinsiz munosabat butun jamoaning kayfiyatini tushirib yuboradi, deyishdi suhbatdoshlar. Ular boshqa bir hamkasblari kuzatuvga tushgan ko‘p qavatli uydagi xonadon eshigi tugmasini bosganda «hozir» deb ovoz berishgan va... militsiyaga xabar berishgan. Ichki ishlar xodimlari kelib, intervyuerni bo‘limga olib ketishgan va kechgacha, to statistika bo‘limi boshlig‘i kelib olib chiqmaguncha, uni ushlab turishgan...

Intervyuer kasbi qaysidir jihati bilan muxbirlikka o‘xshab ketadi. Ammo o‘ziga xosligi ham bor. Intervyuerlar o‘tkazgan kuzatuvlar natijasida muhim statistik ko‘rsatkichlar hisoblab chiqiladi. O‘zbekistonda bu kasbga hozircha hech qayerda o‘qitilmaydi, o‘rgatilmaydi. Xodim jamoada o‘rganib, jamoada toblanadi. Dildora Hamidova «Ba’zan ishlayman deb kelgan qizlarning bir kunda ketib qolgani bo‘lgan» deydi.

Toshkent shahar statistika boshqarmasi «Turmush darajasi statistikasi va uy xo‘jaliklari kuzatuvlari bo‘limi» boshlig‘i Masuda Jalilovaga ko‘ra, hozirda bo‘lim tasarrufida o‘n nafar xotin-qiz intervyuer vazifasida ishlaydi. «Davlat miqyosidagi ma’lumotlar shakllanishida ularning o‘z o‘rni bor. Shuningdek, kuzatuv natijalari, aholining kam ta’minlanganlik ko‘rsatkichlari va iste’mol narxlari indeksini hisoblashda foydalaniladi».

Qizlarimiz mashaqqatli va sharafli kasb egalari, desam balandparvoz bo‘lib tuyulmasin. Intervyuerlar uchun sharoitlarini yanada yaxshilash va maoshlarini oshirish uchun harakat qilayapmiz» deydi Masuda Jalilova.

Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi. Qarangchi, balki u intervyuerdir.

Mustahkam Tangriyorova

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети