Lo‘lilar Qodirovni sudga beradimi?
Qonunchilik palatasida Jinoyat protsessual kodeksini o‘zgartirishga oid qonun loyihasi atrofida bahs-munozarada Alisher Qodirov loyihani himoya qilayotgan Rasul Kusherbayevga «lo‘lilik qilmang» degani ortidan samarqandlik lo‘li faollari deputatga qat’iy e’tiroz bildirishdi. «Fidoyilar» mahallasi markazida to‘plangan millat faollari Qodirovni sudga berishlari mumkinligini aytishgan.
Sadri Nabiyev:
– Deputat bo‘la turib, yana inson huquqlarini bila turib «lo‘lilik» deya bir millatni obro‘sizlantiradigan darajada ibora qo‘llashi na qonunchilikka va na odamgarchilikka to‘g‘ri keladi. Deputat xalqni bir joyga, bir maqsadga jamlash o‘rniga san lo‘li, san o‘zbek, san falon deyishga haqqi yo‘q. Umumiy manzarada xalqimiz bilimsizdir, qaysidir jihatdan orqadadirmiz. Lekin Vatan oldida hammamiz teng huquqli insonlarmiz. Ikkinchi jahon urushi yillarida qancha-qancha lo‘li yigitlari boshqa millat vakillari bilan yelkama-yelka turib qurol tutdi. Vatan nomidan chaqirilganda afg‘on urushida ham jo‘natilgan lo‘lilar kam emasdi. Ular orasida halok bo‘lganlar yuzlarni tashkil qiladi. Uzoqqa bormang, Yunusobod metro yo‘li qurilishida halok bo‘lgan yigitlarning dog‘i hali yaqinlari yuragidan arimadi. Oddiy xavfsizlik qoidalari ta’minlanmagani sabab yosh-yosh yigitlar o‘lib ketdi. Shulardan biri lo‘li yigiti edi. Lo‘li O‘zbekistonda tug‘ilib, yashab O‘zbekiston bilan faxrlanadi, bir burda topgan noniga ham shukur qilib yashaydi. Lo‘lidan O‘zbekistonga xiyonat qilgani chiqmagan. Alisher Qodirov mana shu gapning mag‘zini bir chaqib ko‘rsin. U «lo‘lichilik qilmang» degan gapini choyxona yoki bir davrada emas, siyosiy minbarda aytayapti. Garchi boshqa joyda aytishi ham javobgarlikka tortilishga asos bo‘ladi.
Janob Qodirov, lo‘li millatining ham qanchadan-qancha muammolari bor. Agar siz ana shulardan aqalli bittasi haqida to‘xtalib, lo‘lilarni tilga olsangiz yarashar edi.
Biz umumiy miqyosda savodsiz, omi ko‘rinsak-da, oramizda qanchadan-qancha oliy ma’lumotli mutaxassislar, huquqini biladigan insonlar bor. Biz sizni sudga berishimiz mumkinligini ham bilamiz. Ochiq-oydin ko‘rinib turgan holatda Ombudsman kabi inson haqlarini himoya qiluvchi tashkilot nega murojaat kutib turgani doimo bizni ajablantirgan.
Almos Nuraliyev, 73 yoshda:
– Lo‘lilar nega boshqalar ko‘ziga yomon ko‘rinadi? Chunki millatning aksari tilanchilik qiladi. Nega, deb o‘ylab ko‘rishadimi? Ularga mos ish o‘rinlari yaratish haqida kimdir o‘ylayaptimi? Aholisi qariyb 4 mingga yaqinlashgan mahallada bolalar bog‘chasi yo‘q. Agar imtiyozli bog‘chalar bo‘lsa, bolalarini xotirjam bog‘chada qoldirib, o‘sha tilanchilikdan topadigan 30-40 ming so‘mini biror-bir ishxonadan ham topish mumkin.
Quyoshlarda kuyib yurgan tilanchini xorijdan kelgan mehmon «lo‘li» deb emas, o‘zbekistonlik deb aytadi. Deputat deganining ana shunga aqli yetishi kerak edi, «lo‘lilik qilmang» deyishdan avval. Mana shu gap butun mahallaga tarqaldi, og‘rindik.
Ilhom Shodiyev:
– «Shabbona» filmi ekranga chiqarilgan kunlarni hanuz unuta olmaymiz. Nima emish, lo‘li mayitini hovlisiga ko‘mar emish. O‘shanda ham o‘zimizni xo‘rlangan, kamsitilgan his qilgandik. Vaholanki, Toshkentda «Chig‘atoy», Samarqandda «Shohi Zinda» eng mashhur, o‘zbekning ham mana-man degan arboblari yotgan qabristonlarda necha necha ajdodlarimiz qo‘yilgan. O‘shanda, ijodkorlarni saviyasizlikda ayblashgan. Endi deputatni ham shunday desak to‘g‘ri bo‘lar.
Shu yerda to‘planganlarning ota-bobolari, yaqinlari oliy ma’lumotli o‘tishgan. Kam sonli bo‘lishsa-da, ta’limga intilish bizning millatimizga ham xos. O‘zimning nabiram Samarqand qishloq xo‘jalik institutida 3-bosqich talabasi. Mana, Sadrining 2 farzandi ham oliy dargohlarda ta’lim olayapti. Ochig‘ini aytay, lo‘lidan chiqqan oliy ma’lumotli mutaxassislar o‘sha ittifoq davrida ma’lum talablar asosida, majburlikdan millatini o‘zbek yoki tojik deb ko‘rsatgan. Hozirda lo‘lidan chiqqan ikki nafar kamyob ixtisosdagi shifokorimiz xorijda yashab, ishlayapti. Bir uchuvchimiz ham oilasi bilan xorijda. Ular qaytishi dargumon, deb o‘ylayman. Bu hali birgina bizning mahalladagi gap. Samarqandning o‘zida 7-8 ta mahalla bor. Mamlakat miqyosida-chi? Deputatlar mana shular haqida bir fikr yuritishsin.
Solejon Sobirov:
– Bir masalani anchadan buyon pensioner-oqsoqollar bilan maslahatlashamiz – kattalar hayoti bo‘lganicha bo‘ldi, uni o‘zgartirish qiyin, endi kelajak avlodni noldan boshlab yangicha hayotga o‘rgatish kerak degan fikrdamiz. «Fidoyilar» mahallasiga 9 ta ko‘cha qaraydi. Na bir bolalar bog‘chasi, na maydoncha va na ministadion bor. 30 aprel kuni shu haqda Prezident qabulxonasiga murojaat qildim. Yozib olishdi. Bir necha kun o‘tib shahar arxitekturasidan kelishdi. Borib joyni ko‘rsatdik. Ularga ma’qul tushdi. Yaqinda shahar hokimligidan javob keldi. «Bizning e’tirozimiz yo‘q, mayli hashar yo‘li bilan quringlar» deb yozilgan xatda. Bizning mahallada o‘qigan odamlar bo‘lgani bilan puldorlar yo‘q, aholining ko‘pchiligi oddiy ishchi yoki tilanchilik bilan kun ko‘radi. Yaqinda mahalla faollari nomidan bosh prokuraturaga yozgan arizamizda shu holatni ko‘rsatib o‘tdik.
Ulug‘bek rasadxonasi yaqinida «Qir» mahallasi bor. U yerda ham lo‘lilar yashaydi. Vaqtida istiqomat qilish mumkin bo‘lmagan qirlikdagi yerlar noqonuniy sotilgan. Boshqa millat vakillari qatori lo‘lilar ham sotib olib imorat ko‘tarib yashab kelgan. Mumkin emas ekan, oilalarning ko‘chirilishiga e’tirozimiz yo‘q. Lekin muddat bermasdan, uy bermasdan aynan lo‘li oilalari «Plemsovxoz» degan hududga ko‘chirildi. Bugunda 132 ta xo‘jalik chodirlarda yashamoqda. Orada qattiq yog‘ingarchiliklar bo‘lib o‘tdi, suv kechib yashadilar, buyog‘i jazirama issiq... Alisher Qodirov siz lo‘li millatini qanchalik bilasiz? «Palatkaga ko‘chmayman» degan ikkiqat ayollargacha besh sutkaga qamalgani haqida eshitmagansiz, albatta. Yordamingiz tegmas ekan, qo‘ying, zararingiz ham tegmasin, ruhiy bosim o‘tkazmang.
Eslatma: lo‘lidan chiqqan olim, tarix fanlari nomzodi Xol Nazarov tadqiqot olib borgan 70-yillarda O‘rta Osiyoda 30 mingdan ortiq lo‘li bor, deb qayd etilgan. Olim, 2000 yilda bu raqamni 50 mingdan oshgan, deb aytgan. Hozirda bunday ko‘rsatkich ma’lum emas. Markaziy Osiyodagi lo‘lilarning 70 foizi O‘zbekistonda yashaydi.
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter