Kichkina odamning katta dunyosi
Uning bo‘yi 1 metru 12 sm. Vazni 26 kilogramm. 27 yoshli Hasan Hamroyev ana shu fiziologik ko‘rsatkichlar bilan Samarqand shahridagi O‘zbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti jismoniy madaniyat fakulteti 2-bosqich talabasi. Shahardagi nomdor restoranning betakror xodimi, ta’bir joiz bo‘lsa – brendi.
«Tug‘ilganda Hasan Husandan kattaroq edi...»
Onasi Dilrabo Zokirova Hasan-Husanlari tug‘ilgan yangi yil kechasini shunday eslaydi:
– Yangi yilni uyda kutib olib, keyin tug‘uruqxonaga bormoqchi edim, bo‘lmadi. Bitta-ikkita salyut otila boshlaganda uydan chiqqanmiz. Tug‘uruqxonada 1996-yilning birinchi chaqaloqlari mening egizaklarim bo‘ldi. Hasan yirikroq – uch kilogramm va Husan ikki yarim kilodan sal og‘irroq vaznda edi. Xo‘jayinim tomonidan avlodda egizaklar tug‘ilib kelgan. Lekin, bo‘yi o‘smay qolgani bo‘lmagan, – deya xo‘rsinib qo‘yadi ayol.
Hasanjon bilan u ishlayotgan «Zarhal» restoranida suhbatlashdik.
– Oilada besh farzand ulg‘aydik. Akam, ikki opam va keyin biz – egizaklar. Mendan boshqa hammalarining bo‘yi uzun. Husan ukam ham daroz yigit. Bolaligimda ko‘p kasal bo‘lgan ekanman. Lekin esimni taniganimdan beri, umuman ignadori (ukol) olmayman, dori ichmayman. Endi-endi, gohida boshim og‘risa, dori ichadigan bo‘ldim. Shamollasam ham, Xudoga shukr, o‘n kunlab muolaja olmayman yoki kasalxonalarga yotmayman, darrovgina o‘tib ketadi.
– Bolalar ulg‘ayar ekan, Hasan negadir ko‘p kasal bo‘laverardi, – telefon suhbatida davom etadi ona. – Hushidan ketib qolardi. Bora-bora bu holat tez-tez takrorlanadigan bo‘ldi. 4 yoshlarga qadam qo‘yayotganda, oxirgi marta shifoxonaga yotqizganimizda, tomchi dorilar ketmay qoldi. Shunda do‘xtirlar, «endi olib ketinglar, ahvoli og‘ir, tayyorgarlik ko‘raveringlar» deyishdi. Ilojsiz uyga olib keldik. Shunda bola uch kecha-kunduz uxladi. Keyin ko‘zini ochdi. Shu-shu kasal nimaligini boshqa bilmadi. Hasan do‘ndiq va kaltaroq, Husan esa oriq, lekin novcha edi. Faqat 8 yoshdan keyin Hasan o‘sishdan qolayotgani ma’lum bo‘ldi.
Dilrabo opa Hasanning o‘smay qolishini bolalikdagi kasalliklar asorati deb biladi.
Kichkina odam bo‘lish qiyinmi?
– Goho avtobusda tirbandlik shunchalik bo‘ladiki, pastroqdan ushlaydigan bir joy topolmaysiz, tepadagi tutqichga qo‘lingiz yetmaydi. Yoki tiqilinchda sizni yosh bola xayol qilishadi. Men esa vaziyatdan chiqib ketishni o‘rganib borayapman.
Ammo, mittilik qator imkoniyatlar berishini ham bilasizmi? Masalan, zinadan chiqishda tengdoshlarimdan ancha chaqqon, chopqillab chiqib ketaman. Yoki gavjum joyda kichik odam, taloto‘p orasidan tezda yorib o‘tib ketsa bo‘ladi. Yana-chi, sen yosh bola emasligingni bilishsa ham, xuddi boladek erkalashadi. Qolaversa, men mitti odam bo‘lmaganimda, shunday nomdor dargohga restoran ishi bo‘yicha na malakam, na ma’lumotim bo‘lmagan bir paytda ishga olisharmidi? Kichkina inson ekanimdan hech ham afsuslanmayman. Allohning ishi bu, bunda ham bir hikmat bordir, – o‘ziga xos ovozda gapiradi Hasanjon.
Yigit Urgut tumanining Tojikiston chegarasiga yaqin, Chep qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan. Shu yerda 74-maktabda o‘qigan. 9-sinfdan so‘ng o‘qishini sportga ixtisoslashgan kollejda davom ettirgan. Onasining aytishicha, qishloqda u qoramol boqishga qiziqqan.
«O‘ntacha moli va qo‘yi bor edi. Juda yaxshi qarar edi. Shaharga jo‘nashi oldidan hammasini sotdik. Akasi, ukasi Husan ham o‘shanda Rossiyada edi. Katta o‘qishlarga kirishga imtiyozi bor deyishdi, u ham dunyoni ko‘rsin, dedik», – deydi onasi.
2022-yilning yozi Hasan uchun omadli keldi. U O‘zbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti jismoniy madaniyat, sport va maktabgacha ta’lim fakulteti talabasi bo‘ldi. Olimpiya zaxiralari markazidagi «Delfin» maskanidan respublika suzish musobaqasiga yuborildi va g‘oliblardan biri deb topildi. Shundan ko‘p o‘tmay, uni Samarqandning mashhur restoranlaridan biriga ishga taklif qilishdi.
– Ham o‘qish, ham ishga qanday ulgurasiz? Taxminiy kun tartibingiz qanday?
– Ertalab soat 7 da uyg‘onaman. Yengilgina nonushta qilib, tramvayda, undan tushib avtobusda ish joyimga yetib kelaman. Bu vaqtda restoranda mehmonlar bo‘lmaydi. Men salat tayyorlaydiganlar oldiga kirib, u-bu masalliqlarni tayyorlashga yordamlashaman. Orada dam olishga, kitoblarni varaqlashga ham fursat bo‘ladi. Soat 12 da o‘qishga boraman. Restoranda asosiy tadbirlar oqshomda boshlanadi. Shu vaqtda o‘qishim tugaydi va haqiqiy faoliyatim boshlanadi. Kechki soat o‘n, o‘n yarimlarda ishim tugaydi va men uyga qaytaman. Ana shu vaqtda dars tayyorlayman, – batafsil hikoya qiladi Hasanjon.
Oliy ta’lim
– Har kuni ikki paradan to‘rt paragacha dars o‘tamiz. Guruhimizda sog‘lom talabalar qatori ko‘zi ojizlar ham, kar-soqovlar ham, menga o‘xshaganlar ham bor. Nogiron odam oliy ma’lumot olib kelajakda nima ish qiladi, degan savol berishadi. Bizlar xuddi o‘zimizga o‘xshagan o‘quvchilarga dars berishimiz, nogironlarning turli tashkilotlarida ishlashimiz mumkin. Bu endi har kimning layoqatiga, omadiga bog‘liq. Maktabda ham a’lochi bo‘lmaganman. Lekin darslarni qoldirmaganman. Ta’lim olish borasida o‘z ustimda ishlashni kuchaytirmoqchiman, – deydi suhbatdoshimiz.
O‘zbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti «Yoshlar bilan ishlash va ma’naviyat bo‘limi» boshlig‘i Sherzod Rashidov Hasan Hamroyev eng tartibli talabalardan biri ekanini ta’kidladi:
– Intitutda yuzdan ortiq nogiron talabamiz bor. Ularning hammasi davlat granti asosida o‘qiydi. Bundan tashqari, ularning har biriga nogironlik nafaqasiga qo‘shimcha ravishda bazaviy stipendiyaning yarmi miqdorida (bugunda 700 ming so‘m) stipendiya beriladi. Hasan suzish bo‘yicha respublikadagi peshqadamlardan biri. U kelajakda dunyo miqyosidagi musobaqalarda g‘alaba qozonishi mumkin.
«Hasanjon – bizning chehramiz»
– Restoranimiz bir necha zaldan iborat. Shundan 20 kishilik davrani ham, 50 kishilik, 100 kishilik tadbirlarni ham alohida-alohida joyda o‘tkazish imkoni bor. Bir davrada mehmonlarni kutib olish, boshqasida ovqatlarni chiqarganda shou dasturini boshqarish, masalan, o‘ng zalda salatlarning tuzini sepib berish yoki chap zalda tug‘ilgan kun nishonlanayotgan bo‘lsa, tortli aravachani kiritish, xullas, barchasiga kayfiyat ulashish – mening vazifam. Gohida zalga kirib qo‘lingni ko‘ksingga qo‘yib, «Xush kelibsiz!» desang ham mehmonlar yuziga tabassum yoyiladi. Ba’zan raqsga chorlashadi, chiroyli raqsga tushasan, deyishadi. Birga suratga tushishga taklif qilishadi.Faqat restoranda emas, ko‘chada ham ko‘pchilikning mehrini, hurmatini his etaman.
– Lekin, odamlarmiz bir xil emas-da...
– To‘g‘ri aytasiz. Bolaligimda meni masxara qilgan tengdoshlarim bo‘lardi. Ular bola edi. Kuni kecha bo‘lgan voqea. Taksi haydovchisi kelbatli, kap-katta erkak avvaliga yoshimni so‘radi. To‘g‘rilikcha aytdim. So‘ng uylangan yoki bo‘ydoqligimni bilgisi keldi, savoliga javob berdim. Shundan keyin shaxsiy hayotim bilan bog‘liq turli bema’ni savollarni bera boshladi. Oxiri, «siz manzilimga olib borib qo‘ying, boshqasi bilan ishingiz bo‘lmasin» deb suhbatni shart to‘xtatdim.
Bunaqa holatlarni ko‘ngilga olmaslikka harakat qilaman. Hatto mana shu yerda mijozlarning mingidan biri bo‘lsa ham beo‘xshov hazil gap aytsa yoki shunga harakat qilsa, eshitmaganga, ko‘rmaganga olaman. Zotan, o‘sha odam bir kun kelib mendan battar ahvolga tushmasligiga kim kafolat beradi? Men-ku, o‘z oyoq-qo‘limdan, ko‘zimdan, tilimdan qolganim yo‘q. Birovga og‘irligim tushmaganiga shukrlar qilaman.
Bazmgohdagi yig‘inlarga gohida aravachadagi kishilarni ham olib kelishadi. Chiroyli kiyingan, tillo taqinchoqlar ham taqib kelganlari bo‘ladi. Ularning ayrimlari qaytayotganda yig‘lab-yig‘lab qaytadi...
– Jamoadoshlaringiz sizni rosa hurmat qilisharkan...
– Restoran boshlig‘i Rustam aka Tursunov, ish boshqaruvchi Suhrob aka, adminstratorimiz Alisher akalarning e’tibori jamoadagi har bir xodimga ko‘chgandek. Har kunimiz samimiy hazil-huzul bilan, hech bir zo‘riqishsiz o‘tadi. Zalga kiyiladigan barcha kiyimlarni olib berishadi, ba’zan o‘zim olaman.
Restoranning salat tayyorlovchi ustasi, qahramonimizdan o‘n yoshlar chamasi katta bo‘lsa ham, hurmat bilan «Hasan aka» deydigan G‘ayrat Pardayev Hasanjonning qo‘llari chaqqon ekanini, qolaversa, fartuk taqib safda turishi ham jamoani ruhlantirishini aytadi.
«Axir, u shu ishni qilmasa ham hech kim urishmaydi. Aslida Hasan akaning asosiy vazifasi mehmonlar kayfiyatini ko‘tarish-ku. Lekin u bekor o‘tirolmaydi», – deydi u.
«Ona, siz yig‘lamang»
Hasanni izlab borgan kunimiz, u yuqori qavatda band ekan. Ish boshqaruvchi Suhrob aka bilan gaplashib qoldik.
«Har qanday sohada rahbariyat chehrasi ochiq, samimiy xodimlarni qadrlaydi. Hasan ana shunday oqko‘ngil, samimiy yigit. Ko‘p bo‘lmadi, Hasanning egizi Husan Rossiyadan qaytib kelganda, unashtirishibdi. Shunda restoran rahbariyati bilan Hasanni ham uylantirib qo‘yishni maslahatlashdik. Hamma xarajatlarni o‘zimiz ko‘taradigan bo‘ldik. Mana, yonimizda «Zebo» (shahardagi nomdor maishiy xizmat uyi)dagi qizlarning bilmagan narsasi yo‘q. O‘shalar 2-3 nafar kichikroq qizlarni topishdi. Lekin, Hasanning o‘zini ko‘ndirolmadik-da. Hali qiladigan ishlari bor emish, – deydi Suhrob aka.
Hasan bilan suhbatda esa to‘yni to‘xtatib turishga sabab bo‘lgan ishlar nima ekanini bilishga qiziqdik va javobini olish uchun undan qayta-qayta so‘radik. U oxiri «yorildi»:
– Uy olishim kerak. Hozir-ku talabaman, tog‘amning yana bir talaba o‘g‘li bilan bitta uyni ijaraga olib yashab turibmiz. 100 dollardan qo‘shamiz, bitta kvartirani 200 dollarga olganmiz. Avvalo uy olib, biyim (shevada, - onam) bilan dadamni shaharga olib kelishni niyat qilganman. Keyin, uyog‘i bir gap bo‘lar.
Hasanjonning ana shu gaplaridan keyin, Chep qishlog‘idagi shart-sharoit bilan tanisha boshlayman. Qishloqqa tabiiy gaz umuman yetib kelmagan. Ichimlik suvi ham tortib kelinmagan. Ariq va artizan quduq esa so‘nggi vaqtlarda aholini suvdan yolchitmayapti ekan. «Lekin, elektr bor, shukr» deyishdi chepliklar. Ayollari hamma boshqa qishloqlarda bo‘lgani kabi non yopadi, sigir sog‘adi, ekinga qaraydi, kich-chir, supur-sidir degandek...
Dilrabo opaning esa hush-xayoli Hasanda.
«Beshta farzandimning bari mehribon. Ammo, Hasan meni boshqacha yaxshi ko‘radi. Bir nimaga siqilib ko‘zlarim yoshlanganini ko‘rib qolsa, «biyi, yig‘lamang, men siz uchun yashayapman-ku, yig‘lamang» deydi. Kimdir uni xafa qilsa kechirolmayman», – deydi ona.
«Meni doimo rag‘batlantirib turgan biyim bo‘ladilar. Katta akam Rossiyada, dadam ham hozircha uydan yiroqda. Biyim meni ko‘proq o‘ylashlarini sezaman. Maosh olganimda ularga ko‘ylak olishni yaxshi ko‘raman. Bozorga borib, o‘zim tanlayman», – deydi Hasan.
Hasan maoshini yashirmaydi – har oyda 400 dollar. Yana 700 ming so‘m nafaqa va 700 ming so‘m stipendiya ham oladi. Ochig‘i, Samarqanddagi hamma yigit ham rӯzg‘origa shuncha pul kirim qilolmaydi.
Ana, restoran zaliga ofitsiant yigitlar safi oldida mitti Hasan kirib kelayapti. U endi birinchi ish kunidagi kabi uyalmaydi. Hasan jahonning eng yaxshi filmlari, ko‘rsatuv va shoularida mitti qahramonlar ulkan vazifalarni bajarishlarini endi biladi.
Mustahkam Tangriyorova
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter