Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Бахтиёр Шералиев

Avstraliyalik olimlar topgan dori haqida

Avstraliyalik olimlar topgan dori haqida

Avstraliyalik olimlar jamoasi tomonidan 3 aprel kuni Antiviral Research ilmiy jurnalida FDA tomonidan tasdiqlangan ivermektin dorisining SARS-CoV-2 virusi replikatsiyasini to‘xtatishi bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalari e’lon qilindi.

Virus replikatsiyasi degani bu sodda qilib aytganda virusning ko‘payishi, ya’ni shu dori virus ko‘payishini to‘xtatishi mumkinligi aniqlangan. Faqatgina in vitro usulida! in vitro deb organizmdan tashqarida, to‘g‘rirog‘i probirkadagi tirik hujayra namunasida o‘tkaziladigan biror bir tajribaga aytiladi. Odatda molekulyar biologiya, biokimyo, farmakologiya, tibbiyot, genetika va boshqa sohalarda in vitro usuli keng qo‘llaniladi.

Avstraliyalik olimlar laboratoriyada in vitro usulida hujayraga SARS-CoV-2 virusini yuqtirib, 2 soatdan keyin unga ivermektin dorisini yuborishadi. Oradan 24 soat o‘tgach hujayradagi koronavirus RNK si 93 foizga, 48 soatdan keyin 99,98 foizga kamaygani ma’lum bo‘ladi.

Ivermektin o‘zi qanday dori?

Bu dori avvaldan ma’lum edi. Uni endi kashf qilishgani yo‘q. U 1975 yilda kashf qilingan va 1981 yildan beri tibbiyotda antiparazitar preparat sifatida foydalaniladi. Preparat onxotserkoz, strongiloidoz, askaridoz, trixotsefalyoz, filyariatoz va enterobioz kabi gelmintli kasalliklarda qo‘llaniladi. U nafaqat odamlarda, balki ot, qo‘y, echki, qoramol, tuya va cho‘chqalarda ham qo‘llaniladi. Arzon, hamma davlatda topiladigan dori hisoblanadi. Uilyam Kampbell va Satoshi Omura ushbu preparatni kashf qilgani uchun 2015 yilda Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishgan.

Xulosa

Qadrdonlar, preparat endigina in vitro usulida tekshirildi. Shunda ham u virus yuqtirilgandan 2 soat o‘tib qo‘llanilgan. Endi navbatda in vivo usulida tekshirish (ya’ni, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tirik organizmda) turibdi, shundan keyin esa bemorlarda sinab ko‘riladi. O‘shangacha bu preparatni COVID-19da qo‘llashga hech bir muassasa ruxsat bermaydi. Shu bois hayajonga berilmanglar. Agar preparat navbatdagi sinovlardan ham muvaffaqiyatli o‘tsa va chindan ham haqiqiy koronavirus yuqtirgan bemor virusdan tuzalsa, ana unda chinakamiga xursand bo‘lsak bo‘ladi. Ungacha esa jarayonlarni kuzatishda davom etamiz.

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети