Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Мустаҳкам Тангриёрова

Оққан дарё оқаверади. 

Limonning arazi, yong‘oqcha keladigan anor, po‘sti bilan yeyiladigan sitrus – Samarqanddagi «Bog‘i Gulxaniy»da bir kun (ikkinchi maqola)

Limonning arazi, yong‘oqcha keladigan anor, po‘sti bilan yeyiladigan sitrus – Samarqanddagi «Bog‘i Gulxaniy»da bir kun (ikkinchi maqola)

Foto: Xabar.uz

Men ko‘klam hidini Gulxaniylar bog‘ida, binafsha atrida tuydim. Hovli-boqqa kirib borar ekansiz, hali ostonadayoq nafis, ajib bir hid dimoqqa uriladi...

Issiqxonada esa yozning tarovatini ko‘rdim, tuvakdagi, bo‘yingdan ikki baravar keladigan bahaybat kaktuslar, pishib, tovlanib turgan limonlar, jimitdekkina allaqanday mevalar, barq urib ochilgan gullar...


Binafsha haqida vasiyat, tasbeh daraxti, bir tanada 11 nav – Samarqanddagi «Bog‘i Gulxaniy»da bir kun (birinchi maqola)


Issiqxonada mehrdan isingan o‘simliklar...

Orif Gulxaniy yashagan davrning o‘ziga xosligi gullar, o‘simliklar bizda faqat yerda o‘stirilgan. Hov-boqqa xonaki gullarning kirib kelishi shoirning farzandi Olimjon Gulxaniy hayotini biologiya fani bilan bog‘lagan kezlarga to‘g‘ri keladi. 30-yillarda tuvakda gul o‘stirish, bog‘dorchilikdagi bir evrilish bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. Xonadondagi o‘simliklarning eng ko‘p turi xonaki o‘simliklar. Bularning 90 foizi qayerlardandir olib kelingan ekan.

Xonaki o‘simliklar Navro‘z kunlarida ham issiqxonada edi. Havolar ilishi bilan, gullar tabiatiga ko‘ra, tuvagi bilan ochiq havo chiqarilib birlari quyoshli joyda, boshqasi soyaroqda joylanadi. Yirikroqlari (2 yarim 3 metrgacha yuqorilagani bor) yoki issiqxonaning o‘zida ekilgani yoxud o‘rnidan jildirganda to‘kilib ketadigani joyida qoldiriladiyu issiqxonani qoplab turgan pleyonka ochiladi.  

«Geran odamning do‘sti, – birin-birin tuvak gullari bilan tanishtira boshlaydi Muqimjon aka. – Dadam juda yaxshi ko‘rar edilar. Uyda muhitni, havoni tozalab, mikroblarni o‘ldiradi Odamga foydali 7 ta gul turi bor. Geran ham shu yettilikka kiradi».

Bog‘bonning shu kunlardagi eng eng katta quvonchi issiqxona tepasigachaga yetib olgan Agava Desmettiananing gullashi. Gulning vatani janubiy Meksika. «O‘sha joyda ham har yili gullamaydi. Ana endi tasavvur qiling, Samarqanddagi sharoiti yo‘q bir issiqxonada bu gul gullayapti. Men o‘zim ham bu gullaydi deb o‘ylamagan edim. Bir kuni issiqxonaga kirsam, bir metrcha pummagi chiqibdi O‘tgan yili moviy agava deganimiz, (tikil agavasi ham deyiladi) chiroyli gullagan edi». Issiqxonada agava oilasidagi 11 xil gul bor ekan. 

Issiqxonada ochilgan gullardan Bugenvilliya e’tiborimni tortdi. Bu gulning turli rangdagisini  Turkiyada, Yevropa davlatlari ko‘chalarida ko‘rganman. Ikki tomonidan chiroy berib turgan yo‘laklardan yurganingizda bahri dilingiz ochiladi. Bugenvilliya, afsuski, bizning qishimizni ko‘tarmaydi. Shundan tuvakda ekiladi. Hali issiqxona yopinchig‘i ochib tashlanganda kech kuzgacha hovliga fayz bag‘ishlaydi.

Evkalipt guli esa qandaydir yasama, yelimdan yasalgan sun’iy gulga o‘xshab ketarkan. 

Issiqxonada kattayu kichik yuzlab tuvaklardagi gullar qatorida sitrus mevalarning noyob navlarini ham uchratish mumkin. Pishib yetilgan limonlar tuvakda ham yerda ham ekilgan. Mandarinni tanidim. Apelsin orqaroqda ekan. Mana bu nima edi, mevami? Barmoq bo‘g‘inidek keladigan olovrang mitti narsa. Kutilmaganda, Muqimjon aka, uning ikki donasini uzib olib qo‘limga tutqazadi.

«Ha, meva. Kumkvat bu. Mana buni yuvib yeysiz. Danagini ekasiz. Avval kichikroq tuvakka ekasiz, keyin kattarog‘iga olasiz. Yerga bo‘lmaydi. Kumkvatni po‘sti olinmaydi, yuviladi va po‘sti bilan yeyiladi. Boshqa sitrus mevalardan farqi shunda».

Keyin yong‘oqdek keladigan anor ham berdilar, donasini ekasiz deb.

Issiqxonada ham har bir o‘simlik bilan bog‘liq qiziq bir ma’lumot va yo rivoyat topiladi. Bog‘bonning o‘zi o‘tgan yili Amerikadan olib kelgan qalampir urug‘i birinchi nishonasini ko‘rsatibdi. Dunyodagi eng achchiq qalampir hisoblanarkan. «Amerikada restoranga kirgansiz va taom bilan birga shu qalampirga ham buyurtma bersangiz, avvalo restoran ma’muriyatiga da’voingiz yo‘qligi haqida tilxat yozib berishingiz kerak. Juda achchiq-da  Hozircha bittagina hosil qildi, lekin juda kichkina. Aslida katta bo‘lishi kerak. Men yerga o‘tqazmoqchiman. Ko‘raylik-chi...»

«Yuraklar toshga aylanmasin»  

Samarqandda ko‘pchilik biladi, Gulxaniylar uy-muzeyidan har yili minglab noyob gul va gul urug‘lari tarqatiladi. Asosan, maktab, bog‘chalarga. O‘rni kelganda mahalla, korxona va tashkilotlarga ham beriladi. Shunchaki bepul, xayriyaga. Faqat tashish uchun mashina kerak va olingan narsalar ro‘yxatiga imzo qo‘yilsa bas.

«Gohida o‘ylanib qolaman. Odamlarimiz tabiatdan uzoqlashib borayotgandek. Bu bora-bora yuraklarni toshga aylantirib qo‘ymasin deyman-da?» Muqimjon akaning Samarqand bo‘ylab gul tarqatishidan maqsadi shu.

«Samarqandni gulga burkaymiz!» shiori bilan uning mantiqiy davomi «Har bir o‘quvchinng o‘z guli bo‘lsin! 1+10» nomli xayriyasi doirasida ko‘plab gul va gul urug‘lari ulashila boshlanganiga ancha bo‘lgan. O‘tgan kuzda ham  «Bog‘i Gulxaniy» tomonidan ushbu xayriya  tashabbus asosida, anchagina ezgulik  tarqatildi. Xususan Kattaqo‘rg‘on shahar, Urgut, Narpay, Past Darg‘om, Qo‘shrabot, Bulung‘ur va Nurobod tumanlari maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limiga qarashli ta’lim dargohlariga 8 ming tup gul va o‘simliklar, 161 mingdan ziyod gul va o‘simlik urug‘lari taqdim qilindi. Kuni kecha Samarqand tumani mas’ul xodimlari 44 nomdagi 6313 ta gul ko‘chati, 15935 dona gul, turli o‘simlik urug‘larini qabul qilib olishdi.

 – «Har bir o‘quvchinng o‘z guli bo‘lsin! 1+10» shiordagi 1 va 10 raqamlari nimaga ishora qilinadi?

– Deylik, falonchi ismli o‘quvchiga bitta tuvakda gul beriladi. Bu uning guli bo‘ladi. Istasa maktabda qarasin, istasa uyiga olib borsin. Bir yil yoki ikki yil davomida bu gulni o‘ntaga ko‘paytirib o‘zi bepul olgandek yana bepul boshqa gulsevarlarga tarqatishi kerak. Yoki, deylik, gulni birinchi sinf o‘quvchi oldi. 11 yil uni parvarish qiladi, har kuni gul bilan muloqotda bo‘ladi. Uning o‘sishini, qanday gullashini kuzatadi, mushohida qiladi. Bunaqa odamdan yomonlik chiqmaydi. 11-sinfda so‘nggi qo‘ng‘iroqda, mana endi sen parvarish qil, deb 1-sinf o‘quvchisiga topshiradi. Gul bilan muloqotning qaysi shakli tanlanishini o‘sha maktabning o‘zi tanlaydi,  – samimiyat bilan gapiradi bog‘bon. U mana shu yo‘nalishdagi ishni respublika bo‘yicha yoyishni istaydi. – O‘zbekiston bo‘yicha 6 mln dan ortiq o‘quvchi bo‘lsa, gullar shunchaga ko‘payadi, go‘zallik yoyiladi. Muhimi, yuraklar shudgorlanadi. Shudgorlanmagan yerda o‘simlik unishi qiyin bo‘lgani kabi tabiatga mehr berib, mehr olgan bolalardan hech qachon yomonlik chiqmaydi.

Muqimjon Orifiyning feysbuk sahifasiga xayriya tadbirlar haqida batafsil yozilgan. Muqimjon Orifiy o‘quvchilar uchun maxsus gullar haqidagi kitobchalar chiqarishni ham o‘ylaydi. «Lekin, mutaxassislarning yordami kerak. Axir, men asli iqtisodchiman, biror xatolikka yo‘l qo‘ysam gunoh bo‘ladi» deydi u.

Bog‘bonga yana savol tashlayman.

Gullar bilan gaplashasizmi?

– Gaplashaman. Odamlar devona desa ham gaplashganimni ijtimoiy tarmoqlarda yozaman ham. Ertalab chiqib, avval qiladigan ishim, aylanib gullardan hol-ahvol so‘rayman. Agar kasal bo‘lsa, dorisini aniqlab unga dori beraman. Sug‘orish kerak bo‘lsa, suv beraman. Soyadan yorug‘roq joyga olib chiqish kerak bo‘lsa, joyni o‘zgartiraman. Kamida bir soat aylanib gullar bilan suhbat qilaman.

– Eng yaxshi ko‘rgan gulingiz qaysi?

– Men bittasini yaxshi desam, qolgani mendan xafa bo‘lishi mumkin, deb o‘ylayman. Hali o‘simliklar olami yaxshi o‘rganilmagan. Bir voqeani aytay. Issiqxonada, limon daraxtimiz juda kattalashib ketdi. Gullar esa ko‘p, gullarni joylashtirishim kerak. Bitta shoxini kesishga majbur bo‘ldim. Keyin, o‘sha daraxtning limonlari shunchalik nordonlashib ketdiki...

«Bog‘i Gulxaniy»da qilinayotgan ishlar mehr, mehnat, ishtiyoqdan tashqari mablag‘ bilan bog‘liq joyi borligini ilg‘ayman. Gaz, suv, dori, nuri hammasi pul-ku! Ataylab kelib gul sotib olamiz deganlarga gul sotilar ekan. Lekin, u, jami xarajatning bor-yo‘g‘i 20 foizini qoplar ekan.  «Bu dunyoda yaxshilik ham kerak-ku», deydi suhbatdoshim tabassum bilan.

Shu joyida yana bir chiroyli taklifni ham aytildi: «Samarqand kengaytirilayapti. Yaqinda millionli shaharga aylanamiz. Shaharda maxsus gul bozori bo‘lishi kerak» deb o‘ylayman.  

1980 yilda rasman qayd qilingan uy-muzeyning Orif Gulxaniy yashab o‘tgan, uning ashyolari saqlanayotgan qismining o‘zi yana alohida maqolaga mavzu bo‘lgulik. Rasmiy hujjatlarda uy muzeyning direktori sifatida Muqimjon Orifiynning nomi yoziladi. Lekin, ular o‘zlarini doimo dargohning bog‘boni deb biladilar. Zero, bog‘da ishlash uchun doimiy yordamchi yo‘q. Muqimjon akaga ayoli, farzandlar va nabiralar ishdan, o‘qishdan bo‘sh paytlarida doimo ko‘mak berishadi, qo‘llab-quvvatlashadi. Xonadon ahli kelgan mehmonlar bilan tojik, o‘zbek va rus tillarida erkin muloqot qiladilar, (yoshlar ingliz tilini ham tortib ketishayapti) bu bilan  xalqlar do‘stligi, yakdilligiga ham hissa qo‘shadilar.

Yaxshilar, bor bo‘ling!

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети