Toshbag‘irlar. Hayvonga beshafqat odam insonga ham shafqat qilmaydi
Bolaligimda yozgi ta’tildagi bir voqea sira esimdan chiqmaydi. Ikki-uch qishloq narida yashaydigan otam tomondan uzoq qarindoshimiz men bilan ukamni uylariga mehmonga olib ketdi. Biz nihoyat ta’tilda mehmonga borayotganimizdan xursand edik. Ularning darvozasidan kirishimiz bilan hovlisidan oqib o‘tadigan ariq yonidagi chuqurchaga to‘kilgan qon ko‘lmagini ko‘rib seskanib ketdim.
— Bu nima deb so‘radim uy egasidan. — Ha, kecha bollar mol so‘yishgan, — dedi, «xola»miz. Ochig‘i bizning ham uyda jonliq so‘yilardi. Ammo hech qachon biz bolalar molning so‘yilishini ko‘rmasdik. Kattalar jonliqni bog‘ning to‘riga olib borib so‘yishar va bizning tomosha qilishimizga yo‘l qo‘yishmasdi.Uyga yaqinlasharkanmiz, shundoqqina eshikka yaqin joyda qora molning kallasini ko‘rib ukam menga, men ukamga qaradik. Lekin boyagi tushuniksiz og‘ir kayfiyat sira meni tark etmasdi. Bizni dasturxonga taklif qilishdi. Bir pasdan keyin hovliga o‘ynagani chiqsak xolaning o‘g‘li xotiniga baqirayotgan ekan. Keyin shu orada xotinining yelkasiga qattiq turtib yubordi. Xotini cho‘k tushib qoldi. Kelinchak bizning qarab turganimizni ko‘rib hijolat bo‘ldi. Nimadir deya tizzasini silab ishini davom ettirdi. Darg‘azab bo‘lgan xolaning o‘g‘li molxona tomonga yurdi. Kechqurun ovqat payti «xola»miz o‘g‘liga norozi ohangda nimadir deganini tushunmay qoldim, ammo o‘g‘li chiroyli kelinga tishlarini g‘ijirlatib qarab qo‘ydi. Kelin ko‘zlarini olib qochdi. Biz ukam ikkalamiz bu muomaladan hayron edik. Biz otamizni har zamonda koyigani uchun badjahl deb o‘ylardik. Ammo dasturxon boshida hech qachon qovoq-tumshuq qilib hech kimning kayfiyatini buzmas edi. O‘tish oldidan kelinning uyiga kirdik. U beshikdagi bolasini ovqatlantirayotgan ekan. Bizni ko‘rib chehrasi yorishdi. Shu payt ozroq ochilgan o‘ng yelkasiga ko‘zim tushdi. Tirnalgan ekan.
— Yanga yelkangizga nima qildi, — dedim.
U siniq jilmaydi:
— «Tog‘a»ngiz, hovlidagi toshlarni ko‘rdingizmi, o‘sha joydan uygacha sudrab olib kelgan, — dedi...
Endi anglashimcha, o‘shanda kelin dardini kimgadir aytgisi kelganu bizga ilk bora yorildi, shekilli. Kechasi hovlida yotdik. Ko‘zimga sira uyqu kelmadi. Ko‘z oldimda hovliga kirib kelganimizdagi chuqurchadagi qip-qizil qon, darg‘azab «tog‘a», yelkasi tirnalgan yanga...Ertalab bola qalbim bilan bu narsalarni unutib uyg‘ondim. Ukam bilan yugurib kuchukchalarning oldiga bordik. Ona it to‘rt nafar bolasini emizayotgan ekan.
Kuchukbolalarning ko‘zi ochilgan, biram yoqimtoy ediki. Ukam, bizga bersa olib ketsak bo‘larkan, dedi.
«Oqto‘shing borku» dedim men. «Otam ikkita kuchukka ruxsat bermaydi». «Ha, Oqto‘shimni sog‘indim», deb qo‘ydi ukam. «Men bu yoqdaman, u nima qilayapti ekan». Ukam uyda tashqarida yotgan kunlari kuchugi bilan quchoqlashib uxlardi. Otam ko‘rsa urishmasin, deb hammayoq tinchigach qo‘ynida quchoqlab yotardi. Ana shu kuchuk necha yillar ukamning haqiqiy himoyachisi bo‘ldi.
Shu payt «tog‘a» kelib qoldi. Ikkita kuchukchani oyog‘idan ko‘tarib uyoq-buyog‘iga qaradi va bittadan qo‘limizga berib qo‘ydi. Biz kuchuk bolalarni xursand bo‘lib quchoqlab oldik. Biram yoqimtoy ediki. Keyin bizga «ketdik» dedi. Biz ortidan ergashdik. Ularning uyining orti yalanglik, qir edi. Biroz yurib uydan uzoqlashganimizdan so‘ng «tog‘a» oldindan kovlangan chuqurcha oldiga keldiyu kuchukchalarni qo‘limizdan olib itqitib yubordi. Biz nima bo‘layotganini anglamay qoldik. Keyin oyog‘i bilan tez tez chuqurchani to‘ldirib ustidan tepkilab tekisladi. Ukam bilan men rangimiz oqargancha turib qoldik. Keyin ukam shosha-pisha tuproqni kovlamoqchi bo‘ldi. Ammo «tog‘a» ruxsat bermadi. Agar yana shunday qilsang seni anavi ariqqa otib yuboraman, deb tirjaydi. Bu gapni hazillashib aytdi, ammo biz ishondik, qo‘rqa-pisa ortidan ergashdik. Keyin bilsam kuchukning erkagini olib qolisharkan. Mening juda ham uyga ketgim kelib ketdi. Ukam yo‘lda yig‘ladi. «Uyga ketaylik opa», dedi. Kechqurun uxlashga yotdik. Ko‘zimga ancha paytgacha uyqu kelmadi. Xayolimda kuchukchalar tirigu «qutqaringlar» deb g‘ingshiyotgandek ovoz eshitilaverdi. Ammo uxlab qolibman. Ertalab yomon kayfiyatda turdim. Faqat kuchukchalarning ko‘milayotganda jon alfozda tipirlashi emas, ariqcha to‘la qon, yelkasi shilingan yanga hamma-hammasi xayolimdan birin-ketin o‘taverdi. Biz ukam ikkalamiz ketamiz, deb turib oldik. Bizni ulovga solib kuzatib qo‘yishdi. Hozir jinoyatchilar, yovuz odamlar haqida o‘ylasam o‘sha kuchukbolalarni tiriklay ko‘mgan «tog‘a» xayolimda jonlanadi...
Hovlimizning pastidagi jiydaga mushukning og‘ziga nos solib osib qo‘ygan bolakay voyaga yetib oila qurgach bir umr xotinini kaltaklab yashadi. Hayotiy haqiqatlardan anglaganim shu bo‘ldiki, hayvonga beshafqat odam, insonga ham shafqatsiz bo‘ladi.
Bolalar ko‘z o‘ngidagi vahshiylik
Olmon faylasufi Artur Shopenhauer shafqat hissini ahloqning asosi, shafqat tushunchasini ahloqshunoslikning asosiy tushunchasi deb ataydi. Uning nazdida shafqat universal tabiatiga ega, u insonning nafaqat insonga, balki hayvonga bo‘lgan munosabatida ham namoyon bo‘ladi, zero hayvonga beshafqatlilik qilgan odam insonga shafqatli bo‘lmaydi. Sud statistikasining ko‘rsatishicha, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun huquqbuzarlik sodir etilishi holati oshib borishi kuzatilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudidan olingan axborotga ko‘ra, 2014-2017 yillarda va 2018 yilning 9 oyi davomida ma’muriy sudlar tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi bo‘yicha 399ta shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik haqidagi 277ta ish ko‘rib chiqilgan. Ulardan faqat 199ta ish bo‘yicha 281ta shaxsga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanilgan. Masalan, Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida bolalar tomonidan bo‘g‘oz itga sim tiqilib, ustidan benzin quyib, yoqib yuborilgan. Toshkent shahrining Olmazor tumanida 18 yoshli qizlar tomonidan mushuk cho‘ktirib o‘ldirilgan. Yunusobod tumanida erkak kishi olti nafar voyaga yetmagan bolalar ko‘z o‘ngida kuchuk bolasini chavoqlagan. Yana ushbu tumanda mehnat qiluvchi farrosh tomonidan mushuklar shafqatsizlarcha o‘ldirgan. Mirzo Ulug‘bek tumanida yosh yigit mushukni pnevmatik quroldan otib tashlagan.
Afsuski, shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish brigadasi vakillari tomonidan hayvonlarga nisbatan benihoya shafqatsizlik (sop, tayoqlar, armatura bilan urish) ko‘pincha bolalar va keksa fuqarolarning ko‘z o‘ngida sodir etilgan. Masalan, Navoiy shahrida hayvonlarni aholi ko‘z o‘ngida otib tashlashgan. Jizzax viloyatining Paxtakor shahrida esa hayvonlarni otish kuppa-kunduz bolalar ko‘z o‘ngida amalga oshirilgan.
Javobgarlik kuchaytiriladi
Rasul Kusherbayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:
— Hayvonlarni tutishda azob beruvchi, shafqatsiz va sadistlarcha usullardan, shu jumladan, qo‘l-oyoqlarni uzib olish, turli qattiq jismlar bilan kaltaklash hollari ham kuzatilmoqda Masalan, Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida hayvonlarni tutish voyaga yetmagan shaxslar va keksa fuqarolar ko‘z o‘ngida, to‘qmoqlar va armatura qo‘llanilgan holda, shafqatsiz tarzda amalga oshirilgan. Sirdaryo viloyatida va Namangan shahrida hayvonlar zaharli kimyoviy vositalar bilan atayin zaharlangan. Xalqaro tajribaga qarasak, bir qator mamlakatlarda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik ham nazarda tutilgan (Belarus Respublikasining Jinoyat kodeksi – 3391-modda, Rossiya Federatsiyasining Jinoyat kodeksi – 245-modda, Qozog‘iston Respublikasining Jinoyat kodeksi – 316-modda, Ukraina Jinoyat kodeksi – 299-modda). Shuningdek, AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya, Polsha, Yaponiya, Hindiston va boshqa davlatlarning qonun hujjatlariga muvofiq hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish jinoyat deb hisoblanadi va katta miqdorda jarima solishga yoki ozodlikdan mahrum qilish ko‘rinishidagi jazo qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi. Bundan buyon endi hayvonlarni ixtiyorsiz o‘lar darajada urushtirib «rohatlanadigan» ayrim ishqibozlarimiz ham qilayotgan ishining insoniylikka to‘g‘ri kelish-kelmasligi haqida biroz o‘ylab ko‘rsalar yomon bo‘lmasdi, nazarimda. Hayvonlarda mustaqil tanlov va ongli qaror qabul qilish imkoniyati yo‘q ekanligini inobatga olsak, mana shunday ishqibozliklarni ham hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish toifasidagi ishlarga kiritsak bo‘lardi. Fuqaro Alan Ponomaryovning «Mening fikrim» veb-portali orqali hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi jamoaviy elektron murojaat 10 mingdan ortiq ovoz to‘plagandi.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan palataning yalpi majlisida ushbu masala deputatlar tomonidn ko‘rib chiqildi va bir guruh deputatlar tashabbusi bilan kiritilgan «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonun loyihasiga ko‘ra:
- hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynash, yohud voyaga yetmaganlarning huzurida sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish (eng kam ish haqining 10 baravaridan 15 baravarigacha jarima solish);
- xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud voyaga yetmagan shaxsni ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilishda ishtirok etishga jalb qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kiritish (eng kam ish haqining 15 baravaridan 30 baravarigacha jarima solish yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini tayinlash) taklif etilmoqda. Taklif qilinayotgan qonun loyihasini qabul qilinishi hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish hollarini to‘g‘ri talqin qilish va buning uchun munosib jazoni tayinlash muammolarini hal etishga, shuningdek, hayvonlarga nisbatan sodir etilgan huquqbuzarliklarning oldini olish uchun ogohlantiruvchi chora bo‘lishi ta’kidlanmoqda...
Nargis Qosimova, «Rahmdil bo‘l» tashabbuskor guruhining a’zosi, jurnalist:
— Ayni paytda respublikamizda boshpanasiz jonivorlarga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo‘linmoqda. Vaholanki, o‘zini hurmat qilgan jamiyatda ma’naviy yetuklik uning a’zolarining tabiatga, jonivorlarga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi. Buni Yevropa misolida ko‘rish mumkin. Ya’ni, millatning madaniyati va axloqi hayvonlarga munosabatda bilinadi. Afsuski, biz har qadamda uysiz mushuk va itlar, boshqa jonivorlarni urish, qiynash, o‘ldirish holatlarini kuzatishimiz mumkin. Eng dahshatlisi, bunday holatga nisbatan ko‘pchilikning befarqligidir. Zero, yoshligida jonivorlarni qiynab bundan huzurlangan bola ertaga na o‘z oilasi, na yaqinlariga nisbatan mehrli bo‘lib voyaga yetmaydi. Bu allaqachon o‘z isbotini topgan fakt.
O‘zbekistonda qarovsiz hayvonlarni asrash, ularni sterillash va boqish uchun davlat tomondan ajratilgan boshpanalar yo‘q. Ko‘chadagi jonivorlar obodonlashtirish xizmatining maxsus bo‘limi xodimlari tomonidan ushlab ketilib, bir necha kun qafaslarda suvsiz va ovqatsiz saqlanadi, so‘ng o‘ldirilib, chiqindi poligonidagi «Hayvonlar qabristoniga»ga olib borib tashlanadi. Bunday vahshiyona munosabat birorta rivojlangan davlatda yo‘q. Respublikamizda tabiatni asrashga qaratilgan qonunchilik bazasi ishlamaydi. Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi tayyorlanmoqda. Qonun ham qabul qilinar, ammo u keyin ishlaydimi? Jonivorlarga azob bergan shaxslar jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortiladimi? Albatta qonun qabul qilingach, uni amalga oshirish mexanizmini ham ishlab chiqish, jonivorlarga ozor yetkazgan har qanday inson, u kim bo‘lishidan qat’i nazar javobgarlikka tortilishi zarur. Bugungi kunda bir guruh insonlargina qarovsiz jonivorlarning huquqlari uchun kurashmoqdalar, ularni obodonlashtirishning maxsus xizmati changalidan qutqarishga harakat qilishmoqda. Ammo ular juda ozchilik. Mazkur muammo davlat miqyosida hal qilinmas, farzandlarimizni yoshligidan tabiatga, jonivorlarga mehrli qilib tarbiyalamas ekanmiz, biz o‘zimiz o‘tirgan shoxga bolta urishda davom etaveramiz.
Kuchuklar huquqi konstitutsiyada belgilangan
Darhaqiqat, Angliyada kuchugiga qo‘pol munosabatda bo‘lgan fuqaroga 8 oylik qamoq jazosi tayinlangan.
Bir ko‘rsatuvda San-Fransiskoda kanalga tushib ketgan kuchukni ne azoblarda vertolyotda qutqarishganini ko‘rib ochig‘i qoyil qolgandim.
Germaniyada esa kuchukning huquqlari Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan.
Fransiyada har bir uy hayvonining bo‘ynida maxsus, yo‘qolsa topish oson bo‘lishi uchun «chip»lar taqilgan.
Finlyandiyadagi egasiz hayvonlar saqlanadigan «muruvvat» uylarida hayvonlar maxsus dorili suvlarda cho‘miltiriladi, yaxshi ovqatlantiriladi.
Hayvonga ko‘rsatilgan jo‘mardlik
Faylasuflar inson hayoti oliy qadriyat ekanini ta’kidlashadi, o‘zganing hayotiga o‘zingnikidan oliyroq qadriyat deb qarash g‘oyasini ilgari surishadi. Lekin bu «o‘zga» faqat inson bo‘lishi shart emas. Muhammad Zohid Qutqu keltirgan mana bu rivoyatga e’tibor qiling: «Jo‘mardligi bilan mashhur bo‘lgan Abdulloh ibn Ja’far roziallohu anhu bir xurmozorga kirdilar. Va unda qora qulning ishlayotganini ko‘rdilar. Shu payt bog‘ sohibi kelib, qulga uch burda non berib ketdi. Bu uch burda non qulning kundalik ish haqi edi. Nogoh shu payt qayerdandir bir it paydo bo‘ldi va qulga yaqinlashdi. Qul qo‘lidagi nonning bir burdasini unga berdi. Jonivor yedi-yu lekin to‘ymadi. Qul yana bir burdani berdi. Nonni yeb bo‘lib, it yana kutib turdi. Shunda qul nonning so‘nggi burdasini ham itga berdi. Jonivor uni yeganidan keyingina nari ketdi. Bu holga qiziqib qolgan Abdulloh ibn Ja’far (r.a.) quldan: «Kundalik ish haqingga nima olasan?», deb so‘radilar.
— Hozir ko‘rganingdek, har kuni shu uch burda non.
— Unday bo‘lsa, nechun butun ovqatingni itga berding?
— Bizning bu yerlarda it bo‘lmaydi, ma’lumki, bu hayvon uzoqlardan kelgan va och. Uni quvib yuborishni istamadim.
— Xo‘sh, endi sen nima yeysan?
— Ertalabgacha o‘zimni sirib, sabr qilaman.
Shunda Abdulloh ibn Ja’far (r.a.): «Bildimki, bu qul mendan ham jo‘mardroq ekan», dedilar.
Boz ustiga Abdulloh ibn Ja’far (r.a.) o‘sha bog‘ni butun mayda-chuydalari bilan sotib oldilar va qulni ozod qilib, bog‘ni unga hadya qildilar».
Bu yerda biz insonning hayvonga ko‘rsatgan jo‘mardligi, shafqatining guvohi bo‘lyapmiz. Bu esa axloqiy muhitni sog‘lomlashtirishda muhimdir.
Xulosa o‘rnida... Men bolaligimda guvoh bo‘lgan voqeadagi kuchuk bolalarini shafqatsizlarcha tiriklayin ko‘mib tashlagan «tog‘a»ning hayotida undan ham yomon fojea sodir bo‘ldi. Hech qancha o‘tmay turmush o‘rtog‘i o‘z joniga qasd qildi, qarovsiz qolgan ikki go‘dagi birin-ketin kasallikdan vafot etdi. Ular bir insonning shafqatsizligi qurboni bo‘ldi. Kuchukbolalarni osongina ko‘mib tashlagan johil odam xotiniga, farzandlariga ham mehr berolmadi...
Inson qachon shafqatsiz bo‘ladi. Oilada, yon-atrofida ana shunday beshafqatlikning guvohi bo‘lib voyaga yetganida. Menimcha har bir ta’lim muassasalarida jonli burchak tashkil qilinishi, bolalar ko‘z o‘ngida hayvonlarga kattalar tomonidan mehr ko‘rsatilishi kerak. Bolalar uchun hayvonlarga mehr uyg‘otadigan o‘zbek filmlari ishlab chiqaradigan vaqt allaqachon yetgan. Maktablardagi tabiat, ekoolam dars soatlarini bevosita ekskursiya bilan bog‘liq holda o‘tkazish, o‘quvchilarni «Rahmdil bo‘l», «Mehr va oqibat»tashabbuskor guruhlari faoliyatlari bilan uzluksiz ravishda tanishtirib borish maqsadga muvofiq. Axir bejizga yaxshi insonga sifat berishayotganda «Chumoliga ham ozor bermagan» degan iborani ishlatishmaydi. Bolalarni yoshligidan hayvonlarga ozor bermaslikka, ularga mehr qo‘yishga o‘rgataylik. Egasiga tobe hayvonning jovdiragan ko‘zlariga rahm qilgan bola ulg‘aygach insonga ham ozor bermaydi.
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter